Dialektikaning muqobillari. Odatda rivojlanishning dialektikaga zid bo‘lgan yoki unga o‘xshamaydigan konsepsiyalari, bilish metodlari, dunyoni ma'naviy o‘zlashtirish usullari, ya'ni dialektikadan farq qiluvchi dunyoqarashga doir va metodologik mo‘ljallar nazarda tutiladi. Dialektikaning shunday muqobillaridan biri metafizika, sofistika, eklektika, sinergetika metodlaridir (ular haqidagi ma'lumot “Metod va metodologiya: asosiy tushunchalar” mavzusida berilgan).
Umumiy o‘zaro aloqa va rivojlanishning dialektik tamoyillari. Har qanday konsepsiyaning mazmunini yoritishda uning tamoyillarini tahlil qilish ayniqsa muhim ahamiyat kasb etadi. Dialektika ham bundan mustasno emas. Tamoyillar nima?
Falsafiy ma'noda «tamoyil»(prinsip) tushunchasi fundamental qoida, birinchi asosni, biron-bir konsepsiya yoki nazariyaning eng muhim asosini anglatadi. Falsafiy nazariya sifatidagi dialektikaga tamoyillar yaxlit tus beradi, uning qonunlari va kategoriyalarini izchil tizimga soladi. Dialektikaning hozirgi konsepsiyalarida umumiy aloqadorlik va rivojlanish, tarixiylik, sababiylik, tizimlilik kabi tamoyillar muhim rol o‘ynaydi. Quyida bu tamoyilla.
Umumiy aloqadorlik tamoyili. Rang-barang dunyoda har bir ob'ekt ko‘p sonli xossalarga ega bo‘lib, ular boshqa ob'ektlar bilan o‘zaro aloqa jarayonida namoyon bo‘ladi. Boshqacha qilib aytganda, har qanday tuzilma boshqa tuzilmalar bilan aloqaga kirishish orqali namoyon bo‘ladi. Shunday qilib, har bir ob'ekt o‘zga ob'ektlar bilan qonuniy bog‘lanadi va bu ob'ektlar bilan o‘zaro ta'sirga kirishish jarayonida ishtirok etadi.
Aloqa. Falsafada aloqa deganda makon yo vaqtda bir-biridan muayyan masofada uzoqlikda joylashgan ikki yoki bir necha hodisa yoki ob'ektning o‘zaro aloqa jarayoni tushuniladi. Ob'ektlar diskretlik, shakllanganlik va nisbatan mustaqillikdan mahrum bo‘lgan joyda aloqalar mavjud bo‘lishi mumkinmi? O‘z-o‘zidan ravshanki, shakllangan, nisbatan mustaqil narsalar mavjud bo‘lmagan joyda aloqa mavjudligini taxmin qilish ham mumkin emas. Shu sababli umumiy aloqa kategoriyasi «narsa», «uzluklilik», «uzluksizlik», «cheksizlik», «tuganmaslik» tushunchalari bilan tavsiflanadi. Hozirgi ilmiy bilimga tayanuvchi borliqning falsafiy talqini olamning universal yaxlitligini, dunyoning birligini ochib beradi. Dialektika kategoriyalari borliqning universal aloqalarini bilish shakli hisoblanadi.
Aloqalarning universalligi ularning tiplari va turlarining rang-barangligida namoyon bo‘ladi. Aloqalarni tasniflash turli asoslarga ko‘ra amalga oshiriladi. Xususan, bir tomonlama va o‘zaro aloqalar, to‘g‘ri va egri aloqalar, bevosita va bilvosita aloqalar, ichki va tashqi aloqalar farqlanadi. Hajm jihatidan aloqalar umumiy, alohida va xususiy bo‘lishi mumkin. Mazmun jihatidan genetik, funksional, strukturaviy, energetik, moddiy, informatsion va boshqa aloqalar farqlanadi. Aloqalarning butun rang-barangligi fanning qaysidir bir tarmog‘i doirasida tadqiq etilishi mumkin emas. Ularning muayyan turlari maxsus fanlarning predmeti hisoblanadi. Dialektika borliqning barcha jarayonlariga xos bo‘lgan umumiy, muhim, universal aloqalarni o‘rganadi. Fan borliqning universal qonunlarini tashkil etadigan ichki, zaruriy, muhim, barqaror, takrorlanuvchi aloqalarga alohida e'tibor beradi. Umumiy aloqalar dialektika kategoriyalarida yoritiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |