12.4. Pensiyalar tayinlash uchun ish stajini hisoblab chiqish va tasdiqlash tartibi Ish staji – mehnat daftarchasi va ish joyidan, xizmatdan, o’qishdan yoki arxivdan berilgan boshqa hujjatlar bo’yicha aniqlangan, ishdagi tanaffuslardan qat’i nazar, qonun hujjatlariga muvofiq pensiya ta’minoti huquqini beradigan mehnat faoliyati va boshqa faoliyatning umumiy davomiyligi hisoblanadi.
Shuningdek, mahsus ish staji degan tushuncha ham mavjud bo’lib, maxsus ish staji – xalq xo’jaligining muayyan tarmoqlarida, kasblar va lavozimlarda qonun hujjatlariga muvofiq imtiyozli pensiya ta’minoti huquqini beradigan mehnat faoliyatining davomiyligi tushuniladi.
Yoshga doir pensiyani tayinlashda ish stajini to’g’ri hisoblash muhim ahamiyatga ega. Pensiyaga chiquvchi shaxslar ko’pincha ish stajini aniqlashda ko’plab muammolarga duch kelishadi. Muammolar yuzaga kelmasligi uchun pensiya olish huquqini beradigan ish stajlarini aniq bilib olish muhim hisoblanadi. Pensiya olish huquqini beradigan ish stajlari to’g’risida batafsil O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 8-sentyabrdagi 252-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat pensiyalarini tayinlash va to’lash tartibi to’g’risida Nizom”da yoritilgan.
Davlat pensiyalarini tayinlash va to’lash tartibi to’g’risidagi nizomga ko’ra pensiya olish huquqini beradigan ish stajlariga quyidagilar qo’shib hisoblanadi:
− 2019-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun – faoliyat turi, mulk va xo‘jalik yuritish shakllaridan qat’i nazar, xodim (yakka tartibdagi mehnat va oilaviy tadbirkorlik faoliyati, shu jumladan shaxsiy yordamchi xo‘jalikdagi va yuridik shaxs tashkil etilmagan holdagi dehqon xo‘jaligidagi faoliyat) davlat tomonidan ijtimoiy sug‘urtalangan holda bajargan har qanday ish, agar u Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘lagan bo‘lsa va 2019-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun – xodim tomonidan bajarilgan har qanday ish, agar mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlar hisoblangan bo‘lsa;
− 1965-yildan keyingi davr uchun jamoa xo‘jaligidagi ish stajini hisoblab chiqarishda, agar jamoa xo‘jaligi a’zosi uzrsiz sabablarga ko‘ra jamoa xo‘jaligida belgilangan mehnatda ishtirok etish minimumini bajarmagan bo‘lsa, ishlangan vaqtning amalda davom etgan davri hisobga olinadi. Shuningdek, ijodiy faoliyat bilan mashg‘ul xodimlarning ish stajini, agarda ular Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘lagan bo‘lsalar, ijodiy uyushmalarning boshqaruvlari ana shu muallifning asari e’lon qilingan yoki birinchi marta jamoat oldida ijro yoki namoyish etilgan kundan e’tiboran belgilaydilar;
− harbiy xizmat va partizan otryadlari hamda qo‘shilmalarida bo‘lish, davlat xavfsizligi organlarida va ichki ishlar organlarida xizmat qilish;
− idoraviy bo‘ysunuvidan qat’i nazar, harbiylashtirilgan soqchilikdagi, maxsus aloqa organlari va tog‘-kon-qutqaruv qismlaridagi xizmat;
− agarda byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga yiliga bir marta eng kam oylik ish haqi(EKOIH)ning bir barobari miqdorida ixtiyoriy sug‘urta badallari to‘lagan bo‘lsa, yakka tartibdagi mehnat faoliyati yoki qoramol yetishtirish hamda shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklarida yetishtirilgan chorvachilik mahsulotlarini sotish bo‘yicha faoliyat ham hisobga olinadi;
− I guruh nogironiga yoki 16 yoshgacha bo‘lgan nogiron bolaga, shuningdek o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan (davolash muassasasining xulosasiga ko‘ra) 80 yoshga to‘lgan qariyalarga qarab turilgan vaqt qo’shiladi faqat pensiya tayinlash uchun zarur bo’lgan ish stajiga (eng kam talab etiladigan staj 7 yil) ega bo’lgan taqdirda;
− oliy ta’lim muassasalarida, tayanch doktoranturada, doktoranturada va klinik ordinaturada kunduzgi o‘qish, shu jumladan chet eldagi o‘qish davrlari;
− bola 3 yoshga to‘lguncha bolani parvarishlash ta’tillarida bo‘lish vaqti, lekin hammasini jamlaganda ko‘pi bilan 3 yil hisobga olinadi. Masalan, agar 32 yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan ishlayotgan ayol ish stajining 7 yili mobaynida jami 3 bolani parvarishlash ta’tillarida bo‘lgan bo‘lsa, u holda pensiya tayinlash uchun ish stajini hisoblashda unga jami 28 yil ish staji hisoblanadi (32 yil – 7 yil + 3 yil = 28 yil). Bolani parvarishlash ta’tilida bo‘lish vaqti bolani parvarishlash ta’tili berilishi va undan qaytish to‘g‘risidagi buyruqlarning nusxalari ilova qilingan holda tashkilot tomonidan berilgan, bolaga qaralgan vaqtni tasdiqlaydigan ma’lumotnomalar asosida belgilanadi. Agarda mazkur hujjatlar taqdim etilmasa usha davrdagi oylik ish haqi to’g’risidagi ma’lumot ham asos bo’ladi. Shunday holatlar ham borki yuqoridagi hujjatlarning biror turini taqdim eta olmaydi. Arxiv tomonidan tasdiqlangan yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlar mavjud bo‘lmaganda bolani parvarishlash ta’tilida bo‘lish davri tegishlicha hisobga olinadi (12.4-rasm). Biroq, bolani parvarishlash ta’tillarida bo‘lish davri yoshga doir imtiyozli pensiya olish huquqini beradigan maxsus ish stajiga qo’shilmaydi