a) tarbiyaviy maqsad – oʻquvchilarda goʻzallikning kuchi va xalqning qudratini his etish tuygʻusini shakllantirish;
b) taʼlimiy maqsad – oʻquvchilarni Choʻlponning “Goʻzal”, “Xalq” sheʼrlari mazmuni bilan tanishtirish, ulardan kelib chiqadigan hayotiy va badiiy maʼnoni topishga oʻrgatish;
v) rivojlantirish maqsadi – oʻsmirlarda goʻzallikdan zavqlanish, xalqning irodasi va qudratini tuyish tuygʻularini shakllantirish.
Oʻqituvchi Choʻlpon sheʼrlarini oʻrganishga ajratilgan vaqtning birinchi soatini, agar shunday maʼlumotlarga ega boʻlsa, bir-ikki daqiqa davomida shoirning hayot yoʻli haqida darslikda boʻlmagan ba’zi maʼlumotlarni berish bilan boshlashi mumkin. Choʻlpon hayotining bosqichlari, uning shaxsiyati fojiasi ham xuddi asarlari kabi oʻquvchilarda yuksak axloqiy sifatlarni shakllantirishga xizmat qiladi. Soʻng oʻqituvchi “Goʻzal” sheʼrini yoddan aytib, uning tahliliga kirishadi. Uni shunday ifodali, taʼsirchan qilib yoddan oʻqish kerakki, bolalar bu manzumaning goʻzalligini, nafosatini birinchi eshitishlaridayoq his etishsin, unga oshiq boʻlib qolishsin. Shunda ular sheʼrni qabul qilishga ruhan tayyor boʻladilar.
Oʻquvchilarning tuygʻulariga bevosita tegib ketadigan qilib ifodali oʻqish sheʼriy asar tahlilining muvaffaqiyatini taʼminlaydigan birinchi omildir. Sheʼr maromiga yetkazib oʻqilgach, bir oz sukutdan keyin uniig tahliliga kirishish lozim. Chin sheʼrlarni tahlil qilish nihoyatda mushkul. Chunki asl lirikada odamzod til bilan ifodalay olmaydigan tuygʻular, ruhiy holatlar aks etadi. Bunday holatni oddiy soʻzlar bilan ifodalash sheʼrning jozibasini yoʻqqa chiqarish bilan baravar boʻladi. Choʻlpon singari shoirlarning asarlarida ruhiy manzara chiziladi, inson hissiyotining lahzalik toʻlgʻonishlari aks ettiriladi. Shu boisdan ham bu xildagi asarlarni “shoir mana bunday demoqchi”, “ana unday xulosa chiqaryapti” tarzida sharhlash ularning jozibasini yoʻqqa chiqarishi mumkin.
“Goʻzal” sheʼrida Choʻlpon tabiatning juda dilbar poetik manzarasini yaratgan. Lekin u tabiatni shunchaki tasvirlabgina qolmay, unga inson ruhini singdiradi. Odam hissiyoti tasviri tabiat goʻzalligiga jon bagʻishlaydi. Uni dard bilan, insoniy ishq bilan munavvar qiladi. Shoir izlayotgani goʻzalni dastlab “Qorongʻu kechada koʻkka koʻz tikib, Eng yorugʻ yulduzdan...” soʻraydi. Oʻqituvchi tahlilning ibtidosidanoq oʻquvchilarni lirik qahramon tuygʻulari olamiga yaqinlashtirishi darkor. Nega lirik qahramon goʻzalni “qorongʻu kechada” “eng yorugʻ yulduzdan” soʻradi? Bu yulduz ne boisdan goʻzalni “tushda koʻramen” deb javob berdi? Oʻquvchilar sheʼr matniga tayanib, shu savollarga javob topishga uringanlari sayin asarning jozibasi ochila boradi.
Hazrati Navoiy aytganlaridek: “Beishq ulusqa kom uyqu, Ishq ahligadir harom uyqu”. “Goʻzal”ning lirik qahramoni – bedorlik bandasi. Qalbiga ishq oshyon qurgan oshiq oʻziga dardkash izlashi tabiiy. Lekin ishqday mahram tuygʻu haqida har kim bilan ham dardlashib boʻlmaydi. Shu sabab lirik qahramonning uyqusiz tunda eng yorugʻ yulduzga murojaat etib, undan yorini soʻrashi – ishonarli. Oʻquvchilar yulduz ne uchun goʻzalni oʻngidamas, tushida koʻrgani haqida oʻylab koʻrishlari kerak. Oʻzbek malagi Gʻarbning tunkezar sohibjamollaridan emaski, tungi mavjudotlar nazari bemalol tushsa. Ular malakning taʼrifini eshitishlari, eshitganlari asnosida tushlarida koʻrmoqlarigina mumkin, xolos. Oʻqituvchi yulduzning eʼtirofiga oʻquvchilar diqqatini qaratishi kerak:
Tushimda koʻramen: shunchalar goʻzal,
Bizdan-da goʻzaldir, oydan-da goʻzal.
Lirik qahramon mahbubasini bitta – “eng yorugʻ yulduzdan” soʻragan edin. Lekin u: “Bizdan-da...”,- deya koʻplikda javob qaytardi. Nega? Qanchalar porloq boʻlmasin, bitta yulduz koʻkning koʻrki boʻlolmaydi. Osmon toʻla yulduzlargina koʻkka bezak boʻladi. Yulduzlarning goʻzalligi ham gʻujligi va tartibsiz tartibida. Yulduzning: “Bizdan-da goʻzaldir, oydan-da goʻzal”,- deyishi, yaʼni Kunni emas, Oyni tilga olishiga sabab uning quyoshni hech qachon koʻrmaganligi, oy bilan esa koʻpincha birga ekanligidir. Yulduzdan qoniqarli xabar eshitmagan lirik qahramon koʻzini “oy chiqqan yoqqa” olishga majbur. Oy: “...bir qizil yanoqqa uchradim tushimda, koʻmilgan oqqa”,- deb javob aylaydi. Oʻquvchilar oyning tushidagi malak ne bois oqqa koʻmilganini izohlashlari kerak: oy tushida boʻlsa-da, goʻzalni koʻrmoq istaydi. Uni oʻzidan mayin oq nur, sutday nimtatir yorugʻlik taratgan malak holida tasavvur qiladi. Shu sabab Goʻzal oqqa koʻmilganday boʻladi. Sheʼrda “qizil yanoq” degan sifatlash ham bor. Chiqish odami uchun qizil yuz - ham sogʻlomlik, ham goʻzallik timsoli. Goʻzalning qizil yanogʻi – keyingi banddagi kunning qizilligiga bogʻlanadigan tasviriy halqa ham.
Oshiq “Erta tong shamoli”dan ham yorini surishtiradi. Tong nasimi goʻzal malakni tushida emas, oʻngida “bir” martagina koʻrgan. Ammo shamolning sarosar kezmogʻi, telbavor oshiq boʻlmogʻi uchun oʻsha bir yoʻliqish kifoya: “...bir koʻrib, yoʻlimdan ozib, Togʻu toshlar ichra istab yuramen”. Sirli goʻzalning tong shamoliga yoʻliqishini oʻquvchilar oson izohlaydilar. Negaki, saharxez maʼshuqa qanchalar ehtiyot boʻlmasin, bebosh tong nasimi uning chodrasini koʻtarib, yuziga nazar tashlashga ulgurgan boʻlishi mumkin. Nihoyat, oshiq quyoshga murojaat etadi:
Ul-da oʻz oʻtidan bekinib, qochib Aytadir: bir koʻrdim tushdamas, oʻngda.
Men oʻngda koʻrganda shunchalar goʻzal,
Oydan-da goʻzaldir, kundan-da goʻzal.
Kun ham ul malakni bir borgina koʻrgan. Lekin oʻsha birgina uchrashuv uning ham goʻzalga oshiq boʻlishi va uning oʻzidan-da, oydan-da goʻzal ekanligini eʼtirof etishi uchun yetarli boʻlgan. Mazkur banddagi “Ul-da oʻz oʻtidan bekinib, qochib” misrasi oʻquvchilar eʼtiboridan chetda qolmasligi kerak. Quyoshga tik qarab uni koʻrib boʻlmasligini shoirona nigohgina “oʻz oʻtidan bekinib, qochib” tarzida ifodalay olishi mumkin.
Hajr yoʻlida oʻrtanayotgan oshiq maʼshuqasidan yozgʻirmaydi. U – visol taʼmasidan yiroq. Ishqning oʻzidan masrur, dard chekish baxtidan magʻrur. Shu bois “boshini zoʻr ishga berib” qoʻyganidan pushaymon emas.
Tahlilni tugatgach, oʻqituvchi sheʼrning botiniy – ichki mazmuni ham mavjudligiga eʼtibor qaratadi. Choʻlpon millatparvar shaxs sifatida butun umr yurtining obod, millatning ozod boʻlishini orzu qilib yashadi. Shuning uchun sheʼrda lirik qahramon intilib, yetishmagan goʻzalni ozodlik va hurlik, deb qabul qilish ham mumkin. Buni shunchaki axborot tarzida aytib qoʻymasdan savollar berib, oʻquvchilarning oʻzi shu fikrga kelishlariga erishish oʻqituvchining yutugʻi boʻladi.
Adabiyot muallimi taxminan quyidagicha yoʻnaltiruvchi savollar berishi mumkin: “Choʻlponning hayotdagi eng ulugʻ orzusi nima edi? Bu orzu ijodining yoʻnalishida qay darajada aks etgan?”, “Goʻzal” sheʼridagi qorongʻu kecha nimaning ramzi boʻlishi mumkin deb oʻylaysiz?” Oʻquvchilar shoirning orzu-armoni yurt mustaqilligi, millat erki ekanini, shu bois hurlik, ozodlik ijodining bosh gʻoyasi, aksariyat asarlarining mavzusi boʻlganini anglasinlar. Shundan kelib chiqib, “qorongʻu kecha” ona Turkiston tushib qolgan asorat, mustamlaka zulmi ifodasi ekanligini aytadilar. Qorongʻi mustamlaka hayotda shoirning azaliy orzusi boʻlgan ozodlik yulduz, oy va quyosh singari uzoqda – qoʻl yetmas, shamol kabi tutqich bermas, deya tushunilishi mumkin. Ikkinchi tomondan, butun koinot unsurlari: yulduz, oy, quyosh va shamol ham shoir kabi shu yurtning ozod boʻlishini orzu qiladi, hatto tushlarida koʻradi tarzida anglansa ham xato boʻlmaydi.
Oxirgi banddagi “Boshimni zoʻr ishga berib qoʻyibmen” misrasining mazmunini oʻsmirlar tushuntirishga urinishlari kerak. Ushbu ifodani ham ikki xil anglash mumkin: boshim, yaʼni xayolim, yuragim yetishish qiyin boʻlgan orzu-armonlar ilinjida. Keyingi maʼnosi: boshimni mana shunday zoʻr ishga – yurt mustaqilligi uchun tikib qoʻyganman. Shu ikki talqin va yana boshqa fikrlar oʻquvchilar tomonidan aytilsa, ulkan didaktik yutuq qoʻlga kiritilgan boʻladi.
Shu soatda ijtimoiy maʼnosi boʻrtib turgan jangovar ruhdagi “Xalq” sheʼri ham oʻrgatiladi. Bu asar tahlilida ham oldingi sheʼrdagiday yoʻl tutiladi. Yaʼni oldin oʻqituvchi sheʼrni yod oʻqiydi, soʻng u oʻquvchilar bilan birgalikda satrma-satr tahlil etiladi.
Choʻlpon lirikasining sara namunalaridan biri “Buzilgan oʻlkaga” sheʼri tahlili oʻqituvchidan atroflicha tayyorgarlikni talab qiladi. Bizningcha, bu sheʼrni oʻrgatishga bir soat ajratish lozim boʻladi. Chunki uning haroratli badiiyati ham, oʻta zalvorli ijtimoiy yuki ham alohida eʼtibor va sinchiklab qilinadigan oʻqub tahlilini taqozo etadi.
Sheʼrda shoirning Turkistonga boʻlgan cheksiz muhabbati, uni ozod koʻrish yoʻlidagi yengib boʻlmas istagi yaqqol koʻrinib turadi. “Buzilgan oʻlkaga” ifodali qilib, Choʻlponning holatu kayfiyati aks ettirilib yoddan aytilsa, oʻquvchilarga kuchli taʼsir qiladi. Oʻquvchi tuygʻularining junbushga kelishi asarni yaxshilab oʻrganish sari qoʻyilgan ilk qadamdir. Oʻquvchining qalbiga taʼsir qilmagan badiiy asarni tahlil qilishga urinish foydasizdir. Oʻquvchining tafakkuriga olib boradigan yoʻl uning qalbi orqali oʻtadi.
“Buzilgan oʻlkaga” sheʼrida goʻzal va kutilmagan obrazlar vositasida shoir ruhiyati qay tarzda aks ettirilgani oʻquvchilarga yetkazilishi va chuqur ijtimoiy maʼnoga ega sheʼr mohiyati ochilishi kerak. Sheʼrning boshlanish qismidagi goʻzal tabiat tasvirida shoir mahoratining namoyon boʻlishiga oʻquvchilar eʼtibori qaratiladi. Turon oʻlkasining “koʻklarga salom bergan” ulugʻ togʻlari, pokiza suvlar oqquvchi buloqlari – notinch. Oʻlkaning boshiga “quyuq bulut koʻlanka” solgan. Chashmalar “yigʻlar kabi ingraylar”. Lirik qahramon mazlum oʻlkaning tabiatiga ham taʼsir etgan mustamlaka zulmi dahshatini juda jonli va nafratangiz qilib tasvir etadi. Norozilik, gʻam silqib yotgan, har satridan yurak dardi sitilib oqayotgan bu sheʼrda shunday goʻzal poetik kashfiyotlar qilinganki, oʻqituvchi bolalarning koʻziga oʻsha durdonalarni koʻrsatmasa, asarning toʻliq tahlili amalga oshmay qoladi. “Tabiatning oʻtini yoʻq oʻtida Sharaq-sharaq qaynab chiqqan buloqlar”,– deyiladi sheʼrda. Darhaqiqat, buloqlar qaynaydi. Odatda, “qaynash” jarayoni oʻtindan chiqqan oʻtning natijasi sifatida tushuniladi. Lekin buloqlar oʻtinsiz qaynagan suvlardir. Sakkiztagina soʻz orqali shu qadar chuqur maʼnolarni bunchalar betakror tasvirlay bilish uchun daho sanʼatkor boʻlish talab etiladi. Oʻlka tabiatining har bir goʻzal unsuri “qoʻnoqlar”ning kelib qolishidan qoʻrqadi. Bu qoʻnoqlar” – muqaddas yurtimizni oyoq osti qilayotgan kelgindi bosqinchilar.
Oʻtloqlar toptalgan, unda yoyilib yuradigan poda-yu yilqilar patarat topgan, podachilar osilgan, “Ot kishnashi, qoʻy maʼrashi oʻrniga – Oh, yigʻi” eshitiladi, “goʻzal qizlar, yosh kelinlar”koʻrinmaydi, “Ot minganda qushlar kabi uchquvchi, Erkin-erkin havolarni quchgʻuvchi, Ot chopganda uchar qushni tutguvchi, Uchar qushday yosh yigitlar...” yoʻq. Shu holat shoirni qiynoqqa soladi. Uning iztiroblari bolalarga oʻtib, ularda hamdardlik tuygʻusi yetiladi.
Sheʼrning ikkinchi qismida shoir hislari yanada taranglashadi. Uning koʻzida nafrat olovi chaqnaydi, tilida zaharolud kinoya, oʻtli chaqiriq tobora kuchayib boradi. Oʻqituvchi sheʼrning ikkinchi qismini boshqacha ohang bilan, shoirning oʻlkaga qoʻyayotgan adoqsiz savollariga alohida urgʻu berib aytadi. Agar asarning birinchi qismida ohista lirik ifoda yetakchilik qilgan boʻlsa, keyingi qismida mayinlik kuchli ehtiros bilan, murosasiz va keskin ohang bilan almashinadi. Shoir shunday “zoʻr oʻlka”ning, shonli tarixi bor xalqning xorlikka koʻnikkani, bosqinchilarga “qalin tovish-la ket” demagani, “tanlarida qamchilarning kulishi”, turmushida “umidlarning oʻlishi”, “yolgʻiz qon” ulushi, “umidsizdir turishi” holatiga tushib qolganidan norozi. Choʻlponning: “Nima uchun koʻzlaringda tutashguvchi olov yoʻq?”– tarzidagi nidosida zorlanish emas, balki chorlash, da’vat ustuvorlik qiladi. Zotan, ozodlik – beriladigan emas, olinadigan neʼmat.
Shoir oʻqimoqchi boʻlgan “qisqagina doston”, “oʻtganlardan” aytadigan ertak nima haqda? Turklarning shonli tarixi, bu xalq insoniyatga bergan ulkan daholar, yurtning ozod boʻlishiga ishonch toʻgʻrisida emasmikin? Sheʼrda “nega”, “nima uchun” kabi soʻroqlar juda koʻp berilgan. Shoirning bezovta ruhi ularga javob istaydi. U xalqining gʻaflat uyqusidan uygʻonishini, loqaydlik holatidan chiqishini istaydi. Buning uchun oʻlka ahli harakat qilishi lozim. Harakatlanish uchun esa har kim oʻz oldiga aniq savol qoʻyishi darkor. “Buzilgan oʻlkaga” sheʼri bir qadar umidbaxsh satrlar bilan oxirlanadi:
Ey, har turli qulliklarni sigʻdirmagan hur oʻlka,
Nega sening boʻgʻzingni boʻgʻib turar koʻlanka?
Garchi sheʼr yurtimizga nisbatan “hur oʻlka” xitobi-la tugasa-da, soʻnggi tinish belgisi savol alomati ekani yodda tutilishi kerak. Savol dangal qoʻyilgan, ammo hali javob yoʻq.
Choʻlpon ijodini oʻrganishga ajratilgan uchinchi soatda shoirning gʻoyat dilbar lirik asari “Binafsha” bilan tanishish lozim boʻladi. “Binafsha”ning oʻziga xosligi shundaki, ijtimoiy maʼno yaqqol koʻrinib turmagan bu sheʼrda gap nima haqda ketayotanini birdaniga bilib olish qiyin. Oʻquvchi sheʼrda gap koʻklam payti oʻtloqlarda potrab gullab yotadigan koʻkat haqida gap borayotir desa va bunda birinchi bandning birinchi, ikkinchi misralariga tayansa, shu bandning uchinchi va toʻrtinchi misralaridagi “Binafsha menmanmi, binafsha menmi, Sevgingga, qaygʻungga tutilgan?” ifodalarida binafsha majoziy obraz emasmikan degan oʻyga boradi.
Adabiyot oʻqituvchisi bu sheʼrni ham yoddan aytib berishi shart. Chunki bu dilbar asar bir necha qayta oʻqilishi bilanoq kishiga yod boʻlib qolishi tayin. Shoirning tuygʻulari tabiiy boʻlganligi, ruhiy poʻrtanalarda soxtalik yoʻqligi tufayli ham “Binafsha” Choʻlponning boshqa sheʼrlari singari sheʼrxon sezimlariga kuchli taʼsir qiladi va tezlik bilan uning koʻnglini rom etadi. Choʻlponning avvalgi sheʼrlarini oʻquvchilar kuchi bilan tahlil qilish mumkin edi. “Binafsha” juda latif ishoralarga boy sheʼr, oʻquvchilar bu sof lirik asarni tahlil qilishga ancha qiynaladilar. Shuni hisobga olib adabiyot oʻqituvchisi tahlilning dastlabki bosqichida tashabbusni oʻz qoʻliga olgani va oʻquvchilarni asta-sekinlik bilan misralar qatiga olib kirgani maʼqul.
Sheʼrda binafsha bilan lirik qahramon taqdiri muvoziy koʻrsatiladi. Binafsha fojiasiga munosabat bahonasida lirik qahramon qalbida roʻy berayotgan ruhiy jarayonlar aks ettirilgan. Binafsha – goʻzallik timsoli. Ayni vaqtda uni ezgulik, adolat, istiqbol ramzi deyish ham mumkin. Toptalgan goʻzallikni koʻrish tufayli paydo boʻlgan mahzun tuygʻular lirik qahramonni qamrab olgan. Shuning uchun ham u baxtsizlikka yoʻliqqan koʻkat bilan oʻzining qismatini unchalik ham farqli koʻrmaydi. “Koʻchada aqchaga sotilgan” goʻzallik, “hidlari sochilgan, yerlarga egilgan, choʻzilgan” istiqbol lirik qahramonda boshqa yana qanday kayfiyat uygʻotishi mumkin?
“Binafsha” – uch banddan iborat sheʼr. Birinchi va ikkinchi bandlar toʻrt misradan tashkil topgan boʻlsa, uchinchi bandda oʻn toʻqqiz satr bor. Oʻquvchilar shu xususda ham oʻylab koʻrishlari kerak. Shoir buni atay qilganmi? Yoki bandlarga boʻlish esidan chiqib ketganmi? Sheʼrdagi har bir band – mustaqil poetik nafas. Shoir bir nafas bilan aytish mumkin boʻlgan tuygʻularni, odatda, bir bandga jamlaydi. Agar yaxlit holat tasvirlangan boʻlsa, sheʼr, umuman, bandlarga ajratilmasligi ham mumkin. Shu jihatga eʼtibor qilinsa, oʻquvchilar “Binafsha”ning uchinchi bandi bejiz choʻzilmaganligini tushunadilar.
Sheʼrda “binafsha” soʻzi bir necha marta bir misra tarzida yozilgan. Bu hol binafsha obrazi fojiasi tufayli lirik qahramon chekayotgan iztirobning koʻlamiga ham ishoradir. Uchinchi bandning birinchi misrasi bir, ikkinchi misrasi ikki, uchinchi misrasi uch soʻzdan iborat. Choʻlpon soʻzning sehrini, tovushlar tovlanishini, hatto sheʼriy zarbning maromini ham bexato hisobga ola biladi. Sheʼrda sinchiklab tinglagandagina ilg’ash mumkin boʻlgan hazin ohang ustuvorlik qiladi. Oʻquvchilar ana shu ohangning manbaini topishga urinib koʻrishlari zarur. Uzilgan, ezilgan va toptalgan binafsha shoirga oʻz qaygʻusini eslatadi. Lirik qahramon toptalgan maʼsumlik va goʻzallik – binafshaning qaygʻusini ham oʻz qaygʻulariga qoʻshib olishga, uni eng ozod, eng erkin maskan – koʻksiga joylashga shay.
Choʻlponda sheʼriy mahorat stixiya darajasiga yetgan. She’rdagi har bir tovushning oʻrinlashuvi ham poetik vazifa bajaradi. “Q” tovushi bilan boshlanadigan uch soʻzning bir misra tarkibida ketma-ket kelishi orqali muayyan ohang hosil qilinmoqda. Koʻksini goʻzallikka vatan qilib berishga shay boʻlgan lirik qahramon ruhiyati mukammal ifodalangan. Chunki sheʼr ruhiy manzarani aks ettirgani, insoniy sezimlarni koʻrsata bilgani uchun badiiy qimmatga egadir. Shoirning olovli anduhi ifodalangan sheʼrning yuzaki oʻqilishiga, biror oʻrnining ilgʻanmay qolishiga yoʻl qoʻymaslik kerak.
Dunyo juda nomukammal, adolat har qadamda toptalmoqda, inson erki qafasda, bu holat shoirda adoqsiz gʻam uygʻotadi. Lekin shoir oʻz shaxsiy gʻami bilan andarmon boʻlib, oʻzga ijtimoiy tashvishlarni payqamaydigan kimsa emas. Binafshaning fojiasiga ham dardmandlik qilishga tayyor shoir holati sheʼrda: “Binafsha, goʻzalim, qaygʻulim, kelmaysan, Qaygʻung zoʻr, qaygʻumni bilmaysan”, “Menga bir kulmaysan” tarzida aks etgan. Sheʼrning puxta tahlili oʻzgalar tashvishiga sherik boʻlishning uddasidan chiqadigan shaxslar shakllanishiga xizmat qiladi.
Shu soatda shoirning mashhur “Koʻngil” she’ri ham oʻtiladi. Inson ruhining erkinligiga bitilgan madhiya maqomidagi bu olovli sheʼr aytilishi va tahlili ham oldingilari kabi amalga oshiriladi.
Choʻlpon sheʼrlarining kompozitsion qurilishiga oʻquvchilar eʼtibori tortilishi kerak. “Goʻzal” sheʼri oltilik bandlardan tashkil topgan va uning ohangi bir xil edi. “Buzilgan oʻlkaga” sheʼri bandlarga boʻlinmay, ikki qismga ajratilgan. “Binafsha” miqdoriy jihatdan bir-biridan keskin farq qiluvchi uch bandga boʻlingan. “Xalq” bilan “Koʻngil” sheʼrlari ham arxitektonikasiga koʻra oʻzlariga xos.
ABDULLA QAHHOR
Yozuvchi Abdulla Qahhorning ikki hikoyasini oʻrganish badiiy soʻzning qudrati va imkoniyatini koʻrsatishi jihatidan alohida oʻrin tutadi. Dasturda A. Qahhorning “Oʻgʻri” va “Dahshat” hikoyalarini uch soat mobaynida oʻrganish koʻzda tutilgan. Ajratilgan vaqtning birinchi soatida “Oʻgʻri” hikoyasini oʻqishga tutinish kerak. Buning uchun “Oʻgʻri” hikoyasini oʻrgatish boʻyicha darsning maqsadlarini belgilab olish lozim boʻladi. Bizningcha, bu darsning maqsadi: