1-MODUL. AHOLI GEOGRAFIYASI VA DEMOGRAFIYA ASOSLARI FANI MAZMUNI. AHOLINING SONI, DINAMIKASI. AHOLINING TABIIY VA MEXANIK HARAKATI 1–MAVZU. Aholi geografiyasi va demografiya asoslari fanining predmeti, nazariy, ilmiy-amaliy asoslari va tushunchalari
Reja:
1. Aholi geografiyasi va demografiya asoslari fanining ob’yekti, predmeti
2. Aholi geografiyasi va demografiya asoslari fanining mazmuni va vazifalari.
3. Fanning asosiy geografiya fanlari tizimida o‘rni, aloqador fanlar bilan bog‘liqligi.
Aholi deganda ma’lum hududda yashayotgan kishilar guruhiga tushuniladi.
Aholi geografiyasi iqtisodiy geografiyaning muhim va alohida tarmog‘i hisoblanadi - chunki iqtisodiy geografiyaning asosiy vazifasi, ishlab chiqaruvchi kuchlarning hududiy joylanishi qonuniyatlarini o‘rganishdir. Aholi har qanday jamiyatning asosiy ishlab chiqarish kuchidir. Ishlab chiqarish protsessida inson mehnati eng aktiv elementdir. Chunki jamiyat hayoti uchun zarur bo‘lgan barcha boyliklar inson mehnati natijasida yaratiladi.
Taraqqiyot jarayonida aholining shaxsiy iste’moli bilan birga aholining o‘zi ham takror barpo qilinadi, ya’ni kishilar avlodlari tarbiyalanadi, voyaga yetkaziladi. Shuning uchun ham aholini geografik jihatdan o‘rganayotganda uch narsaga e’tibor berishimiz kerak:
1. Aholi moddiy boylik ishlab chiqaruvchi kuch, barcha moddiy ne’matlarni yaratuvchisi.
2. Aholi ishlab chiqarilgan ijtimoiy mahsulotlarni ma’lum qismini iste’molchisi.
3. Aholi butun ijtimoiy takror ishlab chiqarish jarayonini asosiy qismi bo‘lib, o‘zi ham takror barpo qilinishi zarur.
Har qanday iqtisodiy geografik muammolarni hal qilishda aholiga xos bo‘lgan shu xususiyatni o‘rganish zarur. Shuning uchun ham aholi geografiyasi iqtisodiy geografiyaning tarkibiy qismidir.
Aholi geografiyasi iqtisodiy geografiyaning bir tarmog‘i bo‘lishi bilan birga boshqa tarmoqlar sanoat geografiyasi, transport geografiyasi, qishloq xo‘jaligi geografiyasi orasida alohida o‘rin tutadi.
Aholi geografiyasi aholining tarkibi, dinamikasi va joylashuvidagi regional farqlarki, bu farqlarni vujudga keltiradigan qonuniyatlarni, aholi punktlarining hududiy tizimlarini va ularning rivojlanish qonuniyatlarini o‘rganadi.Shuningdek aholi geografiyasi aholining yer shari bo‘yicha, ayrim davlatlar hamda rayonlar bo‘yicha xarakatini o‘rganadi.
Aholi geografiyasining muhim tushunchalaridan biri - aholining hududiy joylashish formalaridir.
Aholi geografiyasining yana bir muhim tushunchasi - aholining funksional gruppaga bo‘linishi. Aholi uchta funksional gruppaga bo‘linadi:
1. Moddiy ishlab chiqarish tarmoqlarida ishlovchilar - (sanoat, qishloq xo‘jaligi va transport).
2. Xizmat doirasi sohasida ishlovchilar (savdo, maorif, sog‘liqni saqlash, kommunal xo‘jalik, shahar transporti xodimlari).
3. Ijtimoiy ishlab chiqarishda ishtirok etmaydiganlar (bolalar, uy bekalari,qariyalar)
Undan tashqari aholining migratsiyasi bilan bog‘liq bo‘lgan ham bir qancha qonuniyatlar bor.
Aholi geografiyasi quyidagi yo‘nalishlarga bo‘linadi:
1. Aholi tarkibi va uning takror barpo qilinishidagi geografik farqlar va bu farqning sababini o‘rganish;
2. Mehnat resurslari va ulardan foydalanishdagi geografik farqlarni o‘rganish;
3. Aholining hududiy taqsimlanishi va ularning harakatini o‘rganish;
4. Aholi punktlari va ularning hududiy tizimini o‘rganish;
5. Aholining madaniyati va turmush sharoitidagi farqlarni va ularning sababini o‘rganish;
6. Tarixiy aholi geografiyasi. O‘tgan tarixiy davrlarning aholi geografiyasini o‘rganish.
7. Aholini xaritaga tushirish.
Do'stlaringiz bilan baham: |