"Mahbub ul-qulub" - ijtimoiy-tarbiyaviy asar. Unda muallif o’z qarashlarini ham izchil mantiqiy bayon orqali, ham jumlalardagi ta’sirchanlik, badiiy tasvir vositalarining maxsus tanlanishi orqali izhor qilishgan. Shu jihatdan shoirning uchinchi qismdagi oshiqlar ("siddiqlar"), ya’ni tasavvuf ahliga munosabatida ular e’tiqodiga ehtirom tuyg’ulari bilan bir paytda ularning moddiy dunyo, real insonlar tashvishidan uzoqlashib ketganliklari, "xalq g’amidin g’ami" yo’qligiga muayyan ishoralar ham mavjud.
Xalqimiz aytadiki, bir ish qilsang “xolisanlilloh” qilgin, ya’ni xolis Alloh taolo yo’lida qilingan har bir ish xayrlidir, agar unga xudbinlik, g’araz aralashsa, yaxshiday ko’ringan ish ham yomonlikka olib kelishi mumkin. Navoiy nazdida “xavos ishqi” insonning insonga bo’lgan ayni shunday Haq yo’lidagi har qanday g’arazdan xoli, pok mehridir. Ana shunday ishq namoyandalarini shoir “ishq ahlining pokbozlari”, deb ataydi. Ular qatorida Amir Xusrav Dehlaviy, Shayx Iroqiy va Xoja Hofiz Sheroziylarni sanab ko’rsatadiki, bulardan ikki ustoz shoir va mutafakkirni adib “haqiqat asroriga majoz tariqin maxlut qilgan”lar qatorida eslab o’tgan edi. Shayx Faxriddin Iroqiyning qarashlari ham ularning yondoshuvi bilan mushtarakdir.
Navoiy pok insoniy ishqni oshiq uchun o’zlikni anglash yo’li, “Haqiqat asrori” ganjinasining kaliti deb biladi. Shoir “Layli va Majnun” xotimasida yozadi:
Ey ishq, g’arib kimiyo sen, Bal oyinai jahonnamo sen. Ham zotingga darj kimiyoliq, Ham oyinai jahonnamoliq... Xurshedi jahonkushoy sensen, Mir’oti jahonnamoy sensen,
Kim qildi senga nazarni ravshan, Ko’rdi eru ko’kdagin muayyan. Chun boqqali ixtiyor topti,
Har soriki boqti yor topti.75
Ko’rinib turiptiki, shoir muhabbatga g’aroyib kimiyo, ya’ni misni oltinga aylantira oluvchi sehrli kuch, insonga Borliq sirlarini oshkor qiluvchi ko’zgu, deb ta’rif bermoqda. Alisher Navoiy, salaflar izidan borib, "ishq" tushunchasiga, birinchi navbatda, ijtimoiy- axloqiy munosabatlar nuqtai nazaridan qaraydi, shu asosda "majoziy ishq"ni voqe’ hayotdagi insonlar aro muomalada birinchi o’ringa chiqaradi, o’zak mohiyatga aylantiradi. Inson ma’naviy kamoloti darajasini ushbu mahak toshiga urib o’lchaydi.
“Farhod va Shirin” dostonida Qadim Yunon falsafasining timsoli bo’lmish Suqrot Farhodning kelajak taqdiridan bashorat etar ekan, unga nasihat qilib, bu dunyoning o’tkinchiligi, inson hayotidan asl maqsad "ishqi haqiqiy", ya’ni Haq vasliga intilish ekanligi, buning uchun inson, avvalo, o’zligidan, ya’ni xudbin nafsining hoyu-havaslaridan kechmog’i lozimligini ta’kid etib, aytadi:
Bu o’zlukdin qutulmoq chorasozi, Nima yo’q, o’ylakim ishqi majoziy... Majoziy ishq bo’ldi subhi anvar, Haqiqiy ishq anga xurshedi xovar... Sening olingdadir ishqi majoziy,
Ki jisming o’rtabon so’zu gudozi - Ham ovozangni ofoq ichra solg’ay,
Ham ovozing ko’xan toq ichra solg’ay.76
74 Alisher Navoiy. Mahbub ul-qulub. 1983, s.54. (Ushbu uchinchi ishq ta’rifi qaramlik davrida ommaviy nashrlarda tushirib qoldirilardi va faqat arab yozuvida bosilgan yig’ma nusxadagina mavjud edi. Biz uni tushunarli bo’lishi uchun faqat nasriy bayonda ifoda etdik – muallif.)
75 Alisher Navoiy. Xamsa. T., 1960, s.447
76 O’sha asar. S.219
124
Demak, “majoz tariqi” namoyandalari nuqtai nazariga ko’ra, pok oshiq uchun Borliq sirlarini namoyon etuvchi qudrat – ishq ekan.
“Majoz tariqi” nima?
(Xulosa)
Alisher Navoiy dastlab o’zi ham "majoziy ishq" deb ishlatib kelgan hodisani “Mahbub ul-qulub” asarida mohiyatan alohida ikki turga farqlab, birini “avom ishqi” va ikkinchisini “xavos ishqi” deb nomladi. Shu bilan Farhod va Shirin, Layli va Majnun kabi boshdan-oyoq pok tuyg’ularga yo’g’rilgan "alohida fazilat egalariga xos ishq"ning ko’pchilik yigit-qizlar orasidagi oddiy “oshiq-ma’shuq”likdan ham, tasavvuf ahli “ishqi haqiqiy” deb atagan irfoniy intilishlaridan ham butunlay farq qiluvchi mumtoz bir tuyg’u, alohida holat ekanligini maxsus ta’kid etishga erishdi. Suqrot tilidan "haqiqiy ishq" yo’lida bir vosita sifatida ta’rif etilgan "majoziy ishq" oxir-natijada Navoiy badiiyat olamida mustaqil hodisa sifatida o’zligini namoyon etdi. Bu hodisaning mohiyati shunda ediki, unda insonning Oliy haqiqatga, Haqqa, Borliqning mohiyatiga munosabati uning o’zga insonlarga, atrof-voqelik, mavjud jamiyatga munosabati bilan uyg’unlik hosil qilardi. Badiiy ijod mazmunidagi mana shu teranlikka erishish yo’li “majoz tariqi” deb nom oldi. Milliy ma’naviyatimiz takomilidagi ushbu eng yuksak bosqichni alohida inson ma’naviy kamoloti jarayoniga tatbiq etsak, uni biz bugungi tilda “mehr ma’rifati” deb ataganimiz ma’qul.
“Majoz tariqi” bosqichi islom mintaqa ma’naviyati takomilining eng oliy pog’onasi bo’lib, Tavhid ta’limotining eng mukammal talqini deb, qarash mumkin. “Haqiqat asrori“, ya’ni Tavhid mazmunini “majoz”, ya’ni ushbu zohir bo’lib turgan olamdan qidirish, Haq asrorini anglab etish uchun xolis niyat, pok ko’ngil bilan “majoz”ni, “foniy”, o’tkinchi dunyo, “surat” ni tadqiq etish, tushunib etish orqali Haqiqatni, “ma’noni” anglashga urinish, birinchi navbatda, inson qalbiga quloq tutish, samimiy va beg’araz mehr bilan o’zgalar qalbiga yo’l topish, Insonlarni, tabiatni tushunish orqali Haq asrorini, Tavhid mohiyatini idrok etish - “Majoz tariqi”ning buyuk ajdodlarimiz Xusrav Dehlaviy va Bahovaddin Naqshband, Hofiz Sheroziy va Lutfiylardan meros bo’lib, Alisher Navoiy ijodida o’zining eng mukammal ifodasini topgan o’ziga xos dunyoqarash, tafakkur tarzining mohiyati, asl o’zagidir. Bu bosqich yagona islom mintaqa ma’naviyati takomilining qonuniy yakuni bo’lib, turkiy tilda, o’zbek mumtoz adabiyotining bobokoloni ijodida avj nuqtaga erishdi. Bu dunyoqarashni butun ichki murakkabligi, ko’lami va teranligi bilan o’sha davr sharoitida faqat badiiy adabiyotda, badiiy timsollar tili bilangina ifodalash mumkin edi. Zero, “majoz” tushunchasi o’zi badiiy adabiyot tilining asosiy xususiyatiga oiddir.
Do'stlaringiz bilan baham: |