1 - Mashg’ulot
Mikroskopning tuzilishi va u bilan ishlash qoidalari.
Reja: 1.MBI –1 rusumli biologik mikroskopning tuzilishida asosiy qismlar va ularning vazifalari.
2. Mikroskopning kichik (8 x) va katta (40x, 90x) obyektivlarida buyumni kurishda talab etilgan qoidalar.
3. Mikroskopda kuriladigan buyumdan vaqtinchalik mikropreparatlar tayyorlash va kurish usullari.
Kerakli jihozlar: mikroskoplar, yoritgich chiroqlar, tayyor gistologik preparatlar jamlanmasi, amaliyot darsi uchun uslubiy qullanmalar, amaliyot darsi uchun daftarlar, oddiy qalamlar va ruchkalar.
Darsning asosiy maqsadi - Monokulyar (MBI-1) va binokulyar (MBS-1) mikroskoplarining hamda boshqa turdagi optik asboblarining tuzilishi va ulardan foydalanish qoidalarini o’rganish.
Mashg’ulot uchun turli rusumli (MBR-1, MBI-1, MBI-3, MBS-1) mikroskoplar; mikroskopni tuzilishini aks ettiruvchi jadvallar; qo’l va shtativli stol lupalari; tomizg’ich (pipetka)lar, toza suvli shisha, stakanlar, buyum va qoplag’ich oynalar, toza paxta, filtr qog’ozlari, mum yoki plastilin, yumshoq gazlama (salfetka) parchalari; turli-tuman qisqichlar (pinsetlar), anatomik va jarrohlik pichoqlari (skalpel), turli kattalikdagi qaychilar; entomologik va preporaval (to’g’rilagich) ignalar jihoz sifatida xizmat qiladi.
MBI-1 rusumli mikroskop uch qismdan: mexanik, optik va yorituvchi qismlardan iborat. Mexanik qismga shtativ (tutgich), taqasimon oyoq, tubus, revolver, buyum stolchasi, makrometrik vint yoki kremalyera, mikrometrik vint, kondensor vinti, buyum stolchasini yon tomon vintlari, stolcha ustidagi qisqichlar (klemmalar) kabilar mansubdir. Optik qismga okulyar va obyektivlar;yorituvchi qismga kondensor, diafragma va ko’zgu kiradi.
Ushbu qism va qismchalarning har biri ma’lum jarayonni bajarishga moslashtirilgan. Masalan, mikroskopning mexanik qismiga kiruvchi taqasimon oyoq uni stol ustida turg’un turishini ta’minlaydi. Shtativ esa mikroskopni bir joydan ikkinchi joyga o’tkazish uchun tutish joyi bo’lib xizmat qiladi. Shtativdan bir qancha qism va qismchalarni biriktirib quyish uchun ham foydalaniladi. Jumladan, shtativni yuqori tomonida naysimon tubus biriktirilgan bo’lib, uning yuqoridagi ochiq joyiga okulyar joylashtiriladi. Tubusning pastki shtativ bilan birlashgan joyiga revolver o’rnatilgan bo’lib, uning 2-3, ba’zan 4 ta doira shaklidagi rezbali teshiklari (joylar)ga har xil kattalashtirish quchiga ega bo’lgan obyektivlar o’rnatiladi. Shtativga o’rnatilgan ikki tomonlama (chap va o’ng) makrometrik vintning vazifasi shtativni tubus va obyektiv bilan birga yuqoriga kutarish yoki pastga tushirish vazifasini bajaradi. Bunday harakat amalga oshirilganda buyum stolchasi ustiga qo’yilgan buyum bilan obyektiv linzalari orasidagi (fokus oralig’i) masofa keskin o’zgarishi hamda buyumning aksi ko’ringuncha harakatga keltirish lozim bo’ladi. Mikrometrik (kichik) vint (u ham ikki tomonlama vintli) yordamida buyum bilan obyektiv linzasi oralig’idagi masofa ko’z ilg’amaydigan holatda o’zgartirilishi mumkin. Shunga binoan buyumni katta obyektivlar (40x, 90x) yordamida ma’lum organizmni ichki qismi yoki organoidlarini, shuningdek, ko’p hujayrali hayvonni ichki organ va to’qimalaridagi ma’lum mayda qismini aniqroq ko’rish uchun foydalanish maqsadga muvofiq bo’ladi. Shtativga o’rnatilgan kondensor vintidan esa buyum stolchasi ostidagi kondensorni yuqoriga yoki pastga harakatlantirish va yorug’lik o’tish miqdorini o’zgartirish uchun foydalaniladi. Shtativga buyum stolchasi ham o’rnatilgan. Uning o’rtasida doira shaklida teshik bo’lib, undan ko’zgu, diafragma va kondensordan o’tadigan yorug’lik buyum stolchasi ustiga qo’yilgan obektga o’tkazadi.
Buyum stolchasi ustidagi qisqichlar (klemmalar) buyum oynasini mahkam bosib turish vazifasini o’tasa, stolchaning ikki yon tomonidagi vintlar esa buyumni predmet oynasi bilan birga gorizontal tekislikda yon tomonlarga va oldinga yoki orqaga siljitishda foydalaniladi. Nihoyat tubusning shtativ bilan birlashgan joyida yana bitta vint bo’lib, u tubusni doimo bir holatda turishini ta’minlaydi.
Optik qismlardan okulyar metal halqalarga qo’yilgan linzalar sistemasidan iborat bo’lib, tubusning yuqorigi uchiga joylashtiriladi. Uning kattalashtirish kuchi ustki yuzasida raqam bilan belgilanadi. Shunga binoan MBR-1, MBI-1 va boshqa barcha ushbu rusumlardagi mikroskoplarda okulyarlar 7x, 10x va 15x raqamli xillardan iborat bo’ladi. Lekin birgina okulyarning o’zi buyumni yozilgan raqamda kattalashtirib ko’rsata olmaydi, balki buyumni necha marta kattalashganini bilish uchun okulyar va obyektivda ko’rsatilgan raqamlarning o’zaro ko’paytmasi hisoblab chiqariladi. Masalan, mikroskopda kuzatilayotgan buyumni 7x raqamli okulyar va 8 raqamli obyektivda ko’rilsa, ushbu raqamlarni ko’paytmasi 56 ga yoki 10x raqamli okulyar va 40 raqamli obyektiv ishlatilsa buyum 400 marta kattalashtirilgani ma’lum bo’ladi.
Optik qismga kiruvchi obyektiv ham okulyar singari linzalar sistemasidan iborat. Ushbu linzalar maxsus metall naychalarga joylashtirilgan va u revolverga o’rnatiladi. Obyektivlar 8, 40 va 90 raqamli bo’lib, ushbu raqamlar yon tomonida ko’rsatiladi. Mikroskopning 8 va 40 raqamli obyektivlari «quruq», 90 raqamlisi immersiyali (yog’li) obyektiv deyiladi, chunki buyumni ushbu obyektivda ko’rish uchun mikropreraratdagi qoplag’ich oyna ustiga bir tomchi kedr moyi tomiziladi va obyektivning pastki uchi ham ushbu moy tomchisiga tegiziladi. Shu bilan preparatning qoplag’ich oynasi bilan obyektivning linzasi oralig’idagi bo’sh joy moy bilan to’ldiriladi. Ushbu jarayonni amalga oshirishdan maqsad shuki, moy va obyektiv linzasini buyumga tushayotgan yorug’lik nurini sindirish kuchi deyarli bir xil bo’ladi. Bu esa kuzatilayotgan buyumni tiniq va aniq ko’rish imkonini beradi.
Yorituvchi qism. Buyum stolchasining tagida ko’zgu, kondensor va diafragma o’rnatilgan. Ko’zgu doira shaklda va ikki tomonlama, ya’ni bir tomoni tekis, ikkinchi tomoni botiq yuzadan iborat. Botiq yuza yorug’lik manbaidan tushadigan yorug’likni to’plab buyumga uzatsa, tekis yuzali tomoni yorug’likni bir tekis tarqatadi. Shunga binoan buyumni quruq obyektivlarda ko’rishda ko’zguning botiq tomonidan foydalanilsa, immersion obyektiv ishlatilganda ko’zguning tekis yuzali tomoni bilan yorug’lik olinadi. Ko’zgu shtativning pastki qismiga maxsus joyda erkin harakatchan qilib joylashtiriladi va uni yorug’lik manbaiga qaratib aylantirish mumkin.
Kondensor umumiy bitta halqaga o’rnashtirilgan ikkita linzadan iborat. Kondensor buyum stolchasi tagida harakatchan qilib joylashtirilgan. Uni harakatga keltirish uchun maxsus vint bilan ta’minlangan. Kondensorning vazifasi ko’zgudan kelgan yorug’lik nurlarini markazlashtirib buyumga o’tkazadi. Ushbu yorug’likni ba’zan yoyish yoki markazlashtirish lozim bo’lsa, kondensorni vint yordamida yuqoriga yoki pastga o’tkazish mumkin.
Diafragma kondensor halqasining ostiga o’rnatilgan bo’ladi. MBR-1 yoki MBI-1 (shuningdek MBI-2, MBI-3) mikroskoplarida «iris» markali diafragmalar o’rnatiladi. Bunday diafragma bir-birining ustiga aylanma qilib, o’rtada teshikcha qoldirilib joylashtirilgan metall plastinkachalardan iborat. Ushbu plastinkachalar bitta umumiy dastak (richag)ka birlashtiriladi. Dastakni harakatga keltirish orqali plastinkalar o’rtasidagi yorug’lik o’tkazuvchi teshikchani kichraytirish yoki kattalashtirish mumkin bo’ladi. Diafragma teshigi kichraytirilsa yorug’lik buyumning ma’lum bir qismiga tushadi, aksincha kattalashtirilsa, buyumning barcha qismi bir tekis yoritiladi.
Mikroskop bilan ishlash qoidalari
Mikroskop juda ham nozik optik asbobdir. Uning tuzilishi va qismlarining joylashishi hamda funksiyalarini bilmasdan ishga kirishish tavsiya etilmaydi. Shunga binoan mikroskop bilan ishni boshlash uchun uning tuzilishini puxta o’zlashtirish kerak.
Mikroskopni ish joyiga ko’tarib borishda uni o’ng qo’l bilan shtativini to’tgichidan ushlab ko’tarib, chap qo’l oyoqi ostiga qo’yiladi. Shu usulda bir joydan ikkinchi joyga (ishlash stoliga) ko’chiriladi. Agarda mikroskop uzoq vaqt ishlatilmagan bo’lsa, uning barcha qismlari yumshoq gazlama (salfetka) bilan tozalanadi. Tozalash uchun dag’al gazlama ishlatilsa, uning optik va yorituvchi qismlaridagi (kondensordagi) linzalar yuzasida tirnalgan chiziqlar paydo bo’ladi. Bu esa mikroskopni qisqa vaqt ichida ishga yaroqsiz qilib qo’yadi.
Mikroskop bilan ish boshlovchi talaba qo’yidagi qoidalarga rioya qilishi kerak:
1. Mikrokopni ish stoli ustiga shtativini o’zingiz tomonga qaratib qo’yib, uni chang va kirdan tozalab, chap yelka tomonga yaqin o’rnatiladi, chunki ishlovchi okulyarga har doim chap ko’z bilan qarashi kerak bo’ladi.
2. Ko’zgu buyum stolchasi tagidagi maxsus joyga o’rnatiladi, kondensor buyum stolchasi tagiga yaqin kutariladi, diafragma teshikchasi kattalashtiriladi, revolverni aylantirib 8 raqamli obyektiv buyum stolchasi ustiga perpendikulyar (tik) qilib o’tkaziladi. Obyektivni o’z joyiga tushganligiga ishonch hosil qilish uchun «tiq» etgan nozik tovush (to’rtki) eshitilishi kerak.
3. Mikroskopni yon tomonidan qarab, makrometrik vintni aylantirib obyektiv buyum stolchasiga taxminan 0,7-0,8 sm masofa qolgancha tushuriladi.
4. Okulyarga chap ko’z bilan qarab (o’ng ko’z ham ochiq qolishiga odatlanish lozim) ko’zguning botiq yuzali tomonini yorug’lik tushadigan manbaga qaratib harakatlantirib mikroskopda sutdek oq ko’rish maydoni hosil qilinadi.
5. Mikroskopda yorug’lik maydoni hosil qilinganidan so’ng, buyum stolchasini ustiga ko’riladigan buyumli (obektli) mikropreparat qo’yiladi. Preparatni buyum stolchasi ustiga qo’yishda, o’rganiladigan buyum stolchaning o’rtasidagi teshikni markazida bo’lishiga harakat qilish lozim, aks holda u ko’rish maydonchasidan chetda qolib ketishi mumkin. Buyumli preparat klemmalar (qisqichlar) bilan qistiriladi.
6. Mikroskopni okulyariga qarab, makrometrik vint yordamida tubusni ehtiyotlik bilan pastga yoki yuqoriga harakatlantirib, buyumni aniq ko’rinishini (fokus oralig’ini) topish kerak. Kuzatilayotgan buyumning shakli, tuzilishi va ichki qismlari aniq ko’rinsa, uning rasmini chizib olish lozim bo’ladi. Buning uchun albatta amaliyot mashg’ulotlari uchun to’tilgan daftar (shuningdek rasm daftari)ga ko’rilgan hayvonning shakli, tashqi va ichki tuzilishi chizib boriladi. Okulyarga chap ko’z bilan qarab, lozim bo’lsa chap qo’l bilan makrometrik vintni qisman ohista aylantirib, o’ng qo’l bilan yozuv va chizish ishlari olib boriladi.
Agar buyumni katta (40 raqamli) obyektivda ko’rish kerak bo’lsa, qo’yidagi talablarni bajarish lozim.
1. Buyumni yoki uning biron-bir qismini kattalashtirilgan holatda ko’rish uchun okulyarga qarab, buyum stolchasi yonlaridagi vintlardan foydalanib, ko’rish maydonining markaziga olib kelinadi hamda yana bir bor buyumni aniq ko’rinishi o’rnatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |