Xitoy madaniyati juda qadim zamonlardan boshlanadi. Eng qadimgi Xitoy yozuvlari iyeroglif yozuvlarining paydo bo’lishi va dastlabki taraqqiyot prosesslarini kuzatishga imkon beradi. Saqlanib qolgan adabiy manbalar, ko’proq qadimgi Xitoyning klassik adabiyoti deb atalgan asarlar Xitoy diniy falsafa, huquqshunosligi qanday paydo bo’lib va rivojlanib kelganini va juda qadimgi ijtimoiy-siyosiy sistemalarining qanday paydo bo’lganini kuzatishga imkon beradi. Bu prosess ko’p ming yillar davom etib kelganini ko’ramiz.
Qadimgi Xitoyda tabiatga topinish, ayniqsa yer va toqqa topinish azaldan juda keng tarqalib kelgan. Xitoyda qadimdan rasm bo’lib kelgan toqqa topinish odati Xitoy yerining relyefi va o’sha zamonning xo’jalik turmushi bilan bog’liq bo’lgan, chunki Xitoylarning eng qadimgi ota-bobolari yozda tog’larda, qishda esa dashtda yashab, tog’lardan daryolarga qarab ko’chib yurganlar. Xitoyda yer bilan bog’liq bo’lgan alohida rom ochish (geomantiya) formasi uzoq vaqtgacha mavjud bo’lgan. Shu bilan bir qatorda qadimgi xitoylar quyosh, oy, sayyora va yulduzlarni, daryo va daraxtlarni xudo deb bilganlar. Boshqa juda ko’p qadimgi xalqlar singari, xitoylar ham ota-bobolarini ilohiylashtirganlar, mustahkam patriarxal turmush odatlari bilan mahkam bog’liq bo’lgan bu e’tiqod juda eski qotib qolgan formada ancha keyingi vaqtlargacha saqlanib kelgan.
Xitoyda diniy e’tiqotlar juda qadim zamonlardayoq shakllangan. Klassik adabiyot asarlarida qadimgi muqaddas tekstlar bo’lganligini ko’rsatuvchi ma’lumotlar saqlanga, bu tekstlarni dindor odamlar juda hurmat qilgan. Ammo eramizdan avvalgi VI-V asrlarda ma’lum shaklga kirgan va eng keyingi dinlarga asos bo’lgan diniy-filosofik sistemalar Xitoyda ayniqsa katta ahamiyat qozongan. Konfusiyning diniy-filosofik sistemasi Xitoyning madaniy hayotida juda katta ahamiyatga ega bo’lgan.
Qadimgi Xitoyda yana bir filosofik sistema Lao-szi yaratgan sistema juda ko’p tarqalgan. Lao-szining filosofik ta’limoti Xitoyda eramizdan avvalgiVI asrning oxirgi va V asrning boshida mavjud bo’lgan murakkab sinfiy munosabatlarni aks ettirgan. Kundalik hayot ehtiyojlari juda qadim zamonlardayoq bir qancha fan kurtaklarini vjudga keltirgan. Vaqtni hisoblash va kalendar tuzish zaruriyati astronomiyaning eng qadimgi formasining maydonga kelishiga sabab bo’lgan. Astronomik kuzatishlar Shan-In davridayoq boshlangan.
Qutb yulduzi atrofidagi to’p yulduzlarni «oy uylariga» qarab taqsim qilganlar va shu tariqa yulduzlar olamining kartasini tuzganlar. Xitoy astronomlari shu to’p yulduzlarning quyosh va qutbiga qarab va suv soatlaridan foydalanib vaqtni belgilaganlar. Xitoy davlatining kengayishi va mamlakatni ma’muriy rayonlarga bo’lish zaruriyati geografiya fanini erta paydo bo’lishi va rivojlanishiga sabab bo’lgan.
Dehqonchilikning keng rivojlanishi agronomiya kuzatishlari va bilimlarining juda qadim zamonlardayoq to’plana to’plana boshlashiga va hatto birmuncha tartibga solinishiga sabab bo’lgan. Agronomiya kuzatishlari va bilimlari Xan davrida qadimgi agronomiya asarlari shaklida to’plangan. Bu asarlarda dehqonchilik to’g’risida, ko’p dalali xo’jalik, juyak qilib ekish, ekinlarni navbatlab ekish, o’g’itdan foydalanish usullari va boshqalar to’g’risida eng qadimgi Xitoy nazariyalari saqlangan.
Xitoynig qadimgi madaniyati qo’shni xalqlar, qadimgi zamonlarda Mo’g’iliston, Manchjuriya, Tibet, Hindu-Xitoy, Koreya va ayniqsa Yaponiyaning keng territoriyalarida yashagan ko’pgina xalqlar madaniyatining rivojlanishiga katta ta’sir ko’rsatgan.
XULOSA
Tarix fani insoniyat taraqqiyoti jarayonida orttirilgan tajribalarning mujassam ifodasi, ularni o’zida saqlovchi xazinasidir. Qadimgi Sharq tarixi ham tarixiy jarayonning umumiy va alohida qonuniyatlarini xarakterlaydi.
Sharq davlatlarining kelib chiqishi va rivojlanishida ularning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, huquqiy tuzumida, madaniyatida o’ziga xos xususiyatlar mavjud edi. Jumladan, Qadimgi Sharq davlatlari insoniyat tarixidagi dastlabki va eng qadimgi davlatlar bo’lgan. Davlat tashkil topgan vaqtda hali ibtidoiy jamoa tuzumining ko’pgina sarqitlari chuqur saqlanib qolgan, Sharq mamlakatlari odatda daryolar havzalarida tashkil topgan. Sharq quldorchiligi asosan patriarxal quldorchilik bo’lib, Sharq mamlakatlari ijtimoiy tuzumi o’zining differensiasiallashganligi bilan ajralib turadi; Sharq jamiyatining yana bir xususiyati – uning an’anaviyligidadir, shuningdek, davlat tuzumi despotik shaklda bo’lib, Sharq mamlakatlari huquqi insoniyat tarixidagi dastlabki huquq tizimlaridan sanaladi.
Sharq uchun tipik davlatlar – Qadimgi Misr, Qadimgi Ikkidaryo oralig’i – Mesopotomiya, Kichik Osiyo, Kavkazorti, O’rta Osiyo va Eron, Hindiston hamda Xitoyda vujudga kelgan ushbu davlatlar turli geografik mintaqalarda bir-biriga bog’liq bo’lmagan holda paydo bo’ldi va madaniyat sivilizasiyasi markazlariga aylandi.
Qadimgi Sharq tarixida 3 ta katta davr ajratib ko’rsatiladi. Birinchi davr (er. avv. IV ming yillikning oxiri – III ming yillik) Qadimgi Sharqda 3 ta quldorchilik jamiyatlarining – Misr, Shumer va Qadimgi Hind davlatlarining vujudga kelish davri bo’lib, ular dunyodagi birinchi sivilizasiyalar edi. Shumer, Misr va Hind vohasida eng qadimgi yozuv tizimi paydo bo’ladi, monumental arxitektura va san’at rivojlanadi. Misr ehronmlari, Qadimgi Shumer zinapoyali ibodatxona – zikkuratlar, Xarappa shahar komplekslari insoniyat madaniyati erishgan cho’qqilaridan edi.
Ikkinchi davr (er. avv. II-I ming yillikning birinchi choragi)da tarixiy rivojlanish bir muncha murakkablashadi, endilikda Qadimgi Sharq siyosiy xaritasini bir guruh turli davlatlar to’ldiradi. Er. avv. II ming yillikda Xuanxe vodiysida sinfiy jamiyat, Qadimgi Xitoy sivilizasiyasining yangi o’chog’i tarkib topib, u boshqa Qadimgi Sharq markazlaridan ajralib tursa-da, qo’shni qabilalar va xalqlar madaniy yutuqlarini o’ziga singdira boshlaydi. Shuningdek, Shimoliy Mesopotomiyada Ossuriya davlati hamda Kichik Osiyoda birin-ketin davlatlar paydo bo’la boshlaydi.
Uchinchi davr (er. avv. I ming yillikning o’rtalari – eramizning I ming yilligi) Qadimgi Sharq quldorchilik jamiyatlari paydo bo’lishining oxirgi bosqichi sanaladi. Old Osiyoda jangavor Ossuriya monarxiyasi gegemonlikni yosh davlatlarga – Yangi Bobil podsholigi va Midiyaga beradi. Er. avv. VI-IV asrlarda Eronning Ahamoniylar imperiyasi kuchli harbiy-ma’muriy birlashma edi. Uning tarkibiga Kichik Osiyo va Misrdan to O’rta Osiyo hamda Sharqiy Erongacha bo’lgan viloyatlar kirar edi.
Er. avv. II asrdan boshlab, Xitoy sivilizasiyasi bilan doimiy aloqalar o’rnatiladi. Savdo karvonlari Markaziy Osiyo sahrolarini kechib o’ta boshlaydi, madaniy aloqalar rivojlanadi. Hindiston va Xitoyda eng qadimgi dunyoviy din – buddizm yoyila boradi. Qadimgi Sharq quldorchilik jamiyatlari Ovropaning sinfiy jamiyatlari bilan, birinchidan, Yunoniston, keyinchalik Rim imperiyasi bilan yaqin aloqada bo’lgan. Natijada, Atlantikadan to Tinch okeanigacha bo’lgan quldorlik davlatlarining ulkan hududi tashkil topadi.
Keyingi yillardagi arxeologik tadqiqotlar ham Qadimgi Sharq sivilizasiyalarining jahon tarixiy jarayoniga, shuningdek, jahon madaniyati xazinasiga qo’shgan hissasini e’tirof etmoqda. Jumladan, so’ngi 30-40 yil davomida olib borilgan arxeologik tadqiqot ishlar tufayli O’rta Osiyo va Eronning qadimgi tarixiga doir yirik ilmiy ixtirolar qilindi. O’rta Osiyoda davlatchilikning asoslari bundan 3,5 ming yillar avval sodir bo’lganligini ko’rsatdi. Xususan, Qadimgi Baqtriya hududlarida Sopollitepa, Jarqo’ton, Shahri-Soxta singari ilk shaharlar tashkil topganligi asoslandi. Shaharsozlik jarayoni dastlabki davlatchilikning tashkil topishi bilan xronologik tengdir. Janubiy O’zbekiston hududlarida Qadimgi Sharq singari sivilizasiyaning yangi o’chog’i ochildi. Xullas, Qadimgi Sharq, uning qo’shni hududlari, xususan, O’rta Osiyo insoniyat tarixida muhim o’rin tutganligi fan olamida isbotlandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |