9
bunda marhum hukmdorning vasiyati e’tiborga olingan. Boshqacha aytganda, taxtga
vorislik bir sulola ichida kechsada, ammo muayyan tartib bo‘lmagan, ya’ni o‘tgan
hukmdor o‘rnini uning o‘g‘li yo ukasi, yo bo‘lmasa Arshakiylar sulolasining
bironbir namoyandasi egallashi mumkin bo‘lgan. Aftidan, bu masalada
kengashlarning mavqei kuchli bo‘lib kelgan. Buni
shundan ham bilib olish
mumkinki, tarixiy hujjatlarga ko‘ra mazkur ikki kengash oliy hukmdorni taxtdan
chetlatishga qodir hisoblangan. Arshakiylar saltanatni mulklarga (satrapiyalarga)
bo‘lib idora etganlar. Shu bilan birga, barcha mulklar mavqei bir xilda bo‘lmaganini
ta’kidlash lozim. Chunonchi, Girkaniya, Seyiston (Sakiston) yarim mustaqil mulk
sifatida o‘z pullarini zarb etib kelganlar.
Miloddan avvalgi II asrga kelib Markaziy Osiyo xalqlari tarixida siyosiy
beqarorlik davri boshlanadi. Bu asrda Yunon-Baqtriya podsholigidan So‘g‘diyona
ajralib chiqdi. Marg‘iyona parfyanlar tomonidan bosib olindi. Keyinchalik O‘rta
Osiyo hududida Xorazm davlati bilan chegaradosh bo‘lgan Toxariston davlati
tashkil topdi. Bu davlat ham keyinchalik kichik-kichik podsholiklarga bo‘linib ketdi.
O‘sha vaqtlarda Xorazm davlati takribiga Xorazm, So‘g‘diyona
va Choch
(Toshkent) kirardi.
Toxariston davlati
tuzilishi va uni boshqarish shakli va ushbu davlatning
markaziy va mahalliy organlari haqidagi ma’lumotlar bizgacha to‘lig‘icha yetib
kelmaganligi sababli Azamat Ziyoning bu haqdagi fikr- mulohazalari bilan
cheklanishimizga to‘g‘ri keladi. U shunday deb yozadi: «Toxariston
boshqaruvi
masalasiga kelsak, shimoldan kirib kelgan toharlar (yuechjilar) hamda mahalliy
mavqedor doiralar faoliyati beshta siyosiy xonadon nomi bilan bog‘liq ekanligini
ta’kidlab o‘tmoq kerak». Xitoylik mualliflarning fikricha, ular quyidagilardan iborat
bo‘lgan: «Xyumi, Shuanmi, Guyshuan (Kushon), Xeytun, Gaofu. Ularning har biri
ustidan turuvchi sardor yabg‘u (jabg‘u) unvoniga ega bo‘lib, har bir yabg‘u o‘z
qarorgohida o‘tirgan. Masalan, Hyumi sardori (hokimi) Homo shahrida, Shuanmi
hokimi Shuanmida, Guyshuan hokimi Xotzoda, Xeytun hokimi Gaofuda turgan.
Aftidan, biron-bir xonadon ikkinchisining ustidan hukmronlik qilish imkoniga ega
bo‘lmagan.
Chjan Syanning «Daxya (Baqtriya) aslida oliy hukmdorga ega emas, har bir
shaharning o‘z hokimi bor» qabilidagi guvohliklari shu xulosaga olib keladi.
Fikrimizcha, Xitoy manabalarida tilga olingan «har bir shahar» mavjud besh siyosiy
sulola boshliqlarining qarorgohlarini anglatishi kerak. Shu bilan birga, bu besh mulk
(sulola) yuechjilarga qaram, yuechjilarning poytaxti esa Amudaryoning o‘ng
qirg‘og‘ida joylashgan kabi ta’kidlarni ham e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi.
Fikrimizcha, yuechjilar (toxarlar) keyingi davrdagi eftaliylar, chingiziylarga o‘xshab
o‘lkani chetdan turib boshqarganlar. Buni tasdiqlovchi ma’lumotlarni
xitoy
manbalarida ham uchratish mumkin. Jumladan, katta yuechji aslida ko‘chmanchi
davlat. Aholi mol-holi bilan bir joydan ikkinchi joyga ko‘chib yuradi, urf-odatlari
xunlarnikiga o‘xshash bo‘lganligi haqida ma’lumotlar keltiriladi.