markiz de lya Mol».
Qattiqqo‘l abbat Pirar, o‘zi ham bilmagan holda, dushmanlarga
to‘lib-toshgan o‘z seminariyasini juda yaxshi ko‘rardi, mana o‘n besh
yildirki, uning butun fikr-xayoli ana shu seminariyaga bag‘ishlangan
edi. Janob de lya Molning maktubi abbatga xuddi uni og‘ir, lekin
muqarrar operatsiya qilish uchun kelgan jarrohdek ta’sir etdi. Uni
ishdan olishlari aniq edi. Abbat boshqaruvchi bilan uch kundan so‘ng
uchrashishga kelishib oldi.
Qirq sakkiz soat davomida u juda ikkilanib yurdi. Nihoyat, abbat
janob de lya Molga xat yozdi va yepiskop hazratlariga maktub bitdi.
Maktub ekkleziastik uslubning haqiqiy durdonasi bo‘ldi-yu, biroq
xiyol uzunroq chiqdi. Chuqur hurmat-ehtirom bilan sug‘orilgan
bunday bejirim iboralardan yaxshirog‘ini o‘ylab topish amrimahol
edi. Biroq janob de Frilerni o‘z boshlig‘i oldida biror soat mushkul
ahvolga solish uchun mo‘ljallangan bu maktubda jiddiy shikoyat
uchun barcha asoslar butun tafsilotlari bilan bayon etilgandi. Bu
zug‘umlarga, tirnoq orasidan kir izlashlargacha abbat olti yildan
229
buyon bardosh berib kelar ekan. Lekin oxiri yeparxiyani tark et-
moqqa jazm qilibdi.
Uning omboridan o‘tin o‘g‘irlashar ekan, itini zaharlashibdi va
hokazo, va hokazo.
Maktubni yozib tugatgach, abbat barcha seminaristlar qatori soat
sakkizda uxlaydigan Jyulenni uyg‘otib kelishni buyurdi.
– Yepiskopning saroyi qayerda joylashganini bilasizmi? – deya
murojaat qildi u Jyulenga sof lotin tilida. – Bu maktubni hazrati
buzrukka eltib berasiz. Sizni bo‘rilar galasiga yuborayotganimni
yashirmayman. Siz faqat ko‘z va quloq bo‘lmog‘ingiz darkor. Javobla-
ringizda hech qanday yolg‘onga yo‘l qo‘ymang, lekin savol beruvchi
odam sizga ziyon keltirsa, ehtimol, chin ko‘ngildan xursand bo‘lishini
ham unutmang. Bu makonni tark etmoqdan avval sizga shunday
sinovdan o‘tmoqqa imkoniyat berayotganimdan bag‘oyat xursand-
man, bo‘tam, zero siz eltib beradigan ushbu maktub mening iste’foga
chiqmoq haqidagi arizam ekanligini sizdan sir tutmoqchi emasman.
Jyulen turgan joyida qotib qoldi. U abbat Pirarga qattiq mehr
qo‘ygan edi. Shu tobda Jyulenning ehtiyotkorligi unga: «Bu halol odam
seminariyadan ketgach, Iso qalbi partiyasi meni quvg‘in qiladi va,
ehtimol, butunlay haydab yuboradi», deya behuda ta’kidlamoqda edi.
U o‘zi haqida o‘ylay olmasdi. Jyulen taraddudga tushib qolgandi,
chunki u ustoziga bir gap aytmoqchi edi-yu, biroq uni og‘ir botmay-
digan qilib aytishning yo‘lini topolmay garang bo‘lib turardi.
– Xo‘sh, nima gap, do‘stginam? Nega ketmay turibsiz?
– Gap shundaki, – dedi iymanibgina Jyulen, – eshitishimcha, siz
seminariyada shuncha yil rahbarlik qilib sira pul jamg‘armagan ekan-
siz. Mening esa olti yuz frank pulim bor...
Ko‘z yoshlari gapirishga xalal bermoqda edi.
– Bu ham e’tiborga olinadi, – deya sovuqqina javob qildi semi-
nariyaning sobiq direktori. – Saroyga tezroq jo‘nang, vaqt ham kech
bo‘lib qoldi.
Tasodifan bu kecha yepiskop qabulxonasida janob abbat de Friler
navbatchi ekan. Hazrati buzrukning o‘zlari esa prefekturadagi ziyofat-
ga ketgan ekanlar. Shunday qilib, Jyulen maktubni janob de Frilerning
o‘ziga topshirdi, biroq yigit uning kimligidan bexabar edi, albatta.
Jyulen abbatning yepiskop nomiga yozilgan xatni takallufsizlik
bilan ochganini ko‘rib, hayratga tushdi. Katta vikariyning chiroyli
yuzida avvaliga xursandlik, taajjub aks etdi, keyin esa tashvishli bir
230
ifoda paydo bo‘ldi. Abbat maktubni o‘qir ekan, uning husniga qoyil
qolgan Jyulen unga yaxshilab razm solishga ulgurdi. Agar yuz tuzi-
lishining allaqaysi jihatlarida o‘taketgan quvlik aks etib turmaganida,
bu abbat juda salobatli ko‘rinishi mumkin edi. Mabodo u o‘zining
chiroyli yuzidagi ifodani bir lahzagina unutsa, yolg‘onchiligi ham
sezilib qoladigandek tuyulardi. Uning oldinga turtib chiqqan burni
ajoyib to‘g‘ri chiziq hosil qilardi-yu, biroq baxtga qarshi bu basavlat
chehrani tulkining tumshug‘iga o‘xshatib qo‘yardi. Xonasi kelganda
shuni ham qayd qilmog‘imiz kerakki, janob Pirarning iste’fosiga
g‘oyat qiziqib qolgan abbat juda bashang kiyingan edi. Ilgari bironta
ham ruhoniyning bunday kiyinganini ko‘rmagan Jyulenga bu hol juda
yoqib tushdi.
Oradan ancha vaqt o‘tganidan so‘ng Jyulen abbat de Frilerning
alohida iste’dodi nimadan iborat ekanligini bilib oldi. U o‘z yepis-
kopi, Parijda yashashga o‘rganib qolgan va Bezansonda o‘zini xuddi
surgun qilingandek his etadigan shirinso‘z qariyaning ko‘nglini
ovlashga usta ekan. Yepiskopning ko‘zi ojiz bo‘lib, baliqdan pishiril-
gan taomlarni jonidan ham yaxshi ko‘rarkan. Abbat de Friler esa
yepiskop hazratlari tanovul qilayotganida baliq qiltanoqlarini olib
tashlab berarkan.
Jyulen iste’fo haqidagi arizani qayta o‘qib chiqayotgan abbatga
indamay tikilib turar ekan, daf’atan eshik sharaqlab ochildi. Xonaga
shosha-pisha bashang kiyingan malay kirib keldi. Yigit eshik tomon
o‘girilib qarashga arang ulgurdi: u ko‘ksiga xoch osgan jikkakkina
cholni ko‘rdi. Jyulen darhol tiz cho‘kdi-yu, ikki bukilib ta’zim qildi;
yepiskop unga qarab muloyim jilmayganicha o‘tib ketdi. Xushro‘y
abbat yepiskopning ortidan ichkari kirib ketdi-yu, qabulxonada
yolg‘iz o‘zi qolgan Jyulen atrofidagi hashamatni bemalol tomosha
qila boshladi.
Uzoq muhojirlik mashaqqatlaridan zukko aqli chiniqqan Bezan-
son yepiskopi yetmish besh yoshga borgan qariya bo‘lib, u, o‘n yildan
so‘ng nima bo‘lishi haqida mutlaqo tashvish qilmasdi.
– Ko‘zlari tiyrak anavi seminarist kim bo‘ldi? – deya so‘radi
yepiskop. – Axir ular mening ustavimga binoan allaqachon yotgan
bo‘lishlari kerak emasmidi?
– Kafolat berib aytishim mumkinki, bunisining ko‘zida uyqudan
asar ham yo‘q, hazrati buzruk. U bizga bag‘oyat muhim xabar keltirdi:
yeparxiyangizda qolgan yagona yansenist iste’foga chiqish haqida
231
ariza beribdi. Nihoyat, anavi yaramas abbat Pirar undan nima istash-
larini tushunibdi.
– Shunaqami! – dedi quvlik bilan jilmayib yepiskop. – Bahs boy-
lashim mumkin, siz uning o‘rniga tanlagan odamingiz abbatga sira
ham teng kelolmaydi. Shu boisdan ham, siz bunday odamlarning
qadriga yetmog‘ingiz uchun men uni ertaga tushlik ziyofatga taklif
qilaman.
Katta vikariy yangi direktor haqida gap ochmoqchi bo‘ldi. Biroq bu-
gun ish bilan shug‘ullanishga hushi bo‘lmagan prelat unga qarab dedi:
– Boshqasining kelishiga ijozat etmoqdan avval mana bunisining
qanday ketishini bir ko‘raylik-chi. Anavi seminaristni bu yoqqa cha-
qiring, norasidaning tili haqiqatni so‘ylagay.
Jyulenni chaqirishdi. «Hozir ikki inkvizitorga duchor bo‘laman»,
deya o‘yladi u. Yigit qalbida ilgari sira ham bunday jasorat his etma-
gandi.
U xonaga kirib kelganida janob Valenodan ham bashangroq
kiyingan ikki norg‘ul xizmatkor yepiskop hazratlarini yechintirish-
moqda edi. Prelat abbat Pirar haqida gap ochishdan avval Jyulenning
o‘qishdagi muvaffaqiyatlari to‘g‘risida so‘rashni lozim topdi. U dog-
matikadan bir necha savol berdi-yu yigitning javoblarini eshitgach,
lol bo‘lib qoldi. So‘ngra u klassiklar – Virgiliy, Goratsiy va Sitseronlar
ijodi haqida savol berdi. «Ana shu mualliflar menga pand berishgandi,
o‘shalarni deb bir yuz to‘qson sakkizinchi o‘rinni olgandim, – deya
xayolidan o‘tkazdi Jyulen. – Endi qo‘rqadigan joyim yo‘q, o‘zimizni
ko‘rsatishga urinib ko‘ramiz». U chindan ham o‘zini ko‘rsata oldi,
klassiklarni o‘zi ham juda yaxshi biladigan prelat qoyil qoldi.
Prefekturadagi ziyofat chog‘ida mashhur bir qiz Magdalina
haqidagi poemani o‘qigan edi. Ko‘ngli adabiyot to‘g‘risida suhbat
qurishni istab turgan yepiskop Goratsiyning boy yoki kambag‘al
o‘tganini seminarist bilan berilib muhokama qilar ekan, tezda
abbat Pirarni ham, o‘zining barcha ishlarini ham unutib qo‘ydi.
Prelat u yoki bu qasidani yoddan o‘qir ekan, ba’zan xotirasi pand
berib tutilib qolardi, ana
shunda Jyulen kamsuqumlik bilan she’rni
kelgan joyidan davom ettirib, oxirigacha o‘qib berardi. Yepiskopni
ayniqsa bu o‘rinda Jyulenning suhbat ruhidan chiqib ketmay, lotin
tilidagi yig‘irma yoki o‘ttiz she’rni, xuddi seminariyadagi kundalik
ishlar haqida hikoya qilayotgandek, o‘zini erkin tutib o‘qib bergani
hayratga soldi. Ular Virgiliy haqida uzoq gaplashib o‘tirishdi. Suh-
232
bat oxirida prelat yosh seminaristni maqtab qo‘yishdan o‘zini tutib
tura olmadi.
– Siz ilm-u fanda katta muvaffaqiyatlarga erishibsiz.
– Hazrati buzruk, – deya javob qildi unga Jyulen, – seminariyangiz
sizga yana bir yuz to‘qson yetti maqtovingizga munosib o‘quvchini
taqdim etishi mumkin.
– Bu nima deganingiz? – so‘radi prelat bunday raqamdan hayratga
tushib.
– Siz hazrati buzruklariga ma’lum qilish sharafiga muyassar
bo‘lgan bu gapni rasmiy guvohnoma bilan tasdiqlashim mumkin. Bu
yilgi seminariya imtihonlarida meni hozir hazrati buzruklarining
maqtoviga musharraf etgan xuddi shu fanlardan javob berib, bir yuz
to‘qson sakkizinchi o‘rinni oldim.
– A-a! Demak, bu abbat Pirarning sevimli shogirdi ekan-da! –
deya xitob qildi yepiskop kula-kula, janob de Frilerga qarab qo‘yar
ekan. – O‘ziyam shunaqa bo‘lsa kerak, deb o‘ylagan edik. Lekin, bu
– halol urush. Shunday emasmi, do‘stginam, – deya qo‘shimcha qildi
u Jyulenga qarab, – sizni bu yoqqa yuborish uchun hoynahoy yotgan
joyingizdan turg‘azishgan bo‘lishsa kerak-a?
– Ha, hazrati buzruklari. Men, Loshi Masiho bayrami kuni soborni
bezashda janob abbat Sha Bernarga yordam berish uchun borganimni
mustasno qilganda, umrim bino bo‘lib seminariyadan yolg‘iz o‘zim
chiqqan emasman.
– Optime, – dedi yepiskop. – Demak, o‘sha par bog‘lamlarini
taxtiravon chambariga o‘rnatib, jasorat ko‘rsatgan odam siz ekan-
siz-da? Men har yili ularni ko‘rganimda seskanib tushaman va bu par
bog‘lamlari bironta odamning boshiga yetmasa edi, deb qo‘rqaman.
Do‘stginam, shu ketishda siz hali juda o‘sasiz. Biroq men sizning,
shubhasiz, ajoyib martabaga erishishingizda g‘ov bo‘lmoqchi va sizni
ochdan o‘ldirmoqchi emasman.
Shunday deya yepiskop biskvit bilan may keltirishni buyurdi.
Jyulen huzur qilib bu taomlardan tatib ko‘ra boshladi. Abbat de Friler
esa undan ham o‘tib tushdi, zero u odamlarning sevinib, ishtaha bilan
tanovul qilishlari yepiskopga yoqishini yaxshi bilardi.
Kechaning shunday ko‘ngilli o‘tayotganidan borgan sayin mam-
nun bo‘lib borayotgan prelat Jyulen bilan cherkov tarixi haqida
gaplashmoqchi bo‘ldi-yu, darhol Jyulen uni tushunmayotganini sez-
di. Shundan so‘ng u Konstantin davridagi Rim imperiyasida hukm
233
surgan urf-odatlar haqida so‘z ochdi. Majusiylikning so‘nggi davriga
ham XIX asrda hayotdan hafsalasi pir bo‘lib, zerikayotgan ko‘pgina
kishilarni ezib turuvchi ruhiy bezovtalik va gumonsirash xos edi.
Yepiskop Jyulen hatto Tatsitning nomini ham eshitmaganini ko‘rdi.
U shu munosabat bilan o‘z hayratini izhor qilgan edi. Jyulen
soddagina qilib seminariya kutubxonasida bu muallifning asarlari
yo‘qligini aytdi.
– A, shunaqa deng, yaxshi, buni eshitishdan juda xursandman, –
dedi quvnoqlik bilan yepiskop. – Siz mushkulimni oson qildingiz: o‘n
daqiqadan beri, siz tufayli bugungi kechaning ko‘ngilli o‘tgani uchun
sizni qanday xursand qilsam ekan, deb boshim qotayotgan edi. O‘z
seminariyamda o‘qiydigan talabaning olim bo‘lib chiqishini sira kut-
magan edim. Garchand bu ruhoniylarga xos tuhfa bo‘lmasa-da, sizga
Tatsitni sovg‘a qilmoqchiman.
Prelat ajoyib muqovali sakkiz jildni keltirishni buyurdi-da, birinchi
jildning birinchi betiga lotin tilida Jyulen Sorelga mukofot tariqasida
iltifotli hadyanoma yozib berdi. Yepiskop lotin tilini nozik tomonlari-
gacha bilishi bilan faxrlanib yurardi. Xayrlasha turib, u Jyulenga butun
suhbatdan farqli o‘laroq juda jiddiy ohangda dedi:
– Yigitcha, agar o‘zingizni oqilona tutsangiz, vaqti-soati kelib
mening yeparxiyamdagi yangi yaxshi qavmni tasarrufingizga olasiz;
bu qavm mening saroyimdan uzoq bo‘lmaydi, albatta. Lekin oqil
bo‘lmoq lozim.
Tatsitning jildlarini ko‘tarib olgan Jyulen yepiskop saroyidan
taajjublanib chiqib ketganida vaqt yarim kecha bo‘lgan edi.
Hazrati buzruk unga abbat Pirar haqida bir og‘iz ham so‘z aytma-
di. Lekin Jyulenni hammasidan ham ko‘proq yepiskopning beqiyos
nazokati hayron qoldirdi. U ilgari xushtabiatlik o‘zini shunday erkin
tutish bilan uyg‘unlashib kelishini hatto tasavvur ham qilolmasdi. Yigit
uni toqatsizlanib kutayotgan qovog‘i soliq abbat Pirarni ko‘rganida
yepiskop bilan uning o‘rtasidagi tafovutdan beixtiyor hayratga tushdi.
– Quid tibi dixerunt (Senga nima deyishdi)? – deya qichqirib
so‘radi abbat uni uzoqdan ko‘rgan zahoti.
Jyulen yepiskop bilan suhbatini lotin tilida xiyol tutilib hikoya
qila boshladi.
– Fransuzchalab gapiring va hazrati buzruk aytgan gaplarning
barini oqizmay-tomizmay aytib bering, – dedi seminariyaning sobiq
direktori odatdagi qo‘rsligi bilan.
234
– Yepiskopdan yosh seminaristga xo‘p g‘alati sovg‘a bo‘libdi-ku! –
deya to‘ngilladi u Tatsitning ajoyib jildlarini varaqlar ekan. Shu tobda
chetiga zarhal yugurtirilgan bu kitoblar uni dahshatga solayotgandek
tuyulardi.
Barcha tafsilotlari bilan to‘la hisobotni eshitib bo‘lgach, sevimli
shogirdiga hujrasiga borish uchun ijozat etganida kechasi soat ikki
bo‘lgan edi.
– Tatsitingizning hazrati buzruk hadyanoma yozgan birinchi
jildini menga qoldiring, – dedi u Jyulenga. – Bu lotincha jumla men
ketganimdan so‘ng mazkur mahfilda siz uchun balogardon bo‘ladi.
Erit, fili mi, successor meus tanquam 1eo quaerens quet devoret
(Zero, sen uchun, bo‘tam, mening o‘rnimga kelgan odam kimni yutib
yuborishni bilmay hayqiradigan sherning o‘zginasi bo‘lg‘ay).
Ertasi kuni ertalab Jyulen o‘rtoqlarining unga juda g‘alati mu-
omala qilishayotganini sezib qoldi. Bunga javoban u battar tumtayib
oldi. «Mana, – deya xayolidan o‘tkazdi u, – janob Pirarning iste’foga
chiqishining oqibati ham sezilib qoldi. Buni endi hamma biladi, men
esa uning sevimli shogirdi hisoblanaman. Ularning muomalasida
qandaydir ichiqoralik bor». Biroq Jyulen bu ichiqoralikning nimadan
iborat ekanini sira anglay olmasdi. Aksincha, seminariya yotoqxonasi
bo‘ylab o‘tib borar ekan, o‘ziga qadalgan nigohlarda u nafratdan asar
ham sezmasdi. «Bu qanaqasi bo‘ldi? Bironta tuzoq bo‘lsa kerak. Hay
mayli, ehtiyot bo‘lamiz». Nihoyat verrerlik yosh seminarist qiqirlab
kulganicha unga: «Cornelii Taciti opera omnia» (Tatsit asarlarining
to‘liq to‘plami), – dedi.
Baland ovoz bilan aytilgan bu so‘zlarni eshitgach, barcha Jyu-
lenni yepiskopning ajoyib sovg‘asi bilangina emas, balki u bilan ikki
soat suhbatlashib o‘tirish sharafiga muyassar bo‘lgani bilan ham
tabriklay ketdi. Hamma gap ularga mayda-chuydasigacha ma’lum
ekan. Shu daqiqadan e’tiboran hech kim unga hasad qilishga jur’at
etmay qo‘ydi: unga ochiqdan-ochiq xushomad qila boshlashdi;
kechagina u bilan nihoyatda kekkayib gaplashgan abbat Kastaned-
ning o‘zi Jyulenning qo‘ltig‘idan olib, uni uyiga nonushtaga taklif
qildi.
Biroq falak Jyulenga juda yomon bir fe’l ato etgandi: bu to‘pori
yigitlarning surbetligi unga qancha azob bergan bo‘lsa, endi ularning
tilyog‘lamalik qilishi shuncha nafratini qo‘zg‘ar va ko‘ngliga mutlaqo
yoqmas edi.
235
Peshinga yaqin abbat Pirar o‘z shogirdlari bilan xayrlashar ekan,
ularga jiddiy pand-nasihat bilan murojaat qilishni lozim topdi.
– Sizlar bu dunyodagi izzat-ehtiromga, ijtimoiy ustunlikka inti-
lasizlarmi, hukamolik qilish qonunlari ustidan kulish va odamlarni
adolatga xilof ravishda haqorat etish lazzati sizlarni yo‘ldan ozdira-
dimi? Yoki oxiratingizni o‘ylaysizmi? Orangizdagi eng yalqov talaba
ham ko‘zini ochsa bas, u bu ikki yo‘lni yaqqol ko‘ra oladi.
U seminariyadan ostona hatlab chiqishi bilan Isoning muqaddas
qalbi partiyasidan bo‘lgan taqvodorlar ibodatxona tomon yugurdi-
lar va: Ming qatla shukrkim, o‘zingga, Xudo, deya kuylay boshladi-
lar. Butun seminariyada bironta ham tirik jon sobiq direktorning
pand-nasihatlarini jiddiy qabul qilmadi. «Iste’foga chiqish osonmi
axir», deyishardi ular bir-birlariga qarab. Bironta ham seminarist
o‘zini turli yirik ta’minotchilar bilan ish yuritishga imkon beradigan
lavozimdan o‘z xohishi ila voz kechishga ishonadigan darajada go‘l
hisoblamas edi. Abbat
Pirar Bezansonning eng yaxshi mehmonxo-
nasiga ko‘chib o‘tdi va yo‘q ishlarini bahona qilib, u yerda ikki kun
turishga qaror qildi.
Yepiskop uni tushki ovqatga taklif etdi va katta vikariy de
Frilerning jig‘iga tegmoq niyatida abbat Pirarga o‘zini ko‘rsatish
uchun imkon berishga harakat qildi. Ular ovqatdan so‘ng sharbat
ichib o‘tirishgan edi, qo‘qqisdan abbat Pirarning poytaxtdan o‘n
besh chaqirim naridagi ajoyib N... qavmiga ishga tayinlangani haqida
Parijdan xabar kelib qoldi. Mehribon prelat uni chin ko‘ngildan ta-
brikladi, Bu voqealardan u nozik bir siyosat borligini uqdi, bundan
uning ko‘ngli ochilib, dilida abbatning iste’dodiga tahsin o‘qidi. U
janob Pirarga lotin tilida ajoyib attestatsiya yozib berdi,
to‘ng‘illab
noroziligini bayon etishga jur’at etgan abbat de Frilerga esa jim
o‘tirishni buyurdi.
Kechqurun yepiskop o‘z quvonchini hikoya qilib bermoq uchun
markiza de Ryubamprening uyiga jo‘nadi. Bezansondagi butun ki-
borlar jamiyati bu ajoyib yangilikdan lol qolgan edi. Bu g‘ayritabiiy
muruvvatdan barchaning boshi qotib qolgan edi. Abbat Pirarni,
ehtimol, yepiskop bo‘lib ketar, deb bashorat ham qila boshladilar.
Farosatliroq kishilar, janob de lya Mol ministr qilib ko‘tarilgan bo‘lsa
kerak, deb o‘yladilar va, hatto, bu kecha jamiyatda viqor bilan paydo
bo‘lishni lozim topgan abbat de Frilerning mahobati ustidan kulishga
ham jur’at etdilar. Ertasi kuni ertalab abbat Pirarning ortidan odamlar
236
ergashib yurishdi: u markizning ishlari bo‘yicha sud tomon yurib
borar ekan, do‘kondorlar eshikdan boshlarini chiqarib qarashardi,
sudda uni birinchi marta xushmuomalalik bilan qabul qilishdi. O‘zi
ko‘rgan narsalardan juda g‘azabi qaynagan qattiqqo‘l yansenist
markiz de lya Mol uchun tanlangan advokatlar bilan allamahalgacha
maslahatlashib o‘tirdi-da, so‘ngra Parijga jo‘nadi. Abbat karetaga
qadar kuzatib borgan va undagi gerblarni zavq bilan tomosha qilgan
ikki-uch maktabdosh do‘stiga seminariyani o‘n besh yil davomida
boshqarganidan so‘ng Bezansondan atigi besh yuz yigirma frank
bilan jo‘nayotgani, – u jamg‘ara olgan mablag‘ning bori shu ekanligini
aytishdan o‘zini tiyib tura olmadi. Do‘stlari ko‘zlariga yosh olganla-
richa u bilan quchoqlashib xayrlashdilar-da, so‘ngra bir-birlariga
qarab: «Mehribon abbat shu yolg‘onni aytmasa ham bo‘lardi. Axir
bu kulgili-ku», deyishdi.
Pul deganda o‘zlarini tomdan tashlaydigan bu pastkash odamlar
abbat Pirar olti yil davomida yolg‘iz o‘zi, hech kimning yordamisiz
Mariya Alakok, Isoning muqaddas qalbi partiyasi, iezuitlar va o‘z
yepiskopiga qarshi kurash olib borar ekan, faqat o‘zining yuksak
sofdilligidangina madad olganini tushunishga qodir emasdilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |