12-mavzu. Davlat xizmatchilarining kasaba uyushmalari
Reja:
12.1. Davlat xizmatchilari kasaba uyushmalarining normativ-huquqiy bazasi.
12.2. Kasaba uyushmalariga a’zo boʻlish kafolatlari.
12.3.Jamoaviy muzokaralar olib borish. Nizolarni hal etish.
Tayanch so’z va iboralar: davlat xizmati, kasaba uyushmasi, birlashma, muzokara, nizo, jamoaviy muzokaralar, davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, malaka unvoni
Davlat xizmatchilari kasaba uyushmalarining normativ-huquqiy bazasi
Oʻzbekiston Respublikasida davlat xizmatini isloh etish qonunlarga qat’iy rioya etadigan, inson va fuqarolarning huquqlari va erkinliklari ustunligini tan olgan holda ommaviy (jamiyat, fuqaro) manfaatlarni koʻzlab davlatning vazifalari va funksiyalarini amalga oshiradigan, yuqori malakali professional davlat xizmatchilari korpusini shakllantirishni nazarda tutadi.
Davlat maxsus tashkil etilgan apparatsiz mavjud boʻlishi mumkin emas. Davlat apparati esa, davlat xizmati tizimiga muhtoj boʻladi. Shu sababli davlat apparatida olib boriladigan islohotlar, birinchi navbatda, davlat xizmatining toʻgʻri tashkil etilishi va samarali amalga oshirilishini nazarda tutadi.
Davlatning faoliyat koʻrsatishi, davlat apparati va davlat xizmatining holati mamlakat axolisida unga nisbatan tasavvurlarni paydo qiladi. Davlat nomidan harakat qilayotgan xizmatchiga qarab davlatga yoki davlat apparatiga baho beriladi. Shu sababli, har bir davlatda davlat xizmatining qanday shakllangani juda muhim ahamiyatga egadir.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarini yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash, ular bilan doimiy ishlash, malakasini oshirib borish, samarali davlat xizmatchilari zaxirasini shakllantirish masalalari har qanday davlat oldida turgan birinchi galdagi vazifalardan hisoblanadi.
Davlat xizmatining toʻgʻri tashkil etilishi davlatda qabul qilinadigan qonun hujjatlariga ham bogʻliqdir. Davlat-xizmat munosabatlarining qanchalik huquqiy tartibga solinganlik darajasi uning rivojlanish tendensiyalarini belgilab beradi. Davlatda mavjud qonunchilik davlat xizmatining mazmuni hamda amaldagi holatini koʻrsatadi.
Davlat xizmati tizimida qonun hujjatlari qanchalik mukammal ishlab chiqilganligi va uni amalga oshirish mexanizmining toʻgʻri yoʻlga qoʻyilganligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Davlat xizmati – davlat korxonalari, muassasalari, tashkilotlari va birlashmalarida amalga oshiriladigan xizmatdir.Xususiy tashkilotlarning, korxonalarning, banklar va boshqa korxona va tashkilotlarning xizmatchilarini, faqatgina ijtimoiy nuqtai nazardan, xizmat munosabatlari tizimiga kiritish mumkin.
Oxirgi vaqtlarda koʻpgina rivojlangan davlatlarda xalq deputatlari tomonidan olib borilayotgan xizmat professional ish sifatida namoyon boʻlmoqda. Lekin deputatlar davlat xizmatchilari hisoblanmaydilar. Davlatda oliy mansablarni egallab turgan shaxslar ham (Prezident, vakillik va ijro hokimiyati organlarining rahbarlari, vazirlar va h.k.lar) davlat xizmatida emas. Ular ommaviy-huquqiy xizmat maqomiga ega hamda oʻz vazifalarini ma’lum bir davrda amalga oshirishlari mumkin.
Davlat xizmatchisi-bu:
-davlat xizmatchisi oʻz faoliyatini davlat xizmatchilari lavozimlari reyestriga kiritilgan lavozimlarda amalga oshiradigan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosidir;
-chet davlatlar fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi prezidentining alohida qarorlarida belgilangan tartibda davlat xizmatchilari lavozimlarini egallashlari mumkin;
davlat xizmatchilari lavozimlari reyestriga kiritilgan lavozimlarni egallab turgan davlat xizmatchilarining faoliyati davlat xizmatiga oid qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi;
- Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida harbiy xizmat va huquqni muhofaza qilish organlarida xizmat qilish davlat maxsus xizmati boʻlib, alohida qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi (DXRA) tashkil etildi. U davlat boshqaruvi organlari va tashkilotlarda kadrlar boshqaruvi hamda inson resurslarini rivojlantirish sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshirish uchun mas’ul boʻladi.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi oʻz faoliyatida bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga boʻysunadi va unga hisobot beradi;
Oʻzbekiston Respublikasi prezidentining davlat xizmati va hokimiyat vakillik organlari bilan hamkorlik qilish masalalari boʻyicha maslahatchisi bir vaqtning oʻzida agentlik direktori hisoblanadi;
agentlik Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
davlat xizmatini transformasiyasi uchun mafkuraviy platformani, uni rivojlantirish dasturlari va loyihalarini ishlab chiqish, shuningdek, davlat xizmati sohasida yagona siyosatning amalda bajarilishini ta’minlash;
davlat organlari va tashkilotlarining kadrlar siyosati sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
davlat xizmatini rivojlantirish tendensiyalari va rivojlanish istiqbollarini monitoring hamda tahlil qilish, ushbu sohadagi muammolar va muammolarni hal qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
xodimlarni boshqarish va inson resurslarini rivojlantirishning ochiqlik, professionallik va hisobdorlik tamoyillariga asoslangan innovasion usullarini joriy etish;
Milliy kadrlar zaxirasini boshqarish, davlat xizmati lavozimlari reyestrini yuritish, shuningdek, davlat xizmatchilari boʻsh lavozimlarining yagona ochiq portalini yaratish va yuritish;
davlat xizmatchilari faoliyatini baholash va ularning natijalarini tahlil qilish, jamoatchilik fikrini oʻrganish hamda davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining ochiqlik reytingini shakllantirish uchun oʻlchov koʻrsatkichlari (muhim koʻrsatkichlar) tizimini joriy etish;
malakali va yuqori malakali mutaxassislarni aniqlash va jalb qilish boʻyicha tizimli ishlarni olib borish, shu jumladan, chet elda yashayotgan vatandoshlar orasida, shuningdek, iqtidorli yoshlar va ayollarni davlat xizmatiga keng jalb qilish;
davlat xizmati uchun eng istiqbolli kadrlarni ochiq mustaqil tanlov asosida tashkil etish;
davlat xizmatchilari oʻrtasida yuqori kasbiy etika, korrupsiyaga qarshi madaniyat va korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirish;
davlat xizmati sohasida axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish va izchil takomillashtirish, davlat xizmatchilari shaxsiy ma’lumotlarining saqlanishi bilan bogʻliq ma’lumotlar bazasini shakllantirish;
davlat xizmatchilarining ish beruvchilar bilan munosabatlarida huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda, shuningdek ularning ishlashi va ijtimoiy himoyasi uchun munosib sharoitlar yaratishda koʻmaklashish.
12.1-jadval
Do'stlaringiz bilan baham: |