1.4. Davlat muzeylari toifalari, ularni belgilash koʻrsatkichlari.
Dunyo
tajribasiga nazar tashlasak, muzeylar turli guruhlarga, toifalarga va kategoriyalarga
boʻlinganligiga guvoh boʻlish mumkin. Masalan, Buxoro muzeyi 1945–1969-
yillarda Buxoro tarixiy-oʻlkashunoslik muzeyi deb nomlanib, respublikada III
kategoriyaga kiritilgan boʻlsa, 1969–1988-yillarda II kategoriyaga kiritilgan.
17
Oʻzbekiston SSR Ministrlar sovetining 1988-yil 21-martdagi 112-sonli qaroriga
asosan muzey Buxoro davlat badiiy-me’morchilik muzeyi-qoʻriqxonasi nomini
oldi va 1989-yil 1-yanvardan respublikada I kategoriyadagi muzey deb qayd
qilindi. 2017-yildan Buxoro davlat muzey qoʻriqxonasi oliy toifali deb e’lon
qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasida davlat muzeylari toifalari darajalariga koʻra
oliy toifa, I toifa, II toifa, III toifadan iborat boʻladi.
Muzeylarning asosiy fondida saqlanayotgan muzey ashyolari, muzey
kolleksiyalarining noyobligi, ularning saqlanish holati, muzey binosining amaldagi
talablarga mosligi, zamonaviy texnika va fond jihozlari bilan ta’minlanganligi,
tashrif buyuruvchilar uchun yaratilgan qulayliklar, ekspozitsiyasining jahon
standartlariga javob bera olishi, xalqaro aloqalar yoʻlga qoʻyilganligi hamda
eksponatlar soni, muzeyga bir yil davomida tashrif buyurganlar soni davlat
muzeylarining toifalarini belgilashda asosiy koʻrsatkichlar boʻlib hisoblanadi.
Davlat muzeylariga: asosiy fondida noyob muzey ashyolari, muzey
kolleksiyalari mavjud, eksponatlar saqlanish holati talab darajasida, zamonaviy
texnika va fond jihozlari bilan toʻliq ta’minlangan, tashrif buyuruvchilarga barcha
qulayliklar yaratilgan, ekspozitsiyasi jahon standartlari talablariga javob beradigan,
xalqaro aloqalar yaxshi yoʻlga qoʻyilgan hamda eksponatlar soni 40 mingdan
ziyod, muzeyga bir yil davomida tashrif buyurganlar soni 40 ming nafardan
ortiqni tashkil etgan boʻlsa – oliy toifa;
asosiy fondida noyob muzey ashyolari, muzey kolleksiyalari mavjud,
eksponatlar saqlanish holati talab darajasida, zamonaviy texnika va fond jihozlari
bilan ta’minlangan, tashrif buyuruvchilarga qulayliklar yaratilgan, ekspozitsiyasi
jahon standartlari talablariga javob beradigan, xalqaro aloqalar yoʻlga qoʻyilgan
hamda eksponatlar soni 30 mingdan ziyod, muzeyga bir yil davomida tashrif
buyurganlar soni 30 ming nafardan 40 ming nafargachani tashkil etgan boʻlsa – I
toifa;
asosiy fondida noyob muzey ashyolari, muzey kolleksiyalari mavjud
boʻlmagan, eksponatlar saqlanish holati talab darajasida, zamonaviy texnika va
18
fond jihozlari bilan qisman ta’minlangan, tashrif buyuruvchilarga oʻrtacha darajada
qulayliklar yaratilgan, ekspozitsiyasi jahon standartlari talablariga qisman javob
beradigan, xalqaro aloqalar qoniqarli yoʻlga qoʻyilgan hamda eksponatlar soni 25
mingdan ziyod, muzeyga bir yil davomida tashrif buyurganlar soni 20 ming
nafardan 30 ming nafargachani tashkil etgan boʻlsa – II toifa;
asosiy fondida noyob muzey ashyolari, muzey kolleksiyalari mavjud
boʻlmagan, eksponatlar saqlanish holati qoniqarli darajada, zamonaviy texnika va
fond jihozlari bilan ta’minlanmagan, tashrif buyuruvchilarga yaratilgan qulayliklar
darajasi past, ekspozitsiyasi jahon standartlari talablariga javob bermaydigan,
xalqaro aloqalar yoʻlga qoʻyilmagan hamda eksponatlar soni 20 mingtagacha,
muzeyga bir yil davomida tashrif buyurganlar soni 10 ming nafardan 20 ming
nafargachani tashkil etgan boʻlsa – III toifa beriladi.
Yuqoridagi talablarga javob bermagan muzeylarga toifa berilmaydi va ular
hududdagi boshqa yirik muzeylar tarkibiga oʻtkaziladi va filial sifatida faoliyat
yuritadi.
Yangi tashkil etilgan muzeylarga dastlab III toifa beriladi va bir yillik
faoliyatidan soʻng belgilangan asosiy koʻrsatkichlar asosida tegishli ravishda
toifasi oʻzgartiriladi. Davlat muzeylarining shtat jadvallari ular ega boʻlgan
toifadan kelib chiqqan holda shakllantiriladi.
Davlat muzeylari toifa olish, amaldagi toifasini oʻzgartirish toʻgʻrisida
oʻzlari bevosita boʻysunuvchi yuqori boshqaruv organlari orqali Oʻzbekiston
Respublikasi Madaniyat vazirligiga murojaat etadi. Madaniyat vazirligi huzuridagi
maxsus komissiya davlat muzeylariga uning asosiy koʻrsatkichlaridan kelib
chiqqan holda toifa berilganligi toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Muzeylarning asosiy fondida saqlanadigan noyob durdonalarning boshqa
muzeylarga berib yuborilishi, saqlanish holati yomonlashganda, muzey binosi
talabga javob bera olmay qolganda, zamonaviy texnika va fond jihozlari bilan
ta’minlash toʻxtab qolganda, tashrif buyuruvchilarga yaratilgan qulayliklar
qoniqarsiz boʻlganda, ekspozitsiyasining jahon standartlariga javob bera olmay
qolishi, xalqaro aloqalarning susayib borishi hamda eksponatlar sonining
19
kamayishi, muzeyga yil davomidagi tashrif buyuruvchilar soni koʻrsatkichlari
pasayishi holati aniqlanganda ularning toifalari Oʻzbekiston Respublikasi
Madaniyat vazirligi huzuridagi maxsus komissiyaning qaroriga asosan tegishli
tarzda pasaytiriladi.
Muzeylarga ularning toifasini tasdiqlovchi maxsus guvohnoma uch yil
muddatga beriladi va belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi. Guvohnoma shakli
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va
tasdiqlanadi.
Xulosa qilib aytganda, muzey ashyolarni toʻplash, saqlash, oʻrganish,
tadqiq etish, koʻrgazmalar tashkil qilish va xalq ommasiga namoyish etish hamda
boshqa maqsadlar uchun tashkil etiladi. Muzeylar fondidagi ashyolarning
noyobligi, tomoshabinlar sonining koʻpligi va xalqaro aloqalar yoʻlga
qoʻyilganligiga qarab, uning toifalarga boʻlinganligi diqqatga sazovordir.
Do'stlaringiz bilan baham: |