Qarnoqiyning Ulug‘bek Mirzo hurmati uchun Ali Qushchiga yordam ko‘rsatishi sababini tushuntiring.
Ali Qushchi shubhalansa-da, xazina, kitoblar va, hatto, o‘z hayotini Qalandar ixtiyoriga topshirishi sababini anglating.
Usta Temur Samarqandiy harakatlari, so‘zlash yo‘siniga qarab, uning shaxsiyatiga tavsif bering.
Mirzo Ulug‘bek Ko‘ksaroyning chekkasidagi bir xonada o‘z yog‘iga o‘zi qovrilib yotibdi. Eshikdagi yasovul, hatto, tahoratga ham chiqarmaydi, tahorat suvini ichkariga beradi. Mirzo Ulug‘bek Ko‘ksaroyda yarim asr istiqomat qilib, bu xonani ko‘rmagan ekan. Xona sovuq va nimqorong‘i. Faqat shiftdagi tuynukchadan bir ho- vuchgina nur tushadi. Xonada gilam-u bir-ikkita ko‘rpacha. O‘rtadagi xontaxtada sovib qolgan kabob va meva-cheva. Bejirim chinni ko‘zachada — boda. Lekin ovqatdan shubhalangan Mirzo Ulug‘bek hanuz tuz totgani yo‘q. Faqat qumg‘ondagi suvdan bir-ikki qultum ich- di, xolos. Mana endi ochlik va uyqusizlikdan xayoli chuvalib, shiftdagi tuynukka tikilib yotibdi.
U kecha shahzodaga ikkita maktub yo‘llab suhbatga chaqirishni so‘radi. U toj-u taxtdan o‘z idroki va ixtiyori bilan voz kechmoqqa azm qilganini shahzodaga aytmoqchi va undan yolg‘iz bir narsani — qolgan besh kunlik umrini ilm-ma’rifatga bag‘ishlashiga imkon berishini so‘ramoqchi edi. Keyin, agar shahzoda quloq solsa, otalik nasiha- tini bermoqchi, insof va adolatga chaqirmoqchi edi. Yo‘q. Har ikka- la maktub ham javobsiz qoldi. Bu oqpadar o‘g‘ilning muddaosi ne? Yana qanday shumlikni boshlamoqchi? Taxt azmida hech narsadan tap tortmagan bu ko‘rnamak o‘z padarining joniga qasd qilmoq niyati-
da emasmu? Yo‘q, Mirzo Ulug‘bek o‘limdan qo‘rqmaydi! O‘lim haq, Parvardigori olam! Va lekin yomon bo‘lsa-da, o‘z pushtikamaridan yaralgan bu johil farzandining taqdiri ne bo‘ladi? O‘z qiblagohining joniga qasd qilib, padarkush degan mash’um nom olib, abadulabad badnom bo‘lmasmu? Xonaga birov kirdimi yo eshik g‘ichirladimi?
Mirzo Ulug‘bek ko‘zini ochdi. Ostonada paydo bo‘lgan yasovul orqaga chekinib, tanish semiz bakovulga yo‘l berdi. Bakovulning qo‘li- dagi og‘ir barkashda qip-qizil pishgan ikkita patir, bir tovoq osh va bir choynak choy bor edi. Bakovul bosh egib, ta’zim qildi-da, barkash- ni xontaxtaga qo‘ydi. Shoshilmay sovib qolgan kaboblarni yig‘ib oldi, so‘ng, indamay orqasiga tisarilarkan, patirga imo qilib ko‘zini qisdi. Mirzo Ulug‘bek uning imosiga tushunolmay bir patirga, bir bakovulga qaradi. Lekin bakovul indamadi, “ayg‘oqchi bor”, degan ma’noda eshikka imladi-da, yana patirga ishora qilib chiqib ketdi.
Mirzo Ulug‘bek patirni olib ushatdi, ushatdi-yu, hayron bo‘lib qoldi. Patirning orasidan naycha qilib o‘ralgan bir qog‘oz chiqdi. Mirzo Ulug‘bek yuragi “shig‘” etib, qog‘ozni ochdi. Imzo chekilma- gan. Noma’lum kimsa unga haq taolodan inoyat tilab, dorussaltanada bo‘layotgan hodisalardan voqif qilgan va bir maslahatni o‘rtaga tash- lagan edi.
Uning yozishicha, shahzodai valiahd dorussaltanani zabt etib, Ko‘ksaroyga kirishi bilan qiyomat-qoyim boshlangan, kecha masji- di jomeda xutba o‘qilib, Mirzo Ulug‘bek Movarounnahr g‘animi, deb atalgan va toj-u taxtdan judo qilingan. Xutbada Movarounnahr sul- toni deb, shahzodaning ismi zikr qilingan va uning nomida pul zarb etilmoqqa fatvo berilgan. Shahzoda bu kunlarda ko‘p zoti shariflarni, Mirzo Ulug‘bekning ko‘p navkarlari va sarkardalarini hibsga olgan. Qarshilik qilganlar esa qatl etilgan. Shahzoda uni, Mirzo Ulug‘bekni, Makkayi mukarramaga hajga yubormoqqa jazm qilgan. Lekin xutbada Sayid Abbos degan bir kimsa xonga yukunib, a’lohazratlaridan xun dovlagan. Zero, Ulug‘bek hazratlari uning padari buzrukvorini begunoh qatl qildirgan emish. Bu diyonatsiz kimsaning soxta dovi- ni qoziyul quzzot Xoja Miskin janoblaridan boshqa bir kimsa, hatto, shahzodaning o‘zi ham rad qilmagan. Alqissa, uning hayoti qil ustida turibdi, shu bois, noma’lum kimsa unga qochmoqni maslahat qilgan.
Basharti onhazratlari bu maslahatni maqbul topsa, bakovulga ishora qilmog‘i lozim. Bakovul posbonni dori bilan uxlatib, Mirzo Ulug‘bekni Ko‘ksaroy tagidagi lahimdan olib chiqadi.
Mirzo Ulug‘bek maktubni o‘qib tugatmasidanoq o‘rnidan turib ketdi. Uning ko‘ngliga kelgan birinchi fikr “tuzoq” bo‘ldi. Shahzoda, yo‘q, amirlar qo‘ygan azozil tuzog‘i!.. Mirzo Ulug‘bek hayajon ichida xonani bir aylanib chiqdi. Banogoh ko‘zi ushatilgan patirga tushib, ko‘nglidan yana o‘sha fikr o‘tdi: “Og‘u”...
Ha, bu ovqat, non, chinni ko‘zachadagi boda — hamma- si zaharlangan! Hammasiga og‘u solingan! Niyatlari uni zaharlab o‘ldirmoq! — dedi Mirzo Ulug‘bek, dedi-yu, xayoliga yana bir fikr kelib ma’yus jilmaydi:
“Alhol unga baribir emasmu? Kindik qoni to‘kilgan suyukli yur- tidan judo bo‘lib, yot ellarda, olis musofir yurtida darbadar kezganidan yoxud boshini Sayid Abbos qilichi kesganidan og‘u ichib o‘lgani maq- bul emasmu?”
Do'stlaringiz bilan baham: |