Tarbiyaviy maqsad: Sinfda oʻrganiladigan parchaga tayangan holda oʻquvchilarni obrazlardagi ezgu insoniy sifatlarini payqashga odatlantirish.
Taʼlimiy maqsad: Oʻquvchilarni asar matni va uning qahramonlari tabiatiga xos yetakchi xususiyatlar bilan tanishtirish.
Rivojlantirish maqsadi: Oʻquvchilarda ezgu maʼnaviy sifatlardan ulgu olish hamda badiiy asarning unsurlariga eʼtibor bilan qarash sifatlarini shakllantirish.
Saboqlardagi barcha didaktik tadbirlar ana shu maqsadlarning amalga oshirilishiga qaratiladi.
Oʻqituvchi dars oldiga qoʻyilgan maqsadlarga erishmogʻi uchun matnni oʻqish jarayonida asarda aks ettirilgan har bir obrazning xarakter xususiyatlariga oʻquvchilar eʼtiborini torta bilishi lozim. Yozuvchi qahramonlarining tili, soʻzlashuv tarzlari orqali ularning shaxsiyatlari borasida oʻquvchilarda fikr uygʻota oladi.
Asarni oʻrganishga bagʻishlangan ikkinchi darsda ham, xuddi avvalgisidagi kabi maqsadlar belgilab olinishi va oʻqituvchi amalga oshiradigan jamiki pedagogik tadbirlar ana shu maqsadlarning roʻyobga chiqarilishiga qaratilishi darkor.
Tarbiyaviy maqsad: Oʻquvchilarda asardagi obrazlar tabiatiga xos xususiyatlarni ilgʻash koʻnikmasini shakllantirish.
Taʼlimiy maqsad: Oʻquvchilarni asar mazmuni va obrazlari bilan tanishtirish.
Rivojlantirish maqsadi: Oʻquvchilarda odam maʼnaviy qiyofasini uning xatti-harakatlariga qarab baholash koʻnikmasini qaror topdirish.
Bu darsda ham Nodira, Mohlaroyim, Nigoroyim, maxdum timsollarining oʻziga xosliklarini adib koʻproq ularning nutqi orqali berishga erishganligiga oʻquvchilar eʼtibori qaratilishi kerak. Negaki, nutq har qanday inson tabiatining oynasidir. Asar matniga shu nuqtai nazardan yondashilsagina Nodiraning bolalikdan Anvarga alohida mehr qoʻyganligi va buning sababi, Mohlaroyimdagi bagʻrikenglik, Solih maxdumdagi tirishqoqlik, bilim, xasislik, pastkashlik, Raʼnoga xos odob, erkalik, bola Anvar tabiatidagi doʻstga sadoqat, oʻz haddini bilish, magʻrurlik, isteʼdod singari jihatlarni oʻsmirlar qiynalmay bilib olishadi. Buning uchun asar oʻqilayotganda oʻquvchilarning diqqat bilan quloq solibgina qolmay, balki obrazlarning nutqiga eʼtibor qaratib, har bir timsolning ruhiy holatini his qilishlariga ham erishish zarur.
Ikkinchi soat davomida asarning oʻqilishi zarur boʻlgan qismlarida asardagi tugunning yechimi sari oʻziga xos tayyorgarlik koʻrilgan boʻlsa, uchinchi soatda tanishilishi zarur boʻlgan boblarda roman voqealari shiddat bilan rivojlanadi. Keskin toʻqnashuvlar hamda qaltis vaziyatlar tasviri asnosida qahramonlarning maʼnaviyatiga xos jihatlar ochiq namoyon etiladi. Oʻquvchilar ana shu evrilishlarni sezishlari, qahramonlarning xatti-harakatlaridan taʼsirlanib, voqealarning qatnashchilariga aylanishi lozim. Romandan olingan parchaning qolgan qismini oʻqish jarayonida oʻquvchilar timsollarga xos xususiyatlarni ularning ishlariga qarab baholab borishlari muhim. Shunday qilinganda darsning maqsadlari amalga oshgan boʻladi.
Toʻrtinchi mashgʻulotda romanning oʻqilgan qismlari yoppasiga umumiy tahlil etilishi kerak. Chunki adabiyot saboqlari uchun faqat badiiy asarni oʻqib, mazmunini oʻzlashtirishning oʻzi maqsad emas. Oʻqilgan asarni tahlil qilish, uning sirtdan koʻzga tashlanmaydigan maʼnolarini kashf etish, soʻzning tovlanishlarini payqash va undan zavqlana bilish, eng muhimi, asarda tasvirlangan obrazlarga tuygʻudosh boʻlish oʻquvchilarning estetik idrokini oʻstiradi, ularni ezgu maʼnaviyatli barkamol shaxslarga aylantiradi. Odam oʻzganing dardini his qilgandagina dardkash odamga aylanadi. Dardkash boʻlmagan odam esa, kamolot yoʻliga kira olmaydi. Shuning uchun toʻrtinchi dars oldiga qoʻyiladigan maqsadlar ham oʻziga xos boʻladi.
Toʻrtinchi saboq oldidagi tarbiyaviy maqsad: Asarni tahlillash asnosida ezgu xislatli qahramonlarning xatti-harakatlari sabablarini topish orqali oʻquvchilarda yuksak axloqiy sifatlarni yuzaga keltirish.
Do'stlaringiz bilan baham: |