Uyga vazifa
Imlo qoidalarining ahamiyati, tinish belgilarining ishlatilishiga oid 10 ta test tuzing
va ularning o‘rtog‘ingiz tomonidan yechilishini nazorat qiling.
Mustaqil ta’lim yuzasidan topshiriq
Ish yuritish hujjatlaridan namunalar tayyorlash
Adabiy o‘qish: Zulfiya Mo’minova
Ayolga baxt bering, saodat bering,
Demang yuribdi-ku kulib, jilmayib.
Ayol kulib turib o‘lishi mumkin,
Dunyoni olishi mumkin jilmayib.
Ayolga baxt bering, saodat bering,
Gar ko‘zlari kulib tursa-da,
Bo‘g‘zining ostida necha ming hasrat,
Oy yuzlari kulib tursa-da...
Ko‘nglini ko‘taring hech bo‘lmaganda,
Qo‘lini silashga shafoat toping.
Yig‘lab turganida hech bo‘lmaganda,
Yoshini artishga muruvvat toping.
Nogoh yerga tushsa oppok ro‘moli,
Bosib o‘tmaslikka shafoat toping.
Chaqaloq yalagan etaklarini
Toza deb aytishga adolat toping.
Ayolga baxt bering, saodat bering,
Demang yuribdi-ku kulib, jilmayib.
Ayol kulib turib o‘lishi mumkin,
Dunyoni olishi mumkin jilmayib.
Ayolga baxt bering, saodat bering,
Illohi nur toping, hidoyat toping.
Illohi baxt bergan ayol yonidan
Baxtiyor o‘tmokqa inoyat toping.
Illohi qalqonsiz, illoh qo‘rg‘onsiz
G’iybatlar yirtmasin ko‘ylakkinasin.
Illohi hushyorsiz, illoh bedorsiz,
Itlar tishlamasin yurakkinasin.
8-mavzu. O‘zbek adabiy tili me’yorlari
I. Og‘zaki nutq:
▲ 1-tоpshiriq. Matnni diqqat bilan o‘qing va o‘z tushunchangizni keng turda bayon qiling.
Til me’yori haqida
Til birliklarinining vazifasi va qo‘llash doirasi mavjud. Ana shu vazifa va qo‘llanish doirasi til me’yori deyiladi.
Ijtimoiy jarayonda mavjud bo‘lgan va xalq orasida keng ishlatiladigan hamda barchaga ma’qul bolgan til birligi me’yor hisoblanadi. Masalan, adabiy tildagi “do‘ppi” so‘zi va uning lug‘aviy ma’nosi boshga kiyiladigan, turli ko‘rinishdagi, san’at darajasida mohirlik bilan ishlangan bosh kiyimini anglatadi. Do‘ppi deganda, oyoq kiyimi, yozuv quroli, biror asbob emas, aynan, bosh kiyimini tushunish barcha uchun me’yordir. Lekin, adabiy til me’yori o‘zgarib turishi mumkin. Masalan, shevalarda bu me’yor o‘zgaradi. Farg’onada do‘ppini aynan adabiy tildagi kabi tushunilsa, Buxoroda – kallapo‘sh, Samarqand tomonlarda – qalpoq, Xorazmda – takya deb atashadi. Bu shevalarga xos me’yordir. Yoki adabiy til me’yoridagi “ertak” so‘zi Toshkent shevasida “cho‘pchak” deb aytiladi.
Demak, til me’yori deganda, ko‘pchilik tomonidan foydalanishga qabul qilingan va vaqt o‘tishi bilan o‘zgarib turuvchi til birliklarining shakli tushuniladi.
▲ 2-tоpshiriq.Quyidagi savollarga og‘zaki javob bering.
1. Adabiy til me’yori deganda nimani tushunasiz?
2. Shevalarga xos me’yorlarga misollar keltiring va ularning adabiy tildagi me’yorini toping.
3. Adabiy tildagi me’yorga misol keltiring va uni shevaga xos me’yorini toping.
4. O‘z ona tilingizda so`zlar ayting va uning o‘zbek adabiy tildagi me’yorini aniqlang.
5. Keltirilgan misollar asosida gaplar tuzing.
Do'stlaringiz bilan baham: |