XXVII
Hayot tajribasining boshlanishi
Bizning zamonamiz, deysizmi, yo Rabbim!
Axir bu qiyomat-qoyimning o‘zi-ku: unga qo‘l
tekkizganni Xudo uradi.
Didro
Jyulen hayotining shu pallasidan aniq va ishonarli faktlarni juda
kam tasvirlayotganimiz uchun kitobxon bizni kechirsa kerak. Biz
qo‘limizda shunday faktlar kam bo‘lgani uchun bunday qilmadik,
aksincha, ammo qahramonimiz seminariyada duch kelgan voqea-ho-
disalar biz bu sahifalarda rioya qilmoqchi bo‘lgan mo‘tadil kolorit
uchun haddan tashqari qayg‘uli bo‘lsa kerak. Ba’zi bir narsalardan
aziyat chekkan mening zamondoshlarim bunday voqea-hodisalar
haqida eslasalar dahshatga tushadilar va bu hol har qanday lazzatni,
hatto ertak o‘qish lazzatini ham zaharlaydi.
209
Jyulen yuzidagi ifoda va imo-ishoralar bilan munofiqlik qilish-
ning unchalik uddasidan chiqa olmayotgan edi; shunday daqiqalar
bo‘lardiki, uning qalbini chuqur nafrat tuyg‘usi qamrab olib, u hatto
qattiq umidsizlikka tushardi. Yigit, bunday jirkanch jabhada sira ham
muvaffaqiyatga erisha olmasam kerak, deb o‘ylardi. Agar bironta
odam, uni xiyol bo‘lsa-da, qo‘llab yuborganida edi, uning bardoshi
ancha mustahkamlangan bo‘lardi, axir u yengib o‘tmog‘i lozim bo‘lgan
to‘siqlar unchalik katta ham emasdi-da. Biroq u ummon ichra tashlab
ketilgan kichkinagina qayiqdek yakka-yu yolg‘iz edi. «Agar biror nar-
saga erishgan taqdirimda ham, – derdi u o‘ziga-o‘zi, – butun umr ana
shu iflos odamlar orasida yashamog‘im kerak bo‘ladi! Faqat peshinda
yeyiladigan yog‘liq quymoq orzusida yashovchi sullohlar yoki hech
qanday jinoyatdan qaytmaydigan manovinaqa abbat Kastanedlar
orasida-ya. Albatta, ular hokimiyatga erishadilar, lekin nimaning
evaziga! Yo Rabbim!
Inson irodasi har qanday to‘siqni yengishi mumkin. Bu haqda
juda ko‘p o‘qiganman, lekin dilimdagi bu nafratni yengib o‘tish-
ga bardoshim yetarmikin? Buyuk odamlarga jasorat ko‘rsatish
oson edi, qandan xatar qutqu solmasin, ularga bu xavf go‘zal bo‘lib
ko‘rinardi, lekin mening atrofimni o‘rab turgan narsalarning
naqadar jirkanchligini o‘zimdan bo‘lak kim ham tushuna olardi
deysiz?»
Bu uning hayotidagi eng qiyin palla edi. Axir u Bezansonda gar-
nizon bo‘lib turgan anavi ajoyib polklardan biriga osongina xizmatga
kirishi mumkin edi! Yoinki lotin tilidan muallimlik qilsa ham bo‘lardi
– har qalay bemalol kunini ko‘rib yuraverishi mumkin edi! Biroq unda
yuksak martabalar, porloq kelajak haqidagi orzulardan voz kechish
lozim bo‘lardi, holbuki, u faqat ana shu orzular bilan tirik bo‘lib,
ulardan voz kechish uning uchun o‘lim bilan barobar edi. Mana uning
qayg‘uli kunlaridan birining tafsilotlari.
«Men o‘zimga bino qo‘yib, manovi qishloqi yigitlarga o‘xsha-
masligimdan naqadar xursand bo‘lib yurardim-a! Mana, endi hayot-
da yetarli darajada tajriba orttirdim va tafovut nafrat tug‘dirajagini
tushunib oldim», – bir kuni ertalab u o‘ziga ana shunday dedi. Bu
ulug‘ haqiqatni u eng alam qiladigan muvaffaqiyatsizliklarining
biridan so‘ng payqadi. U butun bir hafta davomida avliyoxon deb
nom chiqargan talabalardan biriga yaxshi ko‘rinishga harakat qilib
yurardi.
210
Ular hovlida sayr qilishar ekan, Jyulen itoatgo‘ylik bilan o‘sha
talabaning o‘lgudek zerikarli safsatasiga quloq solmoqda edi. Dab-
durustdan havoni qora bulut qopladi-yu, momaqaldiroq guldurab,
chaqmoq chaqdi. Shunda avliyoxon talaba Jyulenni bor kuchi bilan
o‘zidan nari itarib, qichqirdi:
– Menga qarang, o‘zing uchun o‘l yetim, deganlar! Meni chaqmoq
urishini istamayman, Xudo esa sizni yondirib kul qilishi mumkin,
chunki siz Volter kabi dahriysiz.
Jyulen g‘azabdan tishlarini g‘ijirlatganicha chaqmoq chaqayot-
gan osmonga tikilib, xitob qildi: «Battar bo‘lay, bo‘ron paytida uxlab
qolganim uchun meni chaqmoq ura qolsin! Hay mayli, boshqa bir
xudojo‘yning ko‘nglini ovlashga urinib ko‘ramiz».
Qo‘ng‘iroq chalinib, abbat Kastaned olib boradigan qisasul anbiyo
darsi boshlandi.
Abbat bugun otalarining og‘ir mehnati va yo‘qsilligidan o‘lgudek
qo‘rqib ketgan bu qishloqi yigitlarga ularning nazarida qandaydir
dahshatli narsa bo‘lgan hukumat faqat Xudoning yerdagi soyasi
tomonidan topshirilgani uchungina amaliy va qonuniy kuchga ega
ekanligini tushuntirmoqda edi.
– Xudo yo‘liga hayotingizni bag‘ishlab, riyozat cheksangiz, pa-
paning tabarruk iltifotiga musharraf bo‘lg‘aysiz, siz uning qo‘liga
aso bo‘ling, – deya qo‘shimcha qildi u, – ana shunda siz birovning
buyrug‘iga bo‘ysunmaydigan va o‘zingizga o‘zingiz boshliq bo‘ladigan
ajoyib va serdaromad joyga ega bo‘lasiz, bu joy sizga umrbod be-
riladurkim, u yerda maoshning uchdan birini hukumatdan olsangiz,
qolgan uchdan ikkisini sizning pand-nasihatlaringizga itoat etguvchi
qavmingiz keltirib beradi.
Darsdan so‘ng abbat Kastaned sinfdan chiqib hovlida to‘xtadi,
bugun darsini zo‘r diqqat-e’tibor bilan tinglagan shogirdlari uni
o‘rab oldi.
– Chindan ham ruhoniylar to‘g‘risida, – derdi u atrofini o‘rab olgan
seminaristlarga, – popi qanday bo‘lsa, qavmi ham shunday bo‘ladi,
deb juda to‘g‘ri aytishgan. Men tog‘da ruhoniysi katta shahardagi din
peshvolaridan ham ko‘proq daromad tushiradigan ba’zi qavmlarni
o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. U bo‘ladi, bu bo‘ladi, mullajiring jonivor
suvday oqib kelaveradi. Semiz xo‘roz, tuxum, yog‘-go‘sht va hokazo
noz-ne’matlar haqida gapirmay ham qo‘ya qolaylik. U yerda ruhoni-
yning oldiga tushadigan odam bo‘lmaydi, bironta to‘y-hasham usiz
211
o‘tmaydi, allada aziz, to‘rvada mayiz bo‘lib yuradi u, xullas, hurmatini
joyiga qo‘yishadi.
Janob Kastaned xonasiga kirib ketishi bilan to‘da tarqalib,
kichik-kichik guruhlarga bo‘linib ketdi. Jyulen bu guruhlardan
birontasiga ham qo‘shilmadi: talabalar, go‘yo u qo‘tir itdek, undan
o‘zlarini olib qochishardi. U guruhlardagi talabalarning «dov yoki
chuv», deb galma-gal tanga otishayotganini ko‘rdi. Agar tanga dov
kelsa, o‘rtoqdari unga nazr-niyozi mo‘l bo‘lgan qavmga ega bo‘lar
ekansiz, deyishardi.
So‘ngra turli hikoyalar boshlandi. Mana, allaqaysi yosh bir ruhoniy
qo‘lini Injilga qo‘yib qasam ichganidan so‘ng, bir yil o‘tar-o‘tmas keksa
kyurening oqsochiga bitta semiz quyonni tuhfa qilibdi, shundan so‘ng
chol uni o‘ziga vikariy qilibdi. Oradan bir necha oy o‘tgach, keksa
kyure bandalikni bajo keltiribdi-yu, haligi yigit ajoyib qavmga ega
bo‘libdi-qo‘yibdi. Boshqa bittasi esa juda boy qavmdagi munkillab
qolgan kyurega ustalik bilan o‘rinbosar bo‘lib olibdi: u falaj bo‘lib
qolgan keksa kyure tanovul qilgani o‘tirgan zahoti yugurib kelar
ekan-da, jo‘jani qoyilmaqom qilib kesib berarkan.
Barcha sohalardagi yosh yigitlar kabi seminaristlar ham bunday
hiyla-nayranglarning kuchini ancha bo‘rttirib tasavvur qilishardiki,
zero buning yosh yigitlar xayolini o‘ziga rom etadigan qandaydir
g‘aroyib tomoni bor edi.
«Men ham o‘zimni shunday gaplarga odatlantirishim kerak»,
– deya o‘ylardi Jyulen. Agar ular sosiska yoki boy qavmlar haqida
so‘zlashishmasa, gap cherkov ta’limining kundalik ishlari, yepiskop-
lar bilan prefektlar, kyurelar bilan merlar orasidagi ixtilof to‘g‘risida
ketardi. Ana shunda Jyulen ularning dilida yana boshqa bir Xudo
borligini sezib qolardiki, u birinchisidan ham dahshatliroq va
qudratliroq bo‘lib, bu boshqa xudo papa edi. Ular o‘zaro sekingina,
– o‘shanda ham faqat janob Pirar eshitib qolmasligiga ishonchlari
komil bo‘lganida, – papa har bir prefekt, har bir merni shaxsan o‘zi
shu boisdangina tayinlamaydiki, bu ishni u cherkovning katta o‘g‘li
deb e’lon qilgan Fransiya qiroliga topshirib qo‘ygan, deya ivir-shivir
gaplashib yurishardi.
Ana shunda Jyulenning xayoliga de Mestrning o‘ziga yaxshi
ma’lum bo‘lgan papa haqidagi kitobi yordamida obro‘ orttirish
fikri kelib qoldi. U chindan ham o‘rtoqlarini hayratga soldi, biroq
bu uning boshiga yana falokat keltirdi. Talabalarga Jyulen ularning
212
dunyoqarashlarini o‘zlaridan ham yaxshiroq bayon qilib bergani
yoqmadi.
Janob Shelan Jyulenga nisbatan ham, o‘ziga nisbatan ham katta
ehtiyotsizlikka yo‘l qo‘ygan edi. Chol uni safsata sotmay, to‘g‘ri fikr
yuritishga o‘rgatgan edi-yu, ammo kichkina odam uchun bunday odat
jinoyat hisoblanishini aytmoqni unutgandi, zero to‘g‘ri gap tuqqa-
ningga yoqmaydi.
Shunday qilib, Jyulenning suxandonligi uning uchun yangi jinoyat
bo‘lib chiqdi. Seminaristlar uni g‘iybat qila-qila, aloha, unga nisbatan
dillaridagi butun dahshatni izhor qiladigan nom topishdi: ular Jyu-
lenga Martin Lyuter deb laqab qo‘yishdi, – o‘zi faxrlanib yuradigan
o‘sha iblisona mantiqi uchun ham bu laqab unga juda mos keladi,
deyishardi ular.
Yosh seminaristlardan ko‘pchiligining rangi Jyulennikidan ti-
niqroq edi, keyin undan chiroyliroq yigitlar ham bor edi-yu, biroq
uning qo‘llari oppoq bo‘lib, u o‘ta ozodalikka rioya qilish odatini
yashira olmasdi.
Mazkur fazilat qahramonimiz taqdir taqozosi bilan tushib
qolgan bu hasrat mahfilida sirayam maqtovga arziydigan nar-
sa hisoblanmasdi. Uning atrofidagi isqirt qishloqi yigitlar darhol
Jyulenni axloqi buzuqqa chiqarib qo‘yishdi. Biz qahramoni-
mizning boshiga tushgan behisob qiyinchiliklarni tasvirlayverib,
kitobxonning joniga tegmoqchi emasmiz. Masalan, baquvvatroq
seminaristlardan ba’zilari Jyulenni kaltaklamoqchi ham bo‘ldilar,
shunda u temir sirkul bilan qurollanib, uni ishga solajagini ishora
qildi. Axir ishora chaqimchi uchun aytilgan so‘zdek asosli dalil bo‘la
olmaydi-da.
213
Do'stlaringiz bilan baham: |