II
Kiborlar jamiyatiga birinchi qadam
Ta’sirli va alomat bir xotira: o‘n sakkiz yoshli
yigitcha birovning homiyligisiz, yolg‘iz o‘zi kirib
borgan birinchi mehmonxona! Bironta ayol sal
qiyo boqib qo‘ysa bas, darhol o‘zimni yo‘qotib
qo‘yardim. Odamlarga yoqish uchun harakat
qilgan sayin o‘zim ning shuncha qovusha ol-
mayotganimni his etardim. Mening barcha tasav-
vurlarim haqiqatdan juda yiroq ekan; goh hech
narsadan-hech narsa yo‘q bironta odamga chin
ko‘ngildan mehr qo‘yardim, gohida esa xiyol yo-
mon ko‘z bilan qaragan odamni o‘zimga dushman
deb bilardim. Tortinchoqligim tufayli chekkan
barcha azoblarim ichra quyosh charaqlab turgan
g‘oyat ajoyib kun esimda qolgan!
Kant.
Jyulen atrofiga alanglab qaraganicha, hovli o‘rtasida to‘xtadi.
– O‘zingizni vazminroq tuting, – dedi unga abbat Pirar, – miyan-
gizga dahshatli fikrlar kelyapti, keyin – g‘irt yosh bola ham ekansiz!
Goratsiyning nil mirari (hech narsadan ajablanmaslik) qoidasiga amal
qilish qani? O‘ylab ko‘rsangiz-chi, axir, manovi behisob malaylar bu
269
yerda angrayib turganingizni ko‘rgach, darhol ustingizdan kula bosh-
lashadi. Ular sizni o‘zlari bilan bir qatordagi kishi-yu, lekin adolatsiz
ravishda yuqoriroq qo‘yilgan odam, deb hisoblay boshlaydilar. Shun-
dan so‘ng o‘zlarini xushfe’l ko‘rsatib, ezgu maslahat berish, yordam
ko‘rsatish bahonasida sizni kalaka qilishga harakat qiladilar.
– Shunday qilib ko‘rishsin-chi, – dedi javoban Jyulen labini tishlab,
darhol odatdagi badgumonligi qo‘zir ekan.
Ular markiz kabineti tomon o‘tib borishar ekan, uyning ikkinchi
qavatidagi mehmonxonalar sizga, muhtaram o‘quvchim, qanchalik
serhasham tuyulsa, shunchalik befayz ham ko‘rinardi. Uni barcha ji-
hozlari bilan sizga taklif qilishganida, siz u yerda yashashni istamagan
bo‘lardingiz. Bu yer kishini esnatadigan va o‘lgudek zeriktiradigan
nasihatgo‘ylik maskani edi. Biroq bu mehmonxonalarni ko‘rgach,
Jyulen battar zavqlanib ketdi. «Shunday hashamat ichra yashagan
odam ham o‘zini baxtsiz his etarmikin!» – deya o‘ylardi u.
Nihoyat, ular bu muhtasham uydagi eng beo‘xshov xonaga
kirib borishdi: yorug‘lik unga arang tushib turardi. Xonada boshiga
oqishtob parik kiygan, ko‘zlari o‘tkir, kichkinagina, ozg‘in yuzli bir
odam o‘tirgan ekan. Abbat Jyulen tomon o‘girilib, uni o‘sha odamga
tanishtirdi. Bu markiz edi. Jyulen uni zo‘rga tanidi, zero hozir markiz
juda muloyim ko‘rinardi. U endi Jyulen Brey-le-Oda ko‘rgan takabbur
arkoni davlatga sira ham o‘xshamasdi. Jyulenga markizning parigida
soch juda ko‘pdek tuyuldi. U shu qadar berilib kuzatayotgan ediki,
hayiqish hatto xayoliga ham kelmadi. Genrix III do‘stining avlodi
birinchi qarashda unga ancha ko‘rimsiz bo‘lib tuyuldi. U juda ozg‘in
va pitrak edi. Ammo tez orada Jyulen markizning nazokati suhbat-
doshining ko‘ngliga hatto Bezanson yepiskopining nazokatidan ham
ko‘proq xush yoqishini sezdi. Bu uchrashuv bor-yo‘g‘i uch daqiqacha
davom etdi. Ular markizning oldidan chiqishgach, abbat Jyulenga
qarab dedi:
– Siz markizga xuddi suratni tomosha qilgandek qaradingiz, bu
odamlar nazokat deb ataydigan narsa xususida o‘zimni juda bilimdon
deb hisoblamayman, tez orada siz bularning barini mendan yaxshiroq
bilib olgaysiz, lekin har qalay shuni aytmog‘im kerakki, sizning unga
takallufsizlik bilan tikilishingiz menga nazokatdan ancha yiroqroq
tuyuldi.
Ular yana faytonga o‘tirishdi; ko‘chir qandaydir xiyobon oldida
to‘xtadi. Jyulen abbatga ergashib, katta bino ichiga kirdi-yu, ularning
270
ko‘z o‘ngida bir-biriga tutashib ketgan keng zallar namoyon bo‘ldi.
Jyulen bu yerda hech qanday mebel jihozlari yo‘qligini payqadi. U
devorda osig‘liq turgan va, nazarida, qandaydir adabsiz bir manzara
tasvirlangan ajoyib zarhal soatni tomosha qila boshladi, biroq shu
payt uning yoniga juda bashang kiyingan va juda xushchehra bir janob
keldi. Jyulen u bilan bosh irgab salomlashdi.
Janob jilmaydi-da, qo‘lini uning yelkasiga qo‘ydi. Jyulen bir ses-
kanib tushdi va sapchib o‘zini chetga oldi. U g‘azabdan qizarib ketdi.
Abbat Pirar o‘zining badfe’lligiga qaramay, qotib-qotib kula boshladi.
O‘sha janob tikuvchi ekan.
– Sizni ikki kunga butunlay ozod etaman, – dedi abbat Jyulenga
ular ko‘chaga chiqishgach, – shundan keyingina sizni de lya Mol
xonimga tanishtirmog‘im mumkin. Mening o‘rnimda boshqa odam
bo‘lganida, sizni birinchi kunlari bu yangi Vavilonda, xuddi bo‘yi
yetgan qizdek ehtiyot qilgan bo‘lardi. Biroq peshonangizda halok
bo‘lish yozilgan bo‘lsa, mayli, darhol halok bo‘laqoling, shunda men
hech bo‘lmasa, doim sizning tashvishingizni tortishdek ahmoqona
zaifligimdan qutulaman-qo‘yaman. Indinga ertalab manovi tikuvchi
sizga ikkita kostyum yuboradi, ularni sizga kiydirib ko‘radigan xalfaga
besh frank berasiz. Ha, aytmoqchi, anavi parijliklar oldida iloji boricha
kamroq gapirishga harakat qiling. Bir og‘iz so‘z aytsangiz bas, ular
ustingizdan kulmoq uchun darrov bahona topishadi. Bu jihatdan
ularning tug‘ma iste’dodi bor. Indinga peshin payti mening oldimga
yetib bormog‘ingiz shart... Xo‘p, boring, halok bo‘lavering... Ha, unutay
debman: borib, o‘zingizga poyabzal, ko‘ylak, shlyapa buyurtma qiling,
mana bu manzillar bo‘yicha.
Jyulen manzillar yozilgan xatni ko‘zdan kechira boshladi.
– Bu markizning xati, – dedi abbat. – Markiz juda faol odam, u
birovga buyurib o‘tirishdan ko‘ra, hamma ishni oldindan mo‘ljallab,
o‘zi bajarishni afzal ko‘radi. U o‘zini shu tashvishlardan xalos etmoq
uchun ham sizni ishga olyapti. Bu betoqat odam bir imo bilan bildi-
rib ketgan barcha ishlarni munosib tarzda bajarmoq uchun aqlingiz
yetarmikin? Buni kelajak ko‘rsatadi: ogoh bo‘ling!
Jyulen bir og‘iz ham so‘z aytmay, manzili ko‘rsatilgan barcha
ustalarning oldiga kirib chiqdi; bu ustalarning bari uning hurmatini
joyiga qo‘yib muomala qilishdi, etikdo‘z esa, uning ismi sharifini
buyurtmalar daftarida qayd qilar ekan, «janob Jyulen de Sorel», deb
yozib qo‘ydi.
271
Per-Lashez qabristonida qandaydir nihoyatda liberallarcha kayfi-
yatda bo‘lgan va burchiga sodiq bir janob unga marshal Neyning qabrini
ko‘rsatmoqchi bo‘ldi, zero dono siyosat bu qabrni epitafiyaga
33
ega
bo‘lish huquqidan mahrum etgandi. Biroq Jyulen ko‘zlarida yosh bilan
quchoqlab olgan o‘sha liberal bilan xayrlashgach, soatidan ajralganini
sezdi. Shunday tajriba bilan boyigan Jyulen ikki kundan so‘ng abbat
Pirarning huzuriga yetib bordi; ustozi unga uzoq razm solib turdi.
– Bu deyman, hali olifta bo‘lib ketmasangiz go‘rga edi, – dedi
qovog‘ini solib abbat. Jyulen juda yosh ko‘rinar va shu turishda mo-
tam tutib, qora kiyingan yigitga o‘xshab ketardi; u chindan ham juda
yoqimtoy edi-yu, biroq mehribon abbatning o‘zi g‘irt provinsiyalik
bo‘lgani uchun ham Jyulenning yurganida yelkalarini qimirlatish
odati hali ham qolmaganini payqamadi; provinsiyada esa bunday
yurish kishini orasta va juda basavlat ko‘rsatadi deb hisoblanardi.
Jyulenning bashangligi markizda mehribon abbatga qaraganda
mutlaqo boshqacha taassurot qoldirdi.
– Agar janob Sorel raqsdan dars olib tursa, siz qarshilik qilmay-
sizmi? – deya so‘radi u abbatdan.
Abbat dovdirab qoldi.
– Yo‘q, – dedi u nihoyat. – Jyulen ruhoniy emas. Markiz torgina
yashirin zinapoyaning birvarakayiga ikkitadan pog‘onasini hatlaga-
nicha qahramonimizni derazasi ulkan bog‘ tomon qaragan shinam-
gina mansardaga shaxsan o‘zi boshlab bordi. U Jyulendan tikuvchi
ayoldan nechta ko‘ylak olganini so‘radi.
– Ikkita, – deya iymanibgina javob qildi Jyulen, shunday arkoni
davlatning ikir-chikirlarga shu qadar e’tibor berayotganidan xijolat
tortib.
– Ofarin, – markiz bu so‘zni shunday jiddiy va amirona bir ohangda
aytdiki, qahramonimiz o‘ylanqirab qoldi. – Ofarin. Bo‘lmasa yana yigir-
ma ikkitasini oling. Mana, yilning birinchi choragi uchun maoshingiz.
Mansardadan pastga tushar ekan, markiz qandaydir keksa bir
odamni yoniga chiqardi.
– Arsen, – dedi u o‘sha odamga, – siz janob Sorelning xizmatida
bo‘lasiz.
Bir necha daqiqadan so‘ng Jyulen ko‘rkam kutubxonada yolg‘iz
o‘zi qoldi. Qanday ajoyib! O‘zining shunday hayajonlanib turganida
33
E p i t a f i y a – qabr toshidagi xat (tarj.).
272
birov ko‘rib qolmasin uchun u kutubxonaning eng pana burchagiga
o‘tdi-da, o‘sha yerdan turib kitoblarning yaltiroq jildlarini tomosha
qila boshladi. «Bularning hammasini o‘qib chiqishim mumkin! – dedi
u o‘ziga-o‘zi. – Qanday qilib yoqmasin menga bu yer? Janob de Renal
men uchun markiz de lya Mol qilgan ishning yuzdan birini qilgan
taqdirda ham, chamasi, o‘zini bir umrga isnodga qolgan deb hisobla-
gan bo‘lardi. Qani, bir ko‘raylik-chi, nimalarni yozishim kerak ekan».
Ishni tugatgach, Jyulen kitoblar oldiga borishga jur’at etdi; u Volter
asarlari to‘plamini ko‘rganida quvonchidan jinni bo‘layozdi. U g‘af-
latda qolmaslik uchun yugurib borib kutubxona eshigini lang ochib
qo‘ydi. Shundan so‘ng u huzur qilib, sakson jildning barini ketma-ket
varaqlab chiqa boshladi. Jildlarning bari juda ajoyib muqovalangan
edi, bu eng yaxshi londonlik usta mehnatining nodir mahsuli edi. Boz
ustiga, Jyulenning xursandligidan boshi osmonga yetmog‘i uchun bu
hashamatning keragi ham yo‘q edi.
Oradan bir soat o‘tgach, markiz kirib keldi-da, Jyulen yozib qo‘ygan
qog‘ozlarni ko‘zdan kechirdi va yigit «buning» so‘zini ikkita «n» bilan
yozganini ko‘rib, hayron bo‘ldi. «Nahot bu yigitning o‘qimishliligi
haqida abbat aytgan gaplarning bari shunchaki uydirma bo‘lsa?»
Hafsalasi pir bo‘lgan markiz muloyimlik bilan so‘radi:
– Imlo bobida bilimlaringiz sal bo‘shroq shekilli?
– Ha, shunday, – deya javob qildi Jyulen bu iqror bilan o‘ziga
qanday ziyon yetkazayotganini hatto xayoliga ham keltirmay. U
markizning mehribonligidan juda ta’sirlanib ketgandi: shu tobda
u beixtiyor janob de Renalning betamiz takabburligini eslab ketdi.
«Bu fransh-kontelik abbatcha bilan ovora bo‘lib, vaqtni bekor
ketkazadiganga o‘xshayman, – deya o‘yladi markiz. – Lekin menga
vafodor bir odam juda kerak edi!»
– «Buning» so‘zi bitta «n» bilan yoziladi, – dedi unga markiz. –
Har gal xat yozishni tugatgach, qanday yozilishini yaxshi bilmagan
so‘zlaringizni imlo lug‘atidan tekshirib ko‘ring.
Soat oltida markiz Jyulenni o‘z xonasiga chaqirtirdi; u yigitning
oyog‘idagi etikni ko‘rib, ochiqdan-ochiq ta’bi tirriq bo‘ldi.
– Bu mening e’tiborsizligim: sizga har kuni soat besh yarimda
kiyinib olmog‘ingiz lozim deb aytishni unutibman.
Jyulen unga tushunmay qarab turardi.
– Men paypoq kiymog‘ingiz lozimligini nazarda tutyapman. Arsen
sizga buni eslatib turadi. Bugun esa siz uchun kechirim so‘rayman.
273
Shunday deya markiz zarhal yugurtirilganidan lov-lov yonib
turgan mehmonxona eshigini lang ochdi-da, Jyulenni oldinga o‘tkaz-
moqchi bo‘ldi. Bunday paytlarda janob de Renal albatta birinchi
bo‘lib kirmoq uchun eshik oldida qadamimni tezlatardi. Avvalgi
xo‘jayinining shunday maydakashligiga o‘rganib qolgani tufayli Jyu-
len podagra kasalidan azob chekib yuradigan markizning oyog‘ini
qattiq bosib oldi. «Obbo, hammasi yetmaganday u yana beso‘naqay
ham ekan-ku», deya xayolidan o‘tkazdi markiz. U Jyulenni baland
bo‘yli, g‘oyat ulug‘vor bir ayolga tanishtirdi. Bu markiza edi. Jyulen,
o‘zining takabburligi bilan u Verrer okrugi prefekti yordamchisining
xotini – de Mojiron xonimga o‘xshab ketar ekan, deya dilidan o‘tkazdi.
O‘sha xonim Sen-Sharldagi tantanali ziyofatlarda kekkayib, savlat
to‘kib o‘tirar edi. Mehmonxonaning dabdabali hashamatidan biroz
hayiqqan Jyulen markizning aytgan gapini eshita olmadi. Markiza
unga xiyol ko‘z qirini tashlab qo‘ya qoldi. Mehmonxonada yana bir
necha erkak kishi bor edi. Jyulen ular orasida bultur Brey-le-Oda-
gi tantanali marosim paytida o‘zi bilan juda muloyim gaplashgan
yoshgina Agda yepiskopini ko‘rib behad quvonib ketdi. Yosh prelat,
chamasi, Jyulenning o‘ziga iymanibgina, tanirmikin, degan bir umid
bilan tikilishidan qo‘rqib ketdi shekilli, bu provinsiyalikni tanishni
xayoliga ham keltirmadi...
Jyulenga bu mehmonxonada yig‘ilgan odamlar o‘zlarini allanechuk
ma’yus va soxta tutayotgandek tuyuldi. Parijda odamlar odatda sekin
gapirishadi va arzimagan narsaga hayajonlanib o‘tirishmaydi.
Mehmonxonaga murti sabza urgan, rangi oppoq va bo‘y-basti
juda kelishgan bir yigit kirib kelganida soat olti yarim bo‘lib qolgandi.
Yigitning boshi nihoyatda kichkina edi.
– Doim shunaqa kechikib kelasiz, – dedi markiza, yigit uning
qo‘lini o‘par ekan.
Jyulen bu graf de lya Mol ekanini angladi. Jyulenga u birinchi
qarashdayoq juda dilbar yigit bo‘lib ko‘rindi.
«Nahotki, – deya o‘yladi Jyulen, – shu yigit o‘zining haqoratli haz-
il-mazaxlari bilan meni bu xonadondan qochib ketishga majbur etsa?»
Graf Norberga razm solar ekan, Jyulen uning shporli etik kiygani-
ni payqab qoldi. «Men esa, chamasi, past tabaqa kishisi bo‘lganim
uchun ham tufli kiyib yurishim kerak ekan-da?» Barcha stol atrofiga
o‘tirdi; Jyulen markizaning tovushini ko‘tarib, kimgadir tanbeh ber-
ganini eshitib qoldi. Shu zahoti uning ko‘zi oq-sariq sochli, g‘oyat
274
xushbichim bir qizga tushdi. U stol yoniga kelib, Jyulenning qarshi-
siga o‘tirdi. Qiz unga sirayam yoqmadi; biroq durustroq razm solib
qaragach, Jyulen bunday chiroyli ko‘zlarni birinchi marta ko‘rayot-
ganini tushundi, lekin bu ko‘zlar qizning nihoyatda shavqsiz ekan-
ligidan dalolat berib turardi. So‘ngra Jyulen bu ko‘zlarda zerikish
ifodasini uqdi, bu nigohlar uning atrofga sinchiklab razm solishini,
lekin, shu bilan birga, doimo o‘zini ulug‘vor tutishi lozimligini eslatib
turardi. «De Renal xonimning ko‘zlari ham juda chiroyli edi, – deya
o‘ylardi u, – barcha unga shu haqda gapirardi. Lekin uning ko‘zlari
manovi qiznikiga sira ham o‘xshamasdi». Mademuazel Matilda-
ning, – barcha uni shunday atamoqda edi, – ko‘zlarida ba’zan yilt
etadigan uchqun ziyraklik alomati ekanini tushunishga esa Jyulen
hali tajribasizlik qilardi. De Renal xonimning ko‘zlari yonganida
esa – bu ehtiros alangasi yoki uning oldida biron qabih ishni gapi-
rishganda, undan g‘azablanish yolqini bo‘lardi. Ziyofat oxirida Jyulen
mademuazel de lya Mol ko‘zlaridagi bu o‘zgacha chiroyni yaxshi
tavsiflaydigan so‘z topdi. «Uning ko‘zlari porlab turar ekan», dedi
u o‘zicha. Umuman olganda esa qiz Jyulenning ko‘ziga borgan sayin
xunukroq ko‘rinayotgan onasiga juda ham o‘xshab ketardi. Shundan
so‘ng Jyulen unga ortiq qaramay qo‘ydi. Lekin graf Norber unga
har tomondan dilbar yigit bo‘lib ko‘rinardi. Jyulen unga shu qadar
mahliyo bo‘lib qolgan ediki, yosh grafga hasad qilish yoki o‘zidan
boyroq va nasl-nasab jihatidan ustunroq bo‘lgani uchun undan
nafratlanish qahramonimizning hatto xayoliga ham kelmadi. Markiz
esa, Jyulenning nazarida, ochiqdan-ochiq zerikib o‘tirardi. Ikkinchi
taomni tortishayotgan payti u o‘g‘liga qarab dedi:
– Norber, marhamat qilib janob Jyulen Sorel bilan tanishib qo‘y.
Men uni hozirgina o‘z shtabimga ishga oldim va uni odam qilmoq-
chiman, agar bunning imkoni bo‘lsa, albatta.
– Bu yigit – mening kotibim, – dedi markiz yonida o‘tirgan odam-
ga, – u «buning» so‘zini ikkita «n» bilan yozadi.
Barcha Jyulenga qaradi. U, asosan, Norber tomonga qarab xiyol
ta’zim qilib qo‘ydi, lekin umuman olganda uning ko‘z-qarashi ham-
maga yoqdi.
Markiz mehmonlarga Jyulenning qanday ma’lumot olganini
aytgan ekan shekilli, ulardan biri yigitni Goratsiy haqida savolga
tuta boshladi. «Xuddi ana shu Goratsiy haqidagi gaplarim bilan Be-
zanson yepiskopiga yoqib qolgan edim, – deya xayolidan o‘tkazdi
275
Jyulen. – Chamamda, ular shundan boshqa muallifni bilishmaydigan-
ga o‘xshaydi». Shu daqiqadan e’tiboran u darhol o‘zini bosib oldi.
Jyulen o‘zini bosib olishga sira urinmadi, chunki u hozirgina o‘zicha
manovi oyimtilla de lya Mol ayol sifatida meni hech qachon o‘ziga
rom etolmaydi, deya ko‘ngliga tugib qo‘ygandi. Erkaklarga nisbatan
esa u seminariyadan so‘ng butunlay hurmatini yo‘qotgan va ulardan
hayiqmay qo‘ygan edi. Agar manovi yemakxona shu qadar hasham-
dor bo‘lmaganida u o‘zini butunlay dadil tutgan bo‘lardi. Aslida esa
hamma gap har biri ikki odam bo‘yi keladigan manovi oynalarda
edi – u o‘qtin-o‘qtin shu oynalarga ko‘z tashlab, ularda o‘zi bilan
Goratsiy haqida bahslashayotgan suhbatdoshining aksini ko‘rar va
birmuncha xijolat tortar edi. Provinsiyadan kelgan odam uchun Jyu-
lenning jumlalari unchalik uzun emasdi. Uning ko‘zlari chiroyli edi,
tortinchoqligidan goh jur’atsizlik, gohida esa yaxshi javob berganidan
quvonch porlab turgan nigohi yanada ravshanroq chaqnab ketardi.
Bu imtihon zerikarli ziyofatni birmuncha jonlantirib yubordi. Markiz
hech kimga sezdirmay Jyulenning suhbatdoshiga, qattiqroq so‘ray-
vering, deganday ishora qildi. «Nahotki u chindan ham biron narsani
bilsa?» – deya o‘yladi markiz.
Jyulen savollarga javob berar ekan, mulohazalarini ayta turib,
o‘zini shu qadar bosib oldiki, atrofidagi odamlarga o‘zining ham qan-
daydir fikr-tuyg‘ulari borligini namoyish etdi. To‘g‘ri, yigit bu fikrlarni
birmuncha qo‘polroq, ba’zan esa noo‘rin bayon qilardi. Albatta, barcha
uni aqli zukko yigit ekan degan qarorga keldi, deb bo‘lmasdi, zero
Parijda qanday tilda so‘zlashishlarini bilmaydigan odam uchun bu
juda amrimahol edi. Biroq uning lotin tili va lotin mualliflarini juda
yaxshi bilishi yaqqol sezilib turardi.
Jyulenning opponenti Yozuvlar Akademiyasining a’zosi bo‘lib, u
ittifoqo lotin tilini bilardi. U Jyulenning klassiklarni yaxshi bilishi-
ga ishonch hosil qilib, uni xijolatga solib qo‘yishdan xavfsiramay
qo‘ygach, ataylab turli chigal savollar bilan uni chalg‘itmoqchi bo‘ldi.
Bu tortishuvdan qizishib ketgan Jyulen, nihoyat, yemakxonaning dab-
dabali hashamatini unutib, lotin shoirlari haqida suhbatdoshi hech
qayerda o‘qimagan mulohazalarni bayon eta boshladi. Suhbatdoshi
vijdoni halol odam sifatida yosh kotibga qoyil qoldi. Uning baxtiga,
suhbat mavzui o‘zgarib, gap Goratsiyning boy yoki kambag‘al o‘tgani,
yoki uning Moler va Lafontenning do‘sti bo‘lmish shoir Shapel kabi
sernazokat, ishqiboz va beg‘am bo‘lib, shunchaki ko‘ngil xushi uchun
276
she’r yozgani, yoki lord Bayronning ayblovchisi Souti kabi qirolning
tug‘ilgan kuniga atab madhiyalar yozadigan va arkoni davlatlarning
xayr-ehsoni hisobiga kun ko‘radigan saroy shoiri bo‘lgani to‘g‘risida
ketdi. Shundan so‘ng darhol Avgust va Georg IV davrlaridagi jamiyat-
ning ahvoli tilga olindi; u davrda ham, bu davrda ham aristokratiya
bag‘oyat qudratli edi, biroq Rimda hokimiyatni ularning qo‘lidan
aslida oddiy jangchi bo‘lgan Metsenat tortib oldi, Angliyada esa aris-
tokratlar hukmronligi asta-sekin Georg IV ni Venetsiya doji darajasiga
tushirib qo‘ydi. Bu suhbat ziyofatning boshida zerikkanidan tong qotib
o‘tirgan markizni biroz jonlantirgandek bo‘ldi.
Jyulen Souti, lord Bayron, Georg IV kabi zamondoshlarining no-
mini eshitar ekan, hech nimani tushunmasdi, zero yigit bu nomlarni
birinchi marta eshitmoqda edi. Biroq har gal Goratsiy, Martsial,
Tatsit va boshqalarning asarlaridan o‘qib bilish mumkin bo‘lgan
Rim voqealari haqida so‘z ketganida u hammadan bilimdon bo‘lib
chiqardi. Jyulen uzoq o‘ylab o‘tirmay o‘sha unutilmas oqshomdagi
suhbat chog‘i Bezanson yepiskopidan eshitgan ba’zi mulohazalarni
ham o‘zlashtirib yubordi, shuni tan olish kerakki, bu mulohazalar zo‘r
qiziqishga sabab bo‘ldi.
Shoirlar haqidagi suhbat hammaning joniga tekkach, erini qiziqtir-
gan barcha narsadan zavqlanishni o‘zining burchi deb hisoblaydigan
markiza nihoyat Jyulenga qarashni lozim ko‘rdi.
– Bu navqiron abbatning kelishmagan qiliqlarini aytmasangiz,
o‘zi juda o‘qimishli yigitga o‘xshaydi, – dedi markizaga uning yonida
o‘tirgan akademik. Bu gapning bir necha so‘zlari Jyulenning qulog‘iga
chalindi.
Bunday tayyor hikmatlar uy bekasining ruhiga juda mos tushardi;
u Jyulenga berilgan bu nisbatni darhol o‘ziniki qilib oldi-da, akade-
mikni ziyofatga taklif etgani uchun o‘zidan xursand bo‘lib qo‘ydi. «U
janob de lya Molning vaqtini chog‘ qildi», deya xayolidan o‘tkazdi
markiza.
277
Do'stlaringiz bilan baham: |