www.ziyouz.com
kutubxonasi
176
Qichqiriq, quv-quv bo‘rining qonini jo‘shtirdi, unda bo‘ri vahshati uyg‘ondi, u o‘ljasini qo‘ldan
chiqarmaslikka qaror qildi. Bolakayning yoqasidan mahkam tishlagancha, bo‘ri shiddat bilan tog‘larga
qochib tobora uzoqlashib borardi, orqasidan miltiq otilib, o‘q boshi ustidan chiyillab o‘tganda ham
o‘ljasini tashlamadi. Bolakay dod solib chinqirar, otasi, onasini chaqirardi. Bo‘ston bo‘rini nima bilan
qo‘rqitish-hni bilmay yana osmonga o‘q uzdi, lekin bo‘ri bu safar ham qo‘rqmadi. Akbara toshloq
tepalar sari jadal yugurar, u yerga yetib olsa, bas, birpasda izni chalkashtirib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lishini
o‘zi bilardi. Bo‘stonning yuragi orqasiga tortib ketdi: qanday qilsa bolani qutqarish mumkin? Nima
qilsin? Bu dahshatli ofat qaydan chiqdi? Qaysi gunohi uchun?
— Bolani tashla, Akbara! Tashla, tashla deyman, tegma bolamizga! — hansiragan ot kabi og‘ir-
og‘ir nafas olib, hirqirab derdi Bo‘ston. U bo‘riga iltijo qilardi.
Bo‘ston uchinchi marta osmonga o‘q uzdi, o‘q yana vahshning boshi ustidan vizillab uchdi.
Toshloq tepa-o‘ngirlar yaqin qoldi. O’qdonda ikkita o‘q qoldi. Yana bir soniyadan so‘ng hammasi
ko‘ldan ketishini sezib, Bo‘ston bo‘rini otishga qaror qildi. Chopib ketarkan, darhol tizzalab o‘tirdi va
mo‘ljal ola boshladi, bo‘rining oyoqlarini mo‘ljalladi, lekin hech mo‘ljal ololmasdi ko‘kragi hars-hars
ko‘tarilib tushar, qo‘li qaltirar, unga bo‘ysunmasdi. U butun kuchi, irodasini yig‘di, ko‘zini titrab
turgan mildan uzmasdi, bo‘ri xuddi asov to‘lqinlar uzra suzib ketayotgandek edi, shunda u tepkini
bosdi. Tegmadi. O’q bo‘ri yonidan tuproqni to‘zg‘itib uchdi. Bo‘ston miltiqni qaytadan o‘qladi, oxirgi
o‘q qoldi. Yana mo‘ljal oldi, endi u o‘q ovozini eshitmadi, faqat bo‘ri bir sakrab yoniga o‘mbaloq
oshib tushdi.
Miltiqni yelkasiga osgancha, Bo‘ston xuddi tush ko‘rayotganday yiqilgan bo‘ri sari chopib ketdi.
Nazarida oyog‘i yerga yopishib qolganday, hech chopib yetib bo‘lmaydiganday, xuddi bo‘m-bo‘sh
huvildoqda suzib ketayotganday edi...
Havo birdan sovib ketgan kabi u zum ichida muzday bo‘lib qoldi, va bir alfozda yiqilgan bo‘ri
ustiga yetib keldi. Uning qaddi birdan yetti bukildi, gung faryod ko‘tarib o‘zidan-o‘zi chayqala
boshladi. Akbara hali tirik edi. Uning yonginasida ko‘kragini o‘q teshib o‘tgan bola o‘lib yotardi...
Gung edi dunyo, gungsirab yotardi. Dunyo g‘oyib bo‘ldi, uning o‘rnida faqat olov voshillagan
zulumot qoldi. Bo‘ston ko‘zlariga ishonmay bukchaydi va yerdan qonga belangan o‘g‘lini ko‘tardi va
bag‘riga bosgancha orqasiga tisarildi, shunda u nima uchundir jon berayotgan bo‘rining ko‘zlari ko‘k
ekanligiga ajablandi. So‘ng orqasiga o‘girilib g‘am-alamdan tilini yo‘qotib, halloslab kelayotgan
xotinlarga qarab yurdi.
Nazarida xotinining bo‘yi osmon qadar cho‘zilib ketganday tuyuldi. Mana, unga tomon bo‘yi
ko‘kka qadar cho‘zilgan, hayhotday yuzi ontarilgan, hayhotday qo‘llari buralib unga uzalgan xotin
cho‘zila kelmoqda.
Bo‘ston o‘zi o‘ldirib qo‘ygan kichkintoyni quchog‘iga bosgancha xuddi ko‘zi ko‘r bo‘lganday
qadam tashlardi. Uning orqasidan nola ko‘tarib, uvvos solib, Gulimxon sudralar, uning qo‘ltig‘idan
voy-voylagan Asilgul tutgan edi.
Alamdan kar bo‘lib qolgan Bo‘ston hech narsani eshitmadi. Lekin birdan xuddi qudratli sharshara
yuksakdan otilib tushganday qulog‘i shang‘illab ochildi va dunyo shovqinga to‘ldi, u nima
bo‘lganligini tushindi va ko‘zlarini osmonga tikib, dahshat bilan baqirdi:
— Nimaga, nimaga axir menga bu jazo?
Uyda u kichkinaning jasadini ko‘chishga tayyorlab qo‘yishgan karavotchasiga yotqizdi. Shunda
Gulimxon jasad poyiga tiz cho‘kdi va xuddi Akbara tunlari uv tortgan kabi uvillay boshladi. Uning
yoniga yerga Asilgul cho‘kdi...
Bo‘ston esa miltig‘ini ko‘tarib uydan chiqdi. U xuddi jangga borayotganday bir dasta o‘qni
miltiqqa joyladi, bir dastasini cho‘ntagiga soldi. So‘ng Do‘nko‘likka egar urdi va otiga sakrab mindi.
Na xotini va na Asilgulga bir so‘z demay uydan chiqdi...
Qo‘radan picha nari borgach, Do‘nko‘likning boshini qo‘yib berdi. Oltin tusli saman ot Taman
Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |