Bog'liq 709-сон 24.11.2021. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibiga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida
3-bob. Ochiq elektron tanlovni tashkil etish tartibi 18. Operator buyurtma kelib tushgan kundan boshlab ikki ish kuni ichida ochiq elektron
tanlov o‘tkazish to‘g‘risidagi xabarnoma va lot haqidagi ma’lumotlarni, shuningdek, qishloq
xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasi ijara shartnomasi loyihasini savdo platformasida e’lon qiladi.
E’lon qo‘shimcha ravishda ommaviy axborot vositalarida, shuningdek, tuman (shahar)
hokimligining rasmiy veb-sayti va gazetalarida ham e’lon qilinishi mumkin.
19. Ochiq elektron tanlov xabarnoma va lot haqida e’lon berilgan kundan boshlab 15 kalendar
kunidan so‘ng o‘tkaziladi.
20. Ochiq elektron tanlovda ishtirok etish uchun arizalar savdo platformasi orqali yuboriladi.
Bunda:
ikki yoki undan ortiq lotlar bo‘yicha ochiq elektron tanlovda g‘olib bo‘lgan talabgorga faqat
bitta yer uchastkasi uchun g‘oliblik bayonnomasi rasmiylashtiriladi, tanlov g‘olibiga yer
uchastkalaridan birini tanlash imkoniyati beriladi, qolgan lotlar bo‘yicha tanlov natijalari bekor
qilinadi, bunda bekor qilingan lotlar bo‘yicha zakalat puli tanlov g‘olibiga qaytariladi;
ochiq elektron tanlovda bir marotaba g‘olib bo‘lgan shaxs keyingi tanlovlarda ishtirok
etmaydi.
21. Ochiq elektron tanlovda qatnashish uchun talabgorning arizasi xabarnoma
joylashtirilgandan boshlab tanlov o‘tkazilishi belgilangan kun soat 9-00 ga (GMT+5) qadar savdo
platformasi orqali qabul qilinadi.
Qabul qilish uchun belgilangan muddat o‘tgandan keyin kelib tushgan arizalar qabul
qilinmaydi.
Talabgor ariza qabul qilish muddati davomida o‘z arizasini qaytarib olishga va takroran
berishga haqli.
22. Xabarnoma va lotga oid axborot tanlov boshlanishidan kamida 15 kalendar kunidan oldin
savdo platformasida e’lon qilinadi.
Xabarnomada quyidagilar aks ettiriladi:
tanlov shakli, o‘tkaziladigan sanasi, tanlov natijalarini e’lon qilish vaqti;
lot raqami va obyekt nomi;
tanlovda qatnashish uchun ariza qabul qilishni yakunlash sanasi va vaqti;
tanlov obyektiga oid buyurtmada ko‘rsatilgan va unga ilova qilingan ma’lumot va hujjatlar;
zakalat pulining miqdori;
ijrochining manzili va telefon raqami;
ijrochi tomonidan taqdim etilgan qo‘shimcha ma’lumotlar (agar mavjud bo‘lsa);
tanlov obyektini oldindan ko‘rish (ko‘zdan kechirish) tartibi;
tanlov shartlarini savdo platformasida e’lon qilish;
obyektning joylashgan manzili, fotosurati va geolokatsiyasi.
Operator tomonidan savdo platformasida tanlov o‘tkazilishi to‘g‘risida xabarnoma e’lon
qilingandan keyin tanlov shartlarini o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ijrochi tomonidan buyurtmani
savdo platformasidan chiqarib olish hamda tanlov shartlarini o‘zgartirilgan holda buyurtmani qayta
yuborish holatlari bundan mustasno.
Operator ijrochi tomonidan taqdim etilgan tanlov obyekti bo‘yicha ma’lumot va hujjatlar
yuzasidan javobgar hisoblanmaydi.