O‘rta asrlardagi etnik-madaniy jarayonlar. “O‘zbek” atamasi
O‘rta Osiyo xalqlarining etnik shakllanishida bu hududga ko‘chib
kelgan turli elat va qabilalar ham ma’lum ma’noda ishtirok etganlar.
46
Yuyechjilar, xioniylar, kidariylar, eftaliylar shular jumlasidandir. O‘rta
Osiyo ikki daryo oralig‘i tipi Sirdaryoning o‘rta havzasida aniq
antropologik tip bo‘lib shakllangan davrda bu hududlarda ”Qovunchi
madaniyati” shakllanadi. So‘nggi arxeologik tadqiqotlar natijalariga ko‘ra
milodiy II-III asrlardan boshlab Farg‘ona vodiysi, Samarqand hududlari,
IV-V asrda esa Buxoro vohasi, Qashqadaryo va Surxon vohalarida
Qovunchi madaniyatining ta’siri seziladi.
IV asrning oxirlaridan boshlab, O‘rta Osiyoda yirik turkiy etnoslar
xioniylar va eftaliylarning o‘troqlashuv jarayonlari kuchayadi. V-VI
asrlarga kelib, eftaliylar va xioniylarning asosiy qismi turg‘un hayotga
o‘tadilar. Bu qabilalar o‘troq hayot kechirib an’anaviy chorvachilik bilan
bir vaqtda dehqonchilik bilan shug‘ullanganliklari haqida yozma va
arxeologik manbalar ma’lumotlar beradi.
VI asrning o‘rtalaridan boshlab O‘rta Osiyoda eftaliylar va Turkiy
xoqonlik o‘rtasida kurash boshlanadi. Tarixiy manbalardan bizga
ma’lumki, VI asrning o‘rtalarida Oltoyda, Janubiy Sibir, Yettisuv, Sharqiy
Turkistondagi bir necha qabilalar birlashuvi natijasida yirik Turkiy
xoqonlik tashkil topadi. Qisqa vaqt ichida xoqonlik kuchayib, O‘rta
Osiyoning katta qismini bosib oladi. Turkiy xoqonlik davrida (VI-VIII
asrlar) Toshkent vohasi, Zarafshon, Qashqardaryo vohalari, Surxon daryo
va Farg‘ona vodiylari Xorazm hududlariga turkiyzabon guruhlarning kirib
kelishi yanada kuchaydi va ularning ko‘pchiligi bu hududlarda
turg‘unlashib qoldi.
VIII asr boshlarida arablar Movarounnahr va Xorazm hududlariga
bostirib kirgan vaqtlarda bu hududlarda o‘troq va yarim o‘troq
turkiyzabon aholi, so‘g‘diylar, toxarlar, chochliklar va Xorazmning tub
yerli aholisi bosqinchilarga qarshi tinimsiz kurash olib borgan
bo‘lishlariga qaramay siyosiy parokandalik tufayli ular zulmi ostiga tushib
qoladilar.
Ma’lumki, VIII asrning 2-yarmidan turkiy qarluq qabilalari kuchaya
boshlaydilar. IX asrning o‘rtalariga kelib Yettisuv, Chimkent viloyati,
Toshkent vohasi, Farg‘onaning shimoliy qismlarini o‘z ichiga olgan
Qarluq davlati tashkil topadi. Ko‘pchilik tadqiqotchilarning e’tirof
etilishlaricha, o‘zbek elatining shakllanishida Qarluq davlatining
ahamiyati katta bo‘ladi. X asr o‘rtalaridan boshlab bu davlat tarixiy
manbalarda Qoraxoniylar davlati nomi bilan tilga olinadi.
Yozma manbalarning ma’lumot berishicha (“Hudud al-olam”), IX-
X asrlar qarluqlar egallab turgan hududlarda 20 dan oshiq shahar, ko‘plab
qishloqlar bo‘lgan. Qarluqlar ko‘p sonli, nufuzli “xalq“ bo‘lib, bir qismi
47
chorvachilik bilan shug‘ullangan. Qarluqlar yashagan hududlarda yirik
etnoslar-chig‘illar,
yag‘molar, xalachlar ham yashagan bo‘lib,
tadqiqotchilarning fikricha, ular bir-biriga qon-qarindosh bo‘lib turkiy
tilda so‘zlashganlar.
XI asrning birinchi o‘n yilligidayoq Janubiy hududlarning to Balx
viloyatigacha bo‘lgan yerlari dastlab qoraxoniy turkiylar, so‘ng esa
g‘aznaviylar qo‘liga o‘tdi. Buning natijasida navbatdagi katta turkiy
qatlam So‘g‘diyona, Xorazm va Toxariston yerlariga kirib boradi.
Qoraxoniylar davrida Movaraunnahrning barcha hududlarida turkiy
qatlamlar mavjud edi.
Qoraxoniylar davlatida qarluq-chig‘il turkiy til lahjasi keng tarqaldi.
Keyinchalik shu til asosida adabiy turkiy til yuzaga kelib, uni Mahmud
Qoshg‘ariy “eng ochiq va ravon til” deb atagan. Turkiy tilda IX-XII asrlar
mobaynida bir qator asarlar yozilgan bo‘lib, Ahmad Yugnakiyning (775-
869) “Hibatul haqoyiq“ (Haqiqatlar tuhfasi) dostoni, Yusuf Xos Xojibning
(XI asr), “Qutadg‘u bilik” (Saodatga yo‘llovchi bilim) asari, Ahmad
Yassaviyning
(1041-1167)
“Hikmatlar”i hamda “O‘g‘uznoma”,
“Alpomish”, “Go‘rug‘li” kabi dostonlar shular jumlasidandir.
Movarounnahr va Xurosonning forsiy-dariy tilda so‘zlashuvchi
aholisi X asrdan boshlab o‘zini “tozik” ya’ni “tojik” deb yurita
boshlaydilar. Somoniylar va Qoraxoniylar (IX asr o‘rtalaridan-1213
yilgacha)dan keyin hukumronlik qilgan keyingi sulolalar, G‘aznaviylar
(997-1187), Saljuqiylar (1040-1147), Xorazmshoh-anushtegeniylar (1097-
1231)ning barchasi turkiy qavmga tegishli bo‘lib, o‘z vaqtida nafaqat
O‘rta Osiyo, balki O‘rta Sharqda ham hukmronlik mavqeyiga ega
bo‘lganlar. Mug‘ullar istilosi garchi aholi boshiga nihoyatda og‘ir
kulfatlar va yo‘qotishlar olib kelgan bo‘lsada, tadqiqotchilar fikricha,
o‘zbek xalqi etnogenezi va irqiga deyarli ta’siri bo‘lmadi.
“O‘zbek” etnonomining kelib chiqishi haqida qisqacha fikr
yuritadigan bo‘lsak, bu etnonimning kelib chiqishini ayrim guruh
tadqiqotchilar Oltin O‘rda xoni O‘zbekxonning (1312-1341) nomi bilan
bog‘laydilar. Boshqa bir guruh tadqiqotchilar esa bu fikrni inkor etadilar
va “o‘zbek” nomi O‘zbekxongacha Oq O‘rda mintaqasida, uning G‘arbiy
Sibir va Qozog‘iston qismida yashagan turkiy qabilalariga mansub (xon
nomi qabilalar nomidan olingan bo‘lishi mumkin), degan fikrni ilgari
suradilar. Ayrim tadqiqotchilar esa “o‘zbek” atamasini “o‘zi bek”,
“erkin”, “mustaqil” so‘zidan kelib chiqib XII-XIV asrlarda xalqimizga
nisbatan ishlatila boshlagan deb hisoblaydilar.
48
O‘zbek etnonimi kelib chiqishi davriga qarab o‘zbek, turkman,
qozoq, qoraqalpoq xalqlarini aniq bir vaqtda paydo bo‘lgan deb aytib
bo‘lmaydi. Bu xalqlar ming yillar davomida hozirgi yashayotgan
mintaqalarida yashaganlar. Lekin u paytda hali hozirgi nomi bilan atalgan
emas va bu nomlari bilan aytilmagan. Ular umumiy nom bilan “turkiy”
deb yoki bo‘lmasa, o‘z qabilalari nomlari bilan atalganlar.
Tarixning qadimgi davrlarida aholi ko‘p hollarda o‘zlari yashagan
joy nomi bilan atalgan bo‘lib, o‘rta asrlarga kelib bu nomlar o‘zgaradi.
Xususan,
Dashti
Qipchoq
hududlarida
yashagan
turkiy
aholi
Movarounnahr yerlariga kelib, bu yerda yashayotgan o‘troq aholi bilan
uyg‘unlashib ketgan va aholini nomi “o‘zbek” deb atalgan. O‘rta asrlar
tarixiy adabiyotlarida ham bu nom “o‘zbek”, “o‘zbeklar” sifatida tilga
olinadi. Ammo shu narsa aniqki, Dashti Qipchoq hududlaridan kelgan
turkiy qabilalar mahalliy aholi etnogeneziga, urf-odat va an’analariga
sezilarli darajada ta’sir etmadilar. Aksincha, ular orasiga singib ketib
yuqori darajadagi madaniyat ta’sirida bo‘ldilar.
Tadqiqotchi A.Ibrohimovning yozishicha, o‘zbek xalqi asosan ikki
etnik qatlamdan tashkil topgan. Birinchi qatlam Turon-Turkiston
hududlarida shakllangan. Ikkinchi qatlam esa Volga (Itil) daryo
bo‘ylaridan tortib, to Xorazmning shimoli, Sirdaryoning o‘rta va quyi
oqimlarigacha bo‘lgan hududlarda shakllangan. Bu makon o‘tmishda turli
nomlar, chunonchi Dashti Qipchoq, Oltin O‘rda, o‘zbek viloyati, o‘zbek
mamlakati, o‘zbek ulusi deb atalgan. Xalqimizning bu qatlamini shartli
ravishda shimoliy qatlam deb atash mumkin.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, o‘zbek xalqining asosini hozirgi
O‘zbekiston hududlarida bir necha ming yillar davomida yashab kelgan
mahalliy saklar, massagetlar, so‘g‘diylar, baxtarlar, xorazmiylar,
qang‘lilar, dovonliklar, chochliklar tashkil etgan. Kelgindi aholi mahalliy
aholiga qisman ta’sir etsada, uning genetikasini tubdan o‘zgartira
olmagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |