XXIV
Katta shahar
Qanday g‘ala-g‘ovur! Odamlarning ko‘pligini
aytmaysizmi, yana har birining o‘z tashvishi bor!
Yigirma yashar yigitning miyasida kelajak haqida
qanday rejalar tu zilmaydi deysiz! Bularning bari
uni sevgidan qanchalar chetga burib yubordi-ya.
Barnav.
Nihoyat, yiroqda, tepalikning ustida ulkan qora devor ko‘rindi –
bu Bezanson qal’asi edi. «Qani endi, – dedi u o‘zicha xo‘rsinib, – qani
endi men bu mo‘tabar istehkomga seminarist sifatida emas, balki bu
yerning himoyasi uchun qoldirilgan garnizon polklaridan birining
podporuchigi bo‘lib kelsam».
Bezanson Fransiyaning eng go‘zal shaharlaridan biri bo‘libgina
qolmay, unda ko‘plab zukko va olijanob odamlarni uchratish mumkin
edi. Biroq Jyulen bor-yo‘g‘i oddiygina qishloqi yigit edi va u mashhur
odamlar bilan tanishish imkoniyatiga ega emasdi.
U do‘sti Fukedan oddiy kostyum olgan bo‘lib, barcha shaharliklar
kiyib yuradigan ana shu kiyimda ko‘tarma ko‘prik ustidan o‘tdi.
Yigit 1674-yildagi qamal haqida juda ko‘p narsa o‘qigan edi va shu
boisdan seminariyada qamalib yotishdan avval u qal’a devorlarini
tomosha qilmoqchi bo‘ldi. Soqchilar uni ikki yoki uch marta ushlab
olishlariga sal qoldi: chunki u harbiylar pichanni o‘g‘rincha sotib, yili-
ga o‘n-o‘n besh frank ishlab olish imkoniyatidan mahrum bo‘lmaslik
uchun avomni kiritmaydigan joylarga ham tumshug‘ini suqqan edi.
183
Yuksak devorlar, chuqur xandaqlar, to‘plarning vahimali og‘zi
bir necha soat davomida uning butun diqqat-e’tiborini o‘ziga jalb
etib turdi, biroq xiyobondan o‘ta turib, u katta bir qahvaxonani
ko‘rib qoldi. U qoyil qolib to‘xtadi: yigit haddan tashqari katta eshik-
lar tepasida ulkan harflar bilan yozilgan «Qahvaxona» so‘zini qay-
ta-qayta o‘qidi-yu, ammo ko‘zlariga ishonmay turaverdi. Nihoyat,
u yurak betlab ichkari kirdi-yu o‘zini uzunligi o‘ttiz-qirq qadam,
balandligi esa kamida uch-to‘rt odam bo‘yi keladigan uzun zalda
ko‘rdi. Bugun barcha narsa Jyulenni o‘zining yangiligi bilan maftun
etmoqda edi.
Ikki bilyardda o‘yin ketayotgan ekan. Markyorlar baqirib hisobni
e’lon qilishar, o‘yinchilar tomoshabinlar o‘rab turgan bilyard atrofida
u yoqdan-bu yoqqa yugurishardi. Odamlarning og‘zidan chiqayotgan
tamaki tutuni ularning boshi uzra ko‘kimtir bulutga o‘xshab suzardi.
Jyulen etagi uzun va keng-mo‘l kamzul kiyib, yelkalari xiyol bukchay-
gan, chakka soqollari g‘aroyib bu norg‘ul odamlarning og‘ir-og‘ir
qadam bosishlarini qiziqib tomosha qilmoqda edi. Ko‘hna Bizonti-
yning mazkur olijanob o‘g‘lonlari faqat baqirib gaplasha olardilar,
ular o‘zlarini haybatli jangchilar qilib ko‘rsatishga urinardilar. Jyulen
zavqlanib turgan joyida qotib qoldi. Yigit bu ulug‘vor poytaxt shahar
– Bezansonning poyonsizligi va dabdabasiga maftun bo‘lib qolgandi.
Bilyard oldida hisobni baqirib e’lon qilayotgan manovi dimog‘dor
janoblarning birontasidan bir finjon qahva so‘rashga uning yuragi
dov bermadi.
Biroq peshtaxta ortida o‘tirgan qiz pechkadan uch qadam narida
tugunini qo‘ltig‘iga qistirganicha, qirolning ajoyib ganchdan yasalgan
oppoq byustini diqqat bilan tomosha qilayotgan qishloqi yigitning
ko‘hlikkina yuziga darrov e’tibor berdi. Qaddi-qomati kelishgan, ba-
land bo‘yli, ishlaydigan joyiga yarasha satang kiyingan bu fransh-kon-
telik qiz boshqa hech kim eshitmasligi uchun Jyulenni ohistagina:
«Afandim! Afandim!» – deya ikki marta chaqirgan edi. Jyulen qizning
anchayin ishva bilan qarab turgan shahlo ko‘k ko‘zlariga ko‘zi tush-
gach, uning o‘ziga murojaat qilayotganini tushundi.
U dushman ustiga bostirib borayotgan jangchi kabi yoshgina noza-
nin o‘tirgan peshtaxta tomon shitob bilan yurdi. Bu keskin harakatdan
uning tuguni qo‘ltig‘idan chiqib yerga tushdi.
Shu tobda bizning qahramonimiz o‘n besh yoshidayoq qahva-
xonaga viqor bilan kirib kela oladigan parijlik navqiron litseistlarga
184
g‘oyatda ayanchli ko‘ringan bo‘lardi! Biroq o‘n besh yoshida shunday
ajoyib ta’lim ko‘rgan bu o‘spirinlar o‘n sakkiz yoshga borib, o‘rtami-
yona yigit bo‘lib qoladilar. Ba’zan provinsiyada uchraydigan bunday
jo‘shqin tortinchoqlik goho o‘zini yengib, irodani mustahkamlaydi.
Jyulen birinchi bo‘lib o‘zi gap boshlashni lozim topgan bu qizga, boz
ustiga, shunday nozaninga yaqinlashar ekan, jur’atsizligini yenggani-
dan so‘ng dadillashib gapning rostini aytishga ahd qildi.
– Xonim, men Bezansonga umrimda birinchi kelishim. Haqini
to‘lab, bir finjon qahva bilan non olsam, degandim.
Qiz jilmaydi-da, qizarib ketdi; u anovi bilyardchilar bu go‘zal
yigitchaga e’tibor berib, uni kalaka qilishmasa edi, deya xavotir-
langandi. Shunda yigitcha qo‘rqib ketadi-da, bu yerga ortiq kelmay
qo‘yadi.
– Mana bu yerga, mening oldimga o‘tiring, – dedi u shundoq
yonginasida turgan marmar stolcha tomon bosh irg‘ab. Qimmatbaho
yog‘ochdan ishlangan va zal tomon turtib chiqqan ulkan peshtaxta
stolchani bilyardchilardan deyarli pana qilib turardi.
Qiz kishining havasini qo‘zg‘aydigan xipcha belini namoyish qilib,
peshtaxta uzra egildi. Jyulen bunga e’tibor berdi-yu, fikr-xayoli darhol
boshqa tomonga burilib ketdi. Nozanin uning oldiga finjon, qand va
bir burda non qo‘ydi. U Jyulenga qahva quyib bersin uchun ofitsiantni
chaqirgisi kelmadi, u kelgan zahoti qiz Jyulen bilan boshqa yolg‘iz
qololmasligini tushunardi.
Jyulen o‘zicha bu sochlari oqish quvnoq nozaninni goh-gohida
ko‘z o‘ngida gavdalanayotgan ba’zi xotiralari bilan taqqoslab, xayolga
cho‘mdi. U o‘ziga nisbatan qanday otashin sevgi uyg‘otganini eslagach,
tortinchoqligidan asar ham qolmadi. Nozanin uchun esa unga bir
qarashning o‘zi kifoya edi: u o‘ziga kerakli bo‘lgan barcha gaplarni
Jyulenning ko‘zlaridan uqib olgandi.
– Bu yerni shu qadar tutunga to‘ldirib yuborishdiki, nafas
ololmaysan kishi. Ertaga ertalab soat sakkizdan oldin, vaqtliroq
nonushta qilgani keling. O‘sha paytda men bu yerda deyarli yolg‘iz
bo‘laman.
– Ismingiz nima? – deya so‘radi Jyulen qoyil qolgan tortinchoq
odamdek muloyim jilmayib.
– Amanda Bine.
– Sizga bir soatlardan so‘ng manovinga o‘xshash kichkina bir
tuguncha yuborsam maylimi?
185
Nozanin Amanda bir lahza o‘yga tolib qoldi.
– Meni ham tergab turishadi, – dedi u. – Siz iltimos qilayotgan
narsaning menga ziyoni tegmasa, deb qo‘rqaman, lekin manovi kart-
aga manzilimni yozib beraman, siz uni tugunchangizga yopishtirib,
qo‘rqmay bemalol yuboraverishingiz mumkin.
– Mening ismim, Jyulen Sorel, – dedi yigit. – Bezansonda na qa-
rindosh-urug‘im bor, na tanish-bilishim.
– A! Tushunaman, – dedi qiz xursand bo‘lib. – Siz, demak,
huquqshunoslik maktabiga kirmoqchi ekansiz-da?
– Afsuski, yo‘q, – dedi javoban Jyulen. – meni seminariyaga o‘qish-
ga yuborishdi.
Amandaning chehrasidan hafsalasi qattiq pir bo‘lga-nn sezildi.
Qiz ofitsiantni chaqirdi, – endi u hech nimadan qo‘rqmay qo‘ygan
edi. Ofitsiant hatto Jyulenning basharasiga ham qaramay, unga qahva
quyib berdi.
Amanda peshtaxta ortida o‘tirganicha xo‘randalardan pul olmo-
qda edi, Jyulen qiz bilan gaplashishga jur’at etganidan o‘zicha juda
faxrlanib o‘tirardi. Bilyardlardan birining oldida qattiq bahs ketmo-
qda edi. O‘yinchilarning baqirib-chaqirishlari ulkan zalda aks sado
berib, qandaydir tinimsiz hayqiriqqa aylanardiki, Jyulen buni eshitib,
nihoyatda ajablandi. Amanda ko‘zlarini yerga tikkancha xayolga
cho‘mib o‘tirardi.
– Agar istasangiz, mademuazel, – dedi u daf’atan xotirjam bir
dadillik bilan, – men o‘zimni sizning qarindoshingiz qilib ko‘rsatishim
mumkin.
Yigitning o‘ziga bo‘lgan bu alomat ishonchi Amandaga juda yoqib
tushdi.
«Yo‘q, u qandaydir firibgar emas», deya xayolidan o‘tkazdi qiz.
So‘ngra u, peshtaxta tomon bironta odam kelmayotganmikin, deb
zalni kuzatarkan, Jyulenga qaramay, tez-tez dedi:
– Men Janlisdan bo‘laman, u – Dijonning yonida. Siz ham o‘zingizni
janlislikman deb ayting, ya’ni onamning qarindoshi bo‘lasiz.
– Albatta shunday deb aytaman.
– Yozda, har payshanba kuni soat beshlarga yaqin janob se-
minaristlar shu yerdan, qahvaxonaning shundoq yonginasidan
o‘tishadi.
– Agar o‘shanda meni eslasangiz, men ham shu yerdan o‘tayot-
ganimda, qo‘lingizga binafsha olib eshik oldiga chiqing.
186
Amanda unga ajablanib qaradi, bu nigoh Jyulenni sher qilib yubor-
di. Lekin u har qalay birdan:
– Sizni behad sevib qolganga o‘xshayman, – deganida qulog‘igacha
qizarib ketdi.
– Sekinroq gapiring! – dedi javoban qo‘rqib ketgan qiz.
Jyulen Verjida tasodifan qo‘liga tushib qolgan «Yangi Eloiza»ning
titilib ketgan tomidan bir necha jumlani eslashga harakat qilardi. Yigit-
ning xotirasi bu gal ham unga pand bermadi: u nozanin Amandani qo-
yil qoldirib, o‘n daqiqacha «Yangn Eloiza»ni yoddan o‘qidi. U o‘zining
jasurligidan boshi osmonga yetib turgan edi, birdan fransh-kontelik
go‘zal qizning chehrasi sovuq bir tus oldi. Qahvaxona eshigida uning
o‘ynashlaridan biri ko‘ringan edi.
Yigit yelkasini o‘ynatib, hushtak chalganicha peshtaxta oldiga
keldi-da, Jyulenga tikilib qaradi. Hamma narsani doim bo‘rttirib
tasavvur qiladigan Jyulenning ko‘z o‘ngida darhol muqarrar duel
manzarasi namoyon bo‘ldi. U rangi oppoq oqarib, oldidagi finjonni
nariroq surdi-da, gerdayib diqqat bilan raqibiga tikildi. O‘sha raqib
boshini egganicha, takallufsizlik bilan qadahga aroq qu-yar ekan,
Amanda imlab Jyulenga pastga qarashni buyurdi. Jyulen uning am-
riga bo‘ysundi va hozir ro‘y berajak voqeadan bo‘lak hech nimani
o‘ylamay, oppoq oqarganicha, jangga shay bo‘lib ikki daqiqacha qimir
etmay o‘tirdi; chindan ham shu daqiqada u juda so‘lim edi. Jyulenning
nigohi raqibini hayratga soldi; u aroqni bir simirishda ichib, Amanda
bilan ikki og‘iz gaplashib oldi-da, so‘ngra qo‘llarini keng kamzulining
cho‘ntagiga tiqib, Jyulenga qarab-qarab qo‘yganicha, hushtak chalib,
bilyardlardan biri tomon ravona bo‘ldi. G‘azabdan es-hushini yo‘qotib
qo‘ygan Jyulen o‘rnidan sapchib turdi; biroq u duelga chaqirish uchun
nima qilish kerakligini bilmasdi. Yigit tugunini stol ustiga qo‘ydi va
bezday bezrayib bilyard tomon yo‘l oldi.
Bir xayoli unga behuda: «Agar Bezansonda birinchi kuniyoq
duelga chiqsang – sen uchun ruhoniylik martabasi tamom bo‘ladi»,
deya uqtirardi.
Bir xayoli: «Bari bir, lekin shundan keyin hech kim, surbetning
oldida qo‘rqoqlik qildi, demaydigan bo‘ladi!» – derdi.
Amanda yigitning o‘ktamligini darhol sezdi: uning tortinchoqligi,
uquvsizligi oldida bu xislati ayniqsa ko‘zga yaqqol tashlanardi. Qiz
shu zahoti anovi kamzul kiygan barzangidan Jyulenni afzal ko‘rdi.
U o‘rnidan turdi-da, o‘zini ko‘chadan o‘tib ketayotgan allaqanday
187
odamni kuzatayotgandek ko‘rsatib, shosha-pisha yigit bilan bilyard
o‘rtasiga turib oldi.
– O‘sha janobga olayib qarashdan sizni Xudo saqlasin, u mening
pochcham bo‘ladi.
– Bunisi bilan nima ishim bor? Nega u menga o‘qrayadi?
– Nima, meni baxtsiz qilmoqchimisiz? To‘g‘ri, u sizga qaradi, hali
u ehtimol siz bilan gaplashar ham. Axir men unga sizni hozirgina Jan-
lisdan kelgan xolavachcham deb aytdim. Uning o‘zi Fransh-Kontedan,
Burgundiyada esa Doldan nariga o‘tgan emas. Siz unga miyangizga
kelgan gapni aytaverishingiz mumkin.
Jyulenning hamon ikkilanib turganini ko‘rib, yolg‘on-yashiqni
bichib-to‘qishga juda chechan bo‘lgan bu peshtaxta malikasi sho-
sha-pisha qo‘shimcha qildi:
– Rost, u sizga ko‘z tashladi, lekin u mendan kimligingizni so‘ra-
gandagina sizga qaradi. O‘zi shunaqa sodda odam, hamma bilan
shunday muomala qiladi, sizni xafa qilish uning hatto xayoliga ham
kelgani yo‘q.
Jyulen soxta pochchadan ko‘zini uzmay turardi, o‘sha odam na-
rigi chetdagi bilyardning oldiga borib, o‘yinda ishtirok etish uchun
patta sotib oldi. Jyulen uning bor ovozi bilan: «Qani, sizlarga hozir bir
ko‘rsatib qo‘yaman!» – deya baqirganini eshitdi. U nozanin Amandan-
ing yonidan lip etib o‘tdi-da, bilyard tomon bor qadam bosdi.
Amanda uning qo‘lidan tutib qoldi.
– Marhamat qilib avval pulni to‘lang, – dedi qiz. «Ha, rost-a, – deya
xayolidan o‘tkazdi Jyulen, – u pulni to‘lamasdan qochib ketishimdan
qo‘rqyapti». Amanda undan battar hayajonlanayotgan edi, uning ikki
yuzi lov-lov yonib turardi, qiz qaytimni jo‘rttaga cho‘zib sanar ekan,
ohistagina:
– Darhol qahvaxonadan chiqib keting, bo‘lmasam men sizni sev-
may qo‘yaman! Rostini aytsam, siz menga juda yoqib qoldingiz, – deya
takrorlardi.
Nihoyat, Jyulen imillab qahvaxonadan chiqib ketdi. «Balki, har
qalay, o‘sha to‘ng‘izning oldiga borishim va xuddi o‘ziga o‘xshatib
ko‘ziga tikilib qo‘yishim kerakdir?» – deb so‘rardi u o‘zidan o‘zi. Ana
shu taraddud tufayli u qahvaxona oldidagi xiyobonda yana deyarli
bir soatcha qaqqayib turdi: u hamon, o‘sha dilozor chiqib qolarmikin,
degan umidda edi. Biroq barzangi chiqavermagach, Jyulen qahvaxona
oldidan nari ketdi.
188
Uning Bezansonga kelganiga bor-yo‘g‘i bir necha soat bo‘ldi-yu,
ba’zi ishlar uchun o‘zidan o‘pkalashga to‘g‘ri kelyapti. Keksa tabib
o‘zining podagra kasaliga qaramay, bir vaqtlar unga bir necha marta
qilichbozlikdan saboq bergan bo‘lib, hozir qahr-g‘azabi jo‘shib turgan
Jyulen ishlata olishi mumkin bo‘lgan butun qurol ana shu edi. Biroq
raqibiga o‘z g‘azabini, shapaloqdan bo‘lak, qay yo‘sinda namoyish
etishni bilganida edi, yigitni bu mushkulot ham to‘xtatib qololmagan
bo‘lardi, ish mushtlashuvga borib taqalganida esa, uning raqibi, haligi
barzangi Jyulenni yaxshilab do‘pposlardi-yu, shu bilan hammasi
tamom bo‘lardi-qo‘yardi.
«Na homiysi, na puli bo‘lgan men kabi bir kambag‘alga, – deya
mulohaza yuritardi Jyulen, – seminariya nima-yu qamoqxona nima
– farqi kam. Shahar kiyimimni bironta mehmonxonada qoldirish
kerak, qora kostyumimni ham o‘sha yerda kiyib ola qolardim. Agar
biror kun seminariyadan bir necha soatga chiqa olsam, men shu ki-
yimda Amandaning oldiga borishim mumkin bo‘lardi». Jyulen buni
yaxshi o‘ylab topdi-yu, biroq yo‘lida uchragan mehmonxonalarning
birontasiga kirishga jur’at etmadi ham.
Nihoyat, u «Elchilar mehmonxonasi»ning yonidan ikkinchi marta
o‘tayotganida, uning tashvishli nigohi o‘zi hali ancha yosh, ikki yuzi
qip-qizil, tiyrakkina semiz bir juvonning quvnoq ko‘zlariga tushdi.
Yigit uning yoniga borib, ahvolini gapirib berdi.
– Mayli, bemalol, yaxshi yigit, – deya javob qildi unga «Elchilar
mehmonxonasi»ning bekasi, – men shahar kiyimingizni jon deb
saqlab qo‘yaman, innaykeyin, uni tez-tez shamollatib turishga ham
va’da beraman, bunaqa ob-havoda movut kiyimni uzoq taxlab qo‘yish
yaramaydi.
U kalitni olib, o‘zi Jyulenni xonaga kuzatib bordi va unga qoldirib
ketayotgan narsalarning barini qog‘ozga yozib qo‘yishni maslahat berdi.
– Voy Xudoyim-ey, bu kiyimingiz o‘zingizga biram yarashibdiki,
azizim abbat Sorel! – dedi unga semiz juvon Jyulen kiyimini al-
mashtirib oshxonaga, uning oldiga kirgach. – Bilasizmi, men hozir
sizni yaxshilab mehmon qilaman. Bezovta bo‘lmang, – deya qo‘shim-
cha qildi u tovushini pasaytirib, – buning uchun siz bor-yo‘g‘i yigirma
su to‘laysiz, boshqa odamlardan esa men ellik su olaman: sizning
hamyonchangizga rahm qilish kerak-da, axir.
– Mening o‘n luidor pulim bor, – dedi birmuncha faxrlanib javoban
Jyulen.
189
– Yo Xudoyim! – cho‘chib xitob qildi beka. – Buni shunaqa baland
ovoz bilan gapirib bo‘larkanmi axir? Bizning Bezansonda kim ko‘p –
firibgar ko‘p. Ko‘z ochib-yumguningizcha kissangizni urib ketishadi.
Eng muhimi, hech qachon qahvaxonalarga bormang, ular o‘sha yerda
to‘lib yotibdi.
– Shunaqa deng! – dedi Jyulen. Bekaning bu gapi uni o‘ylatib
qo‘ygandi.
– Siz menikidan bo‘lak hech qayerga bormang, sizga qahvani
ham o‘zim damlab beraman. Yodingizda bo‘lsin, sizni bu yerda doim
do‘stona kutib olishadi, ovqatni ham yigirma suga olasiz, gapimga
ishonavering, sizga yaxshi maslahat beryapman. Qani, endi dasturxon
yoniga o‘tiring, ovqatni sizga o‘zim keltiraman.
– Yo‘q, hozir tomog‘imdan ovqat o‘tmaydi, – dedi unga Jyulen, –
juda hayajonlanyapman, axir bu yerdan chiqib, to‘g‘ri seminariyaga
borishim kerak.
Biroq rahmdil ayol yigitga uning cho‘ntaklarini turli yegulik
bilan to‘ldirganidan keyingina javob berdi. Nihoyat, Jyulen o‘zining
dahshatli bandixonasiga ravona bo‘ldi. Beka ostonaga chiqib unga
yo‘l ko‘rsatib qoldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |