b) Islom mintaqa madaniyatida ishq mavzusi
Adabiyotning asosiy mavzusi insonning ruhiy kechinmalari bo’lsa, bular ichida eng go’zali, eng yuksak darajasi, eng ta’sirchani ishq-muhabbatga oid kechinmalar bo’lib, shu sababli ishq mavzusi butun zamon va makonlar adabiyotida etakchi mavzu sifatida ko’zga tashlanadi.
Navoiy she’r ishq haqida bo’lmasa, bekorchi so’z deb hisoblaydi: "So’zkim dard choshnisidin harorati bo’lmag’ay va nazmkim, ishq haroratidin hirqati bo’lmag’ay, nursiz sham’ bil va sarvarsiz jam’ gumon qil. Hosilikim, so’zga bu taronadur va mundin o’zga barcha afsonadur va so’z ishq so’zidur va ko’ngulda hayot nash’asi ishq o’zidur". Ya’ni, shoir nazarida inson hayotining mazmuni va zavqi ishqdan tashqari emas.
Ibn Sinoning “Ishq haqida risola”(Risola fi-l-ishq) asarida “Poklik birodarlari” (“Ixvon us-safo”) va Forobiyning bu mavzudagi falsafiy mushohadalarini ijodiy rivojlantirib, ishqni ruhiy hodisa mazmuni sifatida tadqiq etadi. Ibn Sino ishqni (bir narsaga moyillik ma’nosida) barcha tabiat unsurlariga xos deb biladi va inson ishqidagi hayvoniy va ruhoniy jihatlarni ajratib ko’rsatadi62. Olim fikriga ko’ra ulardan qaysi biri g’olib kelishiga qarab inson ishqi hayvoniy hirsdan ilohiy ishq sari ulug’lashib boradi. Alloh ma’rifatiga intilish ishqning eng oliy darajasidir, deb hisoblaydi Ibn Sino.
G’azzoliyning “Diniy ilmlarning tiklanishi”(“Ihyoi ulum-ad-din”) kitobi to’rtinchi qismi “Najotga eltuvchilar”(“Munjiyot”) atalib, uning tarkibidagi “Ishq haqida kitob”da bu insoniy tuyg’u kimga yo’naltirilganiga ko’ra besh turga ajratiladi:
Insonning o’z-o’ziga muhabbati.
Uning o’z homiylari, unga mehr-shafqat ko’rsatuvchilarga muhabbati. 3.Uning umuman insonlarga yaxshilik qiluvchilarga muhabbati.
Insonning barcha ichki va tashqi go’zallik egalariga muhabbati,
Mohiyat jihatdan o’ziga o’xshagan zotga muhabbati.63
62 Serebryakov S. B. Traktat Ibn Sinы (Avitsennы) o lyubvi. Tbilisi, 1976, s. 47-68
63Abu Xamid al-Gazali. Voskreshenie nauk o vere. M.-«Nauka»-1980,s. 238.
121
Ushbu barcha muhabbat turlari G’azzoliyning keyingi mantiqiy tahlili natijasida insonning butun borliq va mavjudotlarning yaratuvchisi va xojasi Allohga bo’lgan muhabbatida yagona oliy tuyg’uga birlashadi.
Tasavvuf ta’limotida ushbu qarashlar umumlashtirilib, oxir-natijada “ishqi haqiqiy” va “ishqi majoziy” tushunchalari shakllandi. Ularning birinchisi Allohga muhabbat, ya’ni “ishqi ilohiy” ma’nosida bo’lib, Haq vasliga intilish, faqat uning xayoli bilan yashashni bildirsa, ikkinchisi - insonlarning bir-biriga, foniy dunyo ashyolariga bo’lgan ishqi sifatida talqin etildi va ko’p hollarda biri ikkinchisiga zid qo’yildi. Masalan, buyuk tasavvuf shoiri Farididdin Attor eng mashhur asari “Mantiq ut-tayr”da qushlarni Simurg’ sari da’vat etuvchi Hudhud tilidan shunday xitob qiladi:
... Ey, giriftori majoz,
Az sifat duru ba surat monda boz64. (...Ey, majoz tuzog’iga ilingan, (ichki) sifatdan uzoqlashib,
(tashqi) suratga mahliyo bo’lib qolgan.)
Navoiy yigitlik chog’laridan Jomiyni o’ziga pir tutgan, undan tasavvuf irfoni bo’yicha maxsus ta’lim olgan. “Mahbub ul-qulub”da shoir ustozini “haqiqat va majoz tariqida komil va ilmi har ikkalasi tariqida vofiy va shomil”, deb ulug’laydi. Darhaqiqat, Jomiy nafaqat irfoniy tuyg’ular ifodasida, balki majoziy ishq tasvirida ham nihoyatda yuksak mahorat ko’rsata olgan. Ammo Yusuf va Zulayho, Layli va Majnun, Solomon va Ibsollarning otashin muhabbatini ehtiros bilan gavdalantirib bergach, asar oxirida baribir barcha majoziy timsollarning irfoniy sharhini berishni unutmaydi. Ya’ni Attor kabi Jomiy uchun ham “majoziy ishq” ramzdir, allegoriyadir.
Lekin “majoz tariqi” namoyandalari Nizomiy, Dehlaviy, Sa’diy, Hofizlar uchun majoziy ishq (ya’ni foniy olam mavjudotlarining bir-biriga muhabbati) mustaqil qiymatga ega. Amir Xusrav “Shirin va Xusrav” dostoni kirish boblarida yozadi:
Fidoyi ishq shav, gar xud majozist, Ki davlatro dar-u po’shida rozist, Haqiqat dar majoz inak padid ast,
Ki fathi on xazina z-in kalidast.65
(O’zingni ishqqa baxsh et, agar u majoziy bo’lsa ham, Chunki unda saodat sirlari yashirindir.
Haqiqat majozda shunday o’zini namoyon etadiki,
Ul xazinani qo’lga kiritmoq imkoni ushbu kalit orqali bo’ladi.)
Shoir “majoziy ishq”qa ta’rif berish bilan cheklanib qolmay, o’z davridagi ba’zi “ishqi haqiqiy”dan lof uruvchilarga dashnom berishni ham lozim topadi:
Tu k-az “ishqi haqiqiy” lofiy, ey do’st, Xaroshi so’zane benmoy dar pust,
Tu k-az bongi sage az din shavi fard,
Nadori sharm az-in imoni bedard.66
(Ey, sen “ishqi haqiqiy” dan lof uruvchi do’st, Badaningga bir igna qadalishini tasavvur qilib ko’r. Nogahon it “vov” desa cho’chib dindan chiqib ketasanu,
Yana bunday “dardsiz imon”ingni ko’z-ko’z qilgani uyalmaysanmi?)
Amir Xusrav “Xamsa”dan keyin yozilgan tarixiy ishqiy dostoni “Duvalroniy va Xizrxon“ qahramonlarining muhabbati ham majoziy ekanligini alohida ta’kidlab ko’rsatadi:
Chu ishq andar majozash jilvagoh dod
64 Sittayi Farididdin Attor (O’zFA Sharqshunoslik instituti qo’lyozmalar xazinasi, inventar
№813), 17a-varaq.
65 Amir Xusrau Dixlavi. Shirin i Xusrau. M.-«Nauka»-1979, s. 40
66 O’sha kitob, s. 40
122
Majozash bar puli tahqiq rah dod.67
(Ishq o’z majozida namoyon bo’lgani sababli,
Bu majoz Haqiqatni anglab etish uchun ko’prik bo’ldi.)
Ko’rinib turiptiki, bunday yondoshuv Payg’ambarimiz(s.a.v.)ning “al-majozu qantarat ul-haqiqat” (majoz haqiqatning ko’prigidir) degan mashhur hadislariga tamomila muvofiq kelmoqda. Alisher Navoiy “Xazoin ul-maoniy”ning oxirgi devoni “Favoid ul-kibar”da ushbu yondoshuvni to’liq quvvatlab maxsus qit’a bitadi:
Ko’rmasa husni majozi ichra juz Haq sun’ini, Oshiqekim bo’lsa ishq atvori ichra pokboz.
Zohido, bu ishqdin man’ aylama oshiqnikim,
Gar sen idrok aylasang, ayni Haqiqatdir majoz.68
Ammo “majoziy ishq”ni insonlarning bir-biriga muhabbati deb tushunilsa, voqelikka bu masalani tatbiq etganda bir murakkablik vujudga kelardi. Ya’ni insoniy muhabbat hayotda doimo beg’araz bo’lavermasligi ma’lum bo’lib, bu endi oshiqning ma’naviy saviyasi bilan bog’liq edi. Alisher Navoiy ijodiy yo’lining nazariy xulosasi bo’lmish “Mahbub ul-qulub” risolasining ikkinchi qismidagi “Ishq zikrida” atalmish 10-bobida ushbu muammoni mukammal hal qilib berdi. Unda adib ishqni uch qismga ajratadi va ularga shunday ta’riflar beradi:
“Avvalg’i qism avom ishqidurki, avomunnos orasida bu mashhur va shoedurkim, derlar: “Falon falong’a oshiq bo’lubtur”. Va bu nav’ kishi har nav’ kishig’a bo’lsa bo’lur, shag’ab va iztiroblaricha lazzati jismoniy va shahvati nafsoniy emas va bu qismning biyikrak martabasi shar’iy nikohdurkim, bari xaloyiqqa sunnatdur va muboh. Va pastroq martabasida parishonliq va mushavvashliqlar va besomonliq va noxushliqlareki zikri tarki adabdur va bayoni behijobliqqa sabab.”69
(Qisqartirilgan nasriy bayoni: “Birinchi qism oddiy odamlar (avom) ishqi bo’lib, xalq orasida mashhur va keng tarqalgandir... Bu ishq jismoniy lazzat va shahvoniy nafs bilan chegaralanadiki, oliy martabasi - sha’riy nikohdir... Quyiroq martabasida janjal, tashvishlar, ko’ngilsizlik va sharmandaliklar ko’rinadiki, bu haqda so’zlash - odobsizlik, bayon etish hayosizlikdir”).70
“Ikkinchi qism xavos ishqidurkim, xavos ul ishqqa mansubdurlar. Ul pok ko’zni pok nazar bila pok yuzga solmoqdur va pok ko’ngil ul pok yuz oshubidin qo’zg’almoq va bu pok mazhar vositasi bila oshiqi pokboz mahbubi haqiqiy jamolidin bahra olmoq”.71 ("Ikkinchi qism - alohida fazilat egalariga xos ishq bo’lib, bu xos ishqqa mansub shaxslar pok ko’zni pok niyat bilan pok yuzga soladilar va pok ko’ngil u pok yuzning shavq-zavqi bilan beqaror bo’ladi. Va bu pok yuz vositasi bilan pok oshiq haqiqiy mahbubning jamolidan bahra oladi”).72
"Uchinchi qism siddiqlar ishqidurkim, Oliy haqiqatning tajallisi (nurlanishi) jamolig’a uning (moddiy olam mavjudotlari qiyofasidagi) ko’rinishidan tashqari, bevosita maftun bo’lganlar va o’zlarini shu yo’lga taslim etganlar va ushbu (oliy haqiqat jamolini bevosita) ko’rishga intilish behushligida idrok qilish qobiliyati ulardan begona bo’lgan. Ularni (Oliy haqiqatni bevosita) ko’rish (istagi) butkul g’arq etgan va ular g’arq bo’lishdan o’tib, halok bo’lish darajasiga etganlar"...73 "Agar hodisalar bo’roni osmon gulshanining bir qabatini uchirib ketsa - ular bexabar va agar yulduzlar gulbargini har tomonga sovursa, bularga ta’sir qilmaydi.
67 Amir Xusravi Dehlavi. Duvalrony va Xizrxon. Dushanbe-«Donish»-1975, s. 224
68 Alisher Navoiy. Mukammal asarlar to’plami. 6-j. T. 1990, s. 512-513
69 Alisher Navoiy. Asarlar. 13-jild. T., 1966 s.42
70 Alisher Navoiy. Mahbub ul-qulub, T., 1983, s.51-52
71 Alisher Navoiy. Asarlar 13-j., s.42.
72 Alisher Navoiy. Mahbub ul-qulub, s.52
73 Alisher Navoiy. Mukammal asarlar to’plami., 14-j. T., 1998, s.70
123
Ularning hislari Haq jamolini ko’rish tashvishi bilan ishdan chiqqan, shavq-zavqlari esa, unga bo’lgan ishq hujumlari ostida yo’qolib bitgan..."74
Do'stlaringiz bilan baham: |