Majmu at-tavorix”
“Majmu at-tavorix” yoki “Zubdat ut-tavorix” nomli asar muallifi Xofizi Abru nomi bilan mashhur bo‘lgan yirik geograf va tarixchi olimdir. Uning haqiqiy ismi Shahobiddin Abdulloh ibn Lutfullo ibn Abdurashid al-Xavofiydir. Abdurazzoq Samarqandiyning so‘zlariga qaraganda Hofizi Abru Hirot hududidagi Xavofda tug‘ilgan, Xamadonda tahsil ko‘rgan va 1430 yilda Zanjonda vafot etgan. Boshqa tarixiy manbalarning ma'lumotlari va uning so‘zlariga qaraganda Xofizi Abru Amir Temur va Shohrux saroyida istiqomat qilgan va har ikkala hukmdor bilan yaqindan munosabatda bo‘lgan. Agar u Amir Temur bilan faqat saroydagina yaqin suhbatdosh bo‘lgan bo‘lsa, Shohrux bilan uning yurishlarida birga bo‘lgan.
Xofizi Abru Shohruxning topshirig‘i bilan ikkita yirik asar yozgan.
Bulardan biri tarixiy-geografik mazmunda bo‘lib, 1414-1420 yillar orasida yozilgan. U X asrda arab tilida bitilgan noma'lum bir kitob asosida yozilgan. Yu.ye.Borщevskiyning so‘zlariga qaraganda, bu “Kitob al-masolik va-l-mamolik” deb atalib, Xasan ibn Ahmad Muxallabiyning qalamiga mansub bo‘lgan. Shohrux Mirzo 1414 yili Xofizi Abruga mazkur asarni fors tiliga tarjima qilish va boshqa manbalar asosida qayta ishlashni topshirgan. Demak, bu asar shunchaki kompilyasiya va tarjima bo‘lib qolmay, balki yangi dalillar bilan boyitilgan, diqqatga sazovor asardir. Shuni aytish kifoyaki, unda har bir viloyatning geografik holatini tavsiflashdan tashqari, uning qisqacha siyosiy tarixi ham bayon qilingan. Biz uchun asarda Amudaryoning Kaspiy dengiziga quyilishi haqidagi, shuningdek, Movarounnaxr va uning yirik shaharlari Buxoro, Samarqand, Nasaf, Kesh, Termiz, Xo‘jand va boshqalar haqida keltirilgan ma'lumotlar muhim ahamiyat kasb etadi.
Asarning yaxshi qo‘lyozma nusxalari Angliya va Rossiya, Sankt-Peterburg shahrida saqlanmoqda.
Hofizi Abru Shoxruxning ko‘rsatmasi bilan o‘zidan avval o‘tgan tarixchilar Tabariy, Rashididdin hamda Nizomiddin Shomiy asarlariga qo‘shimchalar (zayl) ham yozgan. 1412-1418 yillar orasida yozilgan bu qo‘shimchalar “Majmua-yi Hofizi Abru” deb ataladi.
Tabariy asarining Bal'amiy tahririga qilingan qo‘shimcha xalifa Muqtadir (908-932) zamonidan to Mu'tasim (1242-1258) davrigacha xalifalikka kirgan mamlakatlarda bo‘lib o‘tgan voqyealarni o‘z ichiga oladi.
Rashididdinning “Jome ut-tavorix”iga qilingan qo‘shimchaga Kurtlar (Kartlar) sulolasidan chiqqan podshohlar, To‘ra Temur, Amir Vali ibn Shayx Ali Hindu, sarbadorlar hamda Amir Arrunshox tarixi, ya'ni Eronda 1306-1393 yillar orasida bo‘lib o‘tgan voqyealar kiritilgan.
Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”siga qilingan ilovada esa Amir Temur hukmronligining so‘nggi davri va Shohrux tarixi 1416 yilga qadar bayon etiladi.
“Majmua”ning ayrim qismlari matni va tarjimasini Xonbobo Bayoniy 1938 yilda, F.Tauer 1959 yili va K.M.Maitra 1934 yili nashr ettirganlar.
Hofizi Abruning asosiy katta tarixiy asari “Majmu at-tavorix” bo‘lib, uni muarrix Shohruxning o‘g‘li Boysung‘ur Mirzo (1433 yili vafot etgan) ning topshirig‘i bilan 1423-1425 yillari yozgan. Mazkur asar to‘rt qismga bo‘lingan: 1) islomiyatdan avval o‘tgan payg‘ambarlar va Eron podshohlari; 2) Muhammad payg‘ambar va arab xalifalari (al-Muxtasimgacha); 3) Eronning Saljuqiylar hamda mo‘g‘ullar davridagi (Elxon Abu Said davrigacha) tarixi; 4) “Zubdat ut-tavorixi Boysunquriy”.
Asarning so‘nggi, to‘rtinchi qismi yangi va mustaqil ahamiyatga ega bo‘lib, unda Amir Temur tarixi qayta ishlangan va birmuncha to‘ldirilgan hamda Xuroson, qisman Movarounnahrning 1427 yilgacha bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy ahvoli bayon etilgan.
“Majmu at-tavorix” asarining qo‘lyozmalari Toshkent hamda Turkiya, Germaniya, Angliya, Fransiya, Eron va boshqa xorijiy mamlakatlar kutubxonalarida saqlanmoqda.
“
Do'stlaringiz bilan baham: |