12-savol Ta’lim muassasasi xodimlarining kasbiy-pedagogik madaniyatini oshirish shakllari hamda ularni attestatsiyadan o‘tkazish.
Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishdan maqsad o‘qituvchilarning ijodiy imkoniyatlarini rivojlantirish, ularning kasbiy bilimlarini takomillashtirish, natijada esa o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya berish sifatini keskin oshirishdan iboratdir.
Pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish. Pedagog kadrlar attestatsiyasi ularning kasbiy mahoratlarining o‘sishini rag‘batlantirish, ta’lim-tarbiyada ilg‘or pedagogik texnologiyalarni yaratish va ularni qo‘llash, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishlardagi natijalarni xolis baholash, egallab turgan yoki da’vogarlik qilinayotgan toifa va lavozimlarga munosiblikni aniqlash, ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya jarayoni sifatini oshirish maqsadida o‘tkaziladi.
Pedagog kadrlar attestatsiyasi 1 yilda 2 marta O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test Markazi tarkibidagi «Kadrlar tayyorlash sifatini nazorat qilish, pedagog kadrlar va ta’lim muassasalari attestatsiyasi boshqarmasi hamda Xalq ta’limi Vazirligi bilan birgalikda ishlab chiqilgan jadvallar asosida tashkil etiladi. Xalq ta’limi tizimi pedagog kadrlar tarkibiga professor-o‘qituvchi, o‘qituvchi, metodist, tarbiyachi, psixolog, defektolog, logoped, sport instruktori, musiqa va to‘garak rahbarlari kiradi.
Pedagog kadrlar attestatsiyasini tashkil etish jarayonida quyidagi ishlar amalga oshiriladi:
pedagog kadrlar o‘z mutaxassisligi hamda me’yoriy-huquqiy va ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishlar bo‘yicha test sinovidan, suhbatdan o‘tkaziladilar;
pedagog o‘qitayotgan fan bo‘yicha o‘quvchilarning bilim va o‘zlashtirish darajasi o‘rganiladi;
o‘quvchilar o‘rtasida sotsiologik so‘rovlar o‘tkaziladi.
Pedagogning umumiy bali test, suhbat natijalari, o‘quvchilarning bilim darajasi, ilmiy, o‘quv-metodik ishlari va ixtirolari, ijodiy ishlari, ish staji, pedagogning komissiya tomonidan o‘rganilgan kasbiy mahorati va rahbariyat tomonidan berilgan baholar yiqindisidan iborat bo‘ladi.
Maxsus maktablar, maktabgacha va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari, madaniyat, sport, san’at sohalari pedagog kadrlari, muhandis-pedagog kadrlar va ishlab chiqarish ustalari o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha suhbatdan o‘tkaziladilar.
Pedagog kadrlar uchun me’yoriy-huquqiy va ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishlar bo‘yicha test savollari to‘plami O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonuni, Davlat ta’lim standartlari, milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari, yangi pedagogik texnologiyalarga oid masalalardan iborat bo‘ladi.
Komissiya attestatsiya natijalariga ko‘ra pedagogning ushbu jarayondagi faoliyati «Attestatsiyadan o‘tdi», «Attestatsiyadan shartli o‘tdi» va «Attestatsiyadan o‘tmadi» tarzida baholanadi.
Mutaxassis toifaga ega pedagog «Attestatsiyadan o‘tmadi» deb e’tirof etilganda, shuningdek, tayanch ma’lumoti dars berayotgan faniga mos kelmaydigan pedagog kadrlar qayta tayyorlash kurslaridan o‘tmagan bo‘lsa, tegishli ta’lim muassasasi rahbari pedagogga o‘z mutaxassisligiga ko‘ra attestatsiyadan o‘tishni hamda qayta tayyorlash yoki malaka oshirish kursida malaka oshirishni taklif qiladi. Mazkur takliflarga rozi bo‘lmagan o‘qituvchilarning mehnat shartnomasi (amaldagi qonunchilik asosida) bekor qilinadi.
«Attestatsiyadan o‘tmadi» deb topilgan pedagoglar hamda qayta tayyorlash yoki malaka oshirish kursiga yuborilgan pedagoglar bir yildan so‘ng qayta attestatsiyadan o‘tkaziladilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |