Qo‘chqor: — (Birpas o‘ylab turib) Nima deb yig‘layman.
Alomat: —So‘z yozib beraymi?
Qo‘chqor: — Yo‘g‘-e, endi yig‘lashni ham qog‘ozga qarab yig‘lasak, uyat bo‘lar?
Alomat: — Men odamlar haqida boshqacha tasavvurda edim. Ularning erki qo‘lida, nimani xohlasa shuni qiloladi, deb o‘ylardim. Nahotki, xulosalarim noto‘g‘ri bo‘lsa?
Qo‘chqor: —Haliyam erkimiz qo‘limizda.
Alomat: — Nega bo‘lmasa yig‘lolmayapsiz?
Qo‘chqor: — Endi, Alomatxon, dabdurustdan qiyin-da. Bir sabab bo‘lmasa.
Alomat: — Sabab topamiz.
Qo‘chqor: — Qanaqa qilib?
Alomat: — Gipnoz qilib.
Qo‘chqor: — Nima-pnoz?
Alomat: — Gipnoz. Qoida bo‘yicha, gipnoz faqat yolg‘ondan
iborat bo‘ladi. Masalan, tishi og‘rib turgan odamga „tishingiz og‘rima- yapti“, deb yolg‘on gapiriladi.
Qo‘chqor: — Yo‘q, men yolg‘on gapga yig‘lamayman.
Alomat: — Axir yolg‘on xuddi rostday qilib gapiriladi-da! Hamma ishonadi, hatto gapirayotgan odamning o‘zi ham! Qani, mundoq o‘tiring-chi. Boshladik. Ko‘zimga qarang. Bo‘shashing. G‘o‘daymang, bo‘shashing, deyapman. Yaxshi.
Qo‘chqor: — Qo‘ying, nima keragi bor, baribir yig‘lamayman.
Alomat: — Yig‘laysiz. (Qo‘llarini Qo‘chqorning boshi uzra harakatlantirib) Yig‘laysiz. Chunki, juda ezilgansiz. Yuragingizga qil sig‘maydi. Ich-ichingizdan bir nima toshib kelyapti. Hech kim- ning rahmi kelmaydi, birov dardingizga sherik ham bo‘lmaydi. O‘z yog‘ingizga o‘zingiz qovrilib yashayapsiz. Aft-angoringizga bir qarang, qirqqa kirgan qirchillama yigitsiz-u, ko‘rgan odam sizni ellikka kirgan deb o‘ylaydi. Qurib-qaqshab boryapsiz. Esingizni tanibsiz- ki, tinmay mehnat qilasiz, lekin hech biringiz ikki bo‘lmaydi. Ro‘zg‘or, bola-chaqa tashvishi deysiz, afsuski, bu tashvishlarning cheki yo‘q. Ertalabdan kechgacha chumoliday g‘imir-g‘imir qilasiz-u, rohatini ko‘rmaysiz. Kiyib olgan kiyimingizga qarang, yengil sanoat yetishti- rayotgan hamma brak mahsulot siz va sizga o‘xshaganlarga nasib qiladi. Bu nima? Shu issiqda kim neylon ko‘ylak kiyadi?
Qo‘chqor: — Magazinga kelgan ekan, arzongina deb.
Alomat: — O‘zingizga bir tashqaridan qarang, qaysi zamonda yashayapsiz, o‘zi? Kimga o‘xshaysiz? (Eski ko‘rpachalarni ko‘rsa- tib) „Paxtakorman“ deb ko‘kragingizga urasiz-u, ko‘rpangizga paxta topolmaysiz! Oyog‘ingizga ilib olgan kalishingiz qayerdan chiqqan? Yangiyo‘ldanmi, Toshkentdanmi?
Qo‘chqor: — (Oyog‘ini yig‘ishtirib.) Kalishmas, patinka.
Alomat: — Bu dunyoga kelib, nima ko‘rdingiz, Qo‘chqor aka? „Ikki marta Toshkentga borganman“ deb maqtanasiz, odamlar „Oq dengiz-u Qora dengiz“ qilib yurishipti! „Ha, endi ular boshqa- cha odamlarda“ deysiz. Qanaqa boshqacha? Nimasi boshqacha? Shu darajaga yetgansizki, bora-bora undaylarga havas ham qilmay qo‘ygansiz! Havas qilaverib, orzu qilaverib charchagansiz, holdan toygansiz!
Do'stlaringiz bilan baham: |