Temur va Temuriylar davri tarixiga oid yevropa tillaridagi manbalar XIV asrning oxirlarida yevropa davlatlari tang ahvolga tushib qoldilar. Usmoniy turklar davlatining tazyiqiga yetarli darajada javob qaytara olmagan yevropa qirollari va Rim papasi najot istab, o’z nigohlarini Sharqqa, Amir Temurga qaratdilar. Ana shunday sharoitda yevropada Temur shaxsiga qiziqish ortib bordi. Temur bilan muloqotda bo’lgan elchilar, uning harbiy yurishlari guvohi bo’lgan sayyoh va savdogarlarning Temur haqidagi kitoblari yevropaliklarda katta qiziqish uyg’otdi. Shu tariqa, XV asrda Temur va uning davlati haqida yevropada bir necha tarixiy manbalar yaratildi.
Rim papasi va Fransiya qirolining Amir Temur huzuriga yuborgan elchisi Ioann Grinlo (1401 yil, avgust) Amir Temur suhbatlarida ko’p ishtirok etgan, uning saltanatini o’z ko’zi bilan ko’rgan va bu haqida asar yozgan yevropalik birinchi muallif bo’ladi. Uning asari “Temur va uning saroyiga oid xotiralar” deb ataladi. Monax va elchi Ioann Grinloning asari fransuz va lotin tillarida yozilgan bo’lib, 23 bobdan iboratdir. Muallif Temurning hayoti va faoliyati haqida imkon qadar batafsilroq ma’lumot berishga harakat qilgan.
Amir Temur va uning yurishlari haqida italiyalik tujjorlar Paole Zane, Beltramus de Mignanelli va Emmanuil Piloti hamda isianiyalik elchi Rui Gonzales de Klavixo, asirga tushgan nemis askari Yoxannes Shiltberger va boshqalar ham o’z xotiralarini yozib qoldirganlar.
Emmanuil Piloti arab tilini mukammal bilgan, 22 yil mobaynida Misr mamluklari orasida yashagan hamda Misr sultoni Farajning yaqin kishisi bo’lgan. U Amir Temurning Damashq yurishiga oid ma’lumotlar to’plagan. Uning Amir Temur haqidagi ma’lumotlari Venetsiya arxivida saqlanmoqda va hozirgi kunga qadar nashr qilinmagan.
Paole Zane esa 1400 yilda Venetsiyaning Damashqdagi konsuli bo’lgan. U Venetsiya senatining topshirig’iga binoan Amir Temur haqida ma’lumotlar yig’gan. Uning to’plagan ma’lumotlari ham hozirgi kunda Venetsiya arxivida saqlanmoqda va nashr etilganicha yo’q.
Shuni ta’kidlab o’tish kerakki, XIV asrning oxiri - XV asrning boshlarida Amir Temur, uning saltanati, qo’l ostidagi yerlari, qo’shini, urush olib borish uslubiga oid ma’lumotlar nashr ettirish maqsadida to’planmagan ma’lumotlar yevropa qirollari va Rim papasi uchun to’plangan bo’lib, asosan maxfiy xarakterga ega edi. Shu boisdan bu materiallar asrlar davomida qo’lyozma holatida qolib ketgan.
Italiyalik tujjor Beltramus de Mignanellining “Temurlang hayoti” asarining taqdiri qisman o’zgachadir. Beltramus uzoq vaqt mobaynida Damashq shahrida yashab, bu yerda katta boylik va obro’-e’tiborga ega bo’ladi. Temur Damashqni ishg’ol etganda de Mignanelli bu yerda yashardi. U Anqara jangi va Smirnani olinganini kuzatgan va o’rgangan edi. Beltramus de Mignanelli “Temurlang hayoti” asarini 1416 yilda lotin tilida yozadi. 1764 yilda asarning Venadagi milliy kutubxonada saqlanayotgan qo’lyozma nusxasi Stefan Bazilius tomonidan nashr qilingan edi. “Temurlang hayoti yoki Damashq xarobasi” asari garchi Temur yurishidan talofot ko’rgan tujjor tomonidan yozilgan bo’lsa-da, lekin muallif ko’p xollarda voqyealarni haqqoniy yoritishga erishgan, tarixiy shaxslarga holis baxo bergan. Shuning uchun ham asar hozirgi kunga qadar o’z ahamiyatini yo’qotgan emas.
Temurning hukmronlik davri bilan bog’liq yana bir muhim tarixiy manba - bu ispaniyalik elchi Rui Gonzales de Klavixoning kundaliklaridir. Klavixo 1404 yilda Leon va Kastiliya qiroli Genrix III ning topshirig’i bilan Samarqandga keladi. Uning asari “Samarqandga Temur saroyiga sayohat kundaligi” deb ataladi. Klavixo kundaliklari ikki qismdan iborat bo’lib, birinchi qismida elchilarning Samarqandga yetib kelishlarigacha yo’lda ro’y bergan voqyealar, turli mamlakatlar tabiati, xalqlarnig turmushiga oid ma’lumotlarni o’z ichiga oladi. Ikkinchi qismda muallif Kesh va Samarqandda Temur saroylaridagi uchrashuvlarni tasvirlaydi. De Klavixo mamlakat, saroy, xalq va uning turmushi haqida ajoyib ma’lumotlar beradi. Klavixoning kundaliklari bir yarim asrdan so’ng ilk marotaba nashr qilingan edi. Hozirgi kunga kelib uning asari juda ko’p tillarga tarjima qilinib, nashr etildi.
Nihoyat, Temur va Temuriylar davri tarixi xususida yevropa qirollarining Sohibqironga va Mironshohga yuborgan maktublari hamda ularga jo’natilgan javob xatlari ham g’oyat muhim ma’lumotlar beradi. Bu maktublarda yevropa hukmdorlari va Amir Temurning o’zaro do’stlik va hamkorlik aloqalarini o’rnatishga intilganliklari o’z ifodasini topgan. Temurning Fransiya qiroli Karl VI ga, Angliya kiroli Genrix IV ga yuborgan maktublari uning tashqi siyosati va diplomatik san’ati to’g’risida fikr yuritish imkoniyatini beradi. Mazkur maktublardan biri, aniqrog’i Temurning Karl VI ga yuborgan maktubi hozirgi kunda Toshkentdagi Temuriylar davri davlat muzeyida saqlanmoqda. Bu maktubni 1996 yilda O’zbekiston Prezidenti rasmiy tashrifi chog’ida Fransiya Prezidenti J. Shirak tuhfa qilgan edi.
“