Shunday qilib, ko'rsatmalilik metodi:
tarixiy bilimlarning asosiy manbalaridan biri bo'lib xizmat qiladi;
o'quv materialining ta’lim-tarbiya vazifalarini muvaffaqiyatli amalga oshirishga yordam beradi;
o'qituvchi bayonining aniq, obrazli va ta’sirchan bo'lishiga yordam beradi;
o'quvchilarning o'quv materialini o'rganishga qiziqishini oshiradi va ularning bilish faoliyatini faollashtiradi;
o'qituvchining bayonini va uning darsda qo'llangan boshqa o'quv usullarini o'quvchilarning tushunib olishini yengillashtiradi;
o'quvchilarning fikrlash faoliyatini va ijodiy qobiliyatini o'stiradi;
o'quvchilar bilimining aniq, chuqur va mustahkam bo'lishiga yordam beradi.
Xarita va ularning turlari
Tarixiy xarita bilan ishlash geografik muhitga xarakteristika berishning asosiy metodini tashkil etadi. Tarixiy xaritalarda mavzu va voqea-hodisalar, jarayonlarning mazmuni, davlatning chegaralari va boshqalar beriladi. Tarixiy kartalarning bir necha turlari bor: tarixiy iqtisodiy, tarixiy etnografik, arxeologik, tarixiy-siyosiy, harbiy-tarixiy, tarixiy-madaniy.
O’quv tarixiy kartalari esa ta’limda foydalaniladi. Xaritalar hech qachon eskirmaydi. Eskirganlari ham o'z qadrini yo'qotmaydi. Ammo o'sha davr tarixiga arxeologik izlanishlar yoki boshqa yozma manbalarning topilishi bilan yangi o'zgarishlar kiritilishi mumkin bo'lsada, baribir o'tgan davr tarixshunosligi haqida ham ma’lumot berish vazifasini o'taydi. Ularga qarab tanqidiy fikrni rivojlantirish ham mumkin. Xaritalar orqali xalqlarning tarixiy rivojlanishiga geografik muhitning ta’sirini ko'rsatish uchun katta imkoniyat bor. Xarita yordamida biror mamlakatning tarixiy taraqqiyotida bosib o'tgan turli bosqichlardagi ahvolini aniq tasvirlab berish, birinchidan, ishlab chiqaruvchi kuchlarning rivojlanishi haqida aniq tasavvur yaratishga, ikkinchidan, inson ajdodlari mehnatining bunyodkorlik kuchini puxta tushunib, anglab olishlariga yordam beradi. Binobarin, xarita bilan ishlash juda katta ma’rifiy va tarbiyaviy ahamiyatga egadir. Xaritadan foydalanib tarixiy voqea sodir bo'lgan joyni ko'rsatish, geografik muhitning roli haqida tasavvur yaratish uchungina emas, balki tarixiy voqealarning mohiyatini, ularning qonuniyatlarini, o'zaro aloqalari va sabab-natijalarni ochib berishda ham muhim rol o'ynaydi. Xaritadan tarixiy voqeani tushuntirib berishdagina emas, balki uni tahlil qilishda va umumlashtirishda ham foydalaniladi. Xarita yordamida tarixiy voqealarning sabab-aloqalari ochib beriladi. Masalan, Amir Temur davlati va saltanatining kengayishi va yuksalishi siyosiy – ma’muriy holati ochib beriladi. Xarita darsning boshida o'rganilgan materialni tahlil qilish, umumlashtirish, tarixiy taraqqiyot rivojlanishining qonuniyatlarini ochib berishga yordam ko'rsatadi. Tarixiy xarita o'quv materialini mustahkamlashda muhim rol o'ynaydi. o'qituvchi voqea bo'lib o'tgan joyini devorga osilgan xaritadan ko'rsatgan vaqtda o'sha joyni o'z xaritasi yoki atlasidan izlab topishi, o'qituvchi rahbarligida xaritaning tahlil qilinishi, xaritalar ustida mustaqil ishlash, savollarga xaritadan foydalanib javob berishi o'quv materialining puxta o'zlashtirilishiga va uzoq vaqt esda saqlanishiga yordam beradi.
Birorta ham tarixdan ma’ruza va amaliy mashg'ulotlarni xaritasiz tasavvur etish qiyin. Xarita tarix darsining eng zaruriy qo'llanmasi bo'lib hisoblanadi. Xarita avvalo o'rganiladigan mavzuga mos bo'lishi lozim. o'qituvchi voqealar rivoji davomini bayoni jarayonida xaritadan ko'rsatib borishi, ayni vaqtda o'quvchilar o'qituvchi ko'rsatadigan joyni qo'llaridagi xarita yoki atlasdagi xaritadan izlab topishlari lozim.
Har bir yangi xarita o'rgana boshlanganda unga qisqacha obzor berish, uni o'rganilgan eski xarita bilan solishtirib, o'quvchilarni yangi xaritadagi o'zgarishlar bilan tanishtirish, ularning tarixiy taraqqiyotning izchilligi va har bir bosqichning o'ziga xos muhim xususiyatlarini anglab olishlariga yordam beradi. o'quvchilar ikki xaritani solishtirib mamlakat hududi toraygan yoki kengayganini, shaharlarning o'sganligi va boshqa o'zgarishlar yuz berganligini aniq tushunib oladilar. Tarix o'qitish tajribasida tarixiy xaritalarning uch turidan foydalaniladi:
Do'stlaringiz bilan baham: |