Computer in our life
Jadal o’zgarishlar bilan o’tib borayotgan bugungi kundagi hayot-foliyatimizning barcha sohalarida global darajada kompyuterlashtirish amalga oshirilmoqda. Kompyuter, noutbuk, planshet va mobil telefonlari kabi zamonaviy qurilmalar ish joyimizda ham, uyda ham eng yaqin hamkorimizga aylanib qoldi. Ular hatto bolajonlarimiz hayot-faoliyatidan ham joy ola boshladi.
Jadal o’zgarishlar bilan o’tib borayotgan bugungi kundagi hayot-foliyatimizning barcha sohalarida global darajada kompyuterlashtirish amalga oshirilmoqda. Kompyuter, noutbuk, planshet va mobil telefonlari kabi zamonaviy qurilmalar ish joyimizda ham, uyda ham eng yaqin hamkorimizga aylanib qoldi. Ular hatto bolajonlarimiz hayot-faoliyatidan ham joy ola boshladi.
Zamonaviy bolajonlar esa aynan shunday kompyuterlashib borayotgan jamiyatda ulg’aymoqda. Ota-onalar allaqachon bolalarga ham kompyuter va boshqa gadjetlardan foydalanishga ruxsat berib, ularni xavfsiz bir qurilma deb hisoblay boshlaganlar. Sababi mazkur qurilmalar uzoqni yaqin qilib, qulay imkoniyatlar taqdim etayotgani barchaga ma’lum. Hozirgi kunda kompyutersiz ishimiz bitmay qoladigan bo’ldi. Hatto keksa avlod vakillari ham Internet, chatlar, forumlarda faollashishga ulgurganlar. Bu atamalar hayotimizdan mustahkam joy ola boshladi. Ular bilan yangi tushunchalar ham kirib keldi: ulardan biri — bu Internet tarmog’i va kompyuter o’yinlariga qaramlik tushunchasidir. Zamonaviy qurilmalar qulay imkoniyatlar taqdim etishdek ijobiy jihatlari bilan bir qatorda, o’z salbiy ta’sirini ham namoyon etishi mumkinligi bugungi kunda hech kimga sir emas. Masalan, mazkur zamonaviy qurilmalar va Internetga qaramlik «kasalligiga» duchor bo’layotganlar soni ortib borishi mumkinligi ota-onalar, biz kabi o’qituvchilarni tashvishga soladi.
Aslida, kompyuter kundalik hayot va faoliyatimizda juda katta o’rin egallamoqda, shu bilan birga, salbiy jihatdan ta’sir etish holatlarini ham namoyon etmoqda. Zamonaviy qurilmalar foydali jihatlari bilan bir qatorda, o’ziga qaram qilishdek jiddiy salbiy ta’sirga ham egaligini, kattalar kabi bolalar ham undan foydalanishda ma’lum belgilangan me’yor va qoidalarga amal qilishni bilishlari va unutmasliklari zarur. Ma’lumki, tarmoq, virtual olam o’ziga har qanday yoshdagi insonni rom etadi. Foydalanuvchi o’zi ham sezmagan holda unga qaram bo’lib qola boshlaydi.
Virtual olamda inson o’zini ancha erkin his etadi, bu esa haqiqiy olamda muvaffaqiyatli inson bo’lishiga xavf soladi. Sababi aldamchi olam unga psixologik ta’sir ko’rsata oladi. Ma’lumki, haqiqiy hayotda deyarli har bir insonda ma’lum bir muammolari bo’ladi. Qaramlikka duch kelgan odamlarda esa: maishiy, oilaviy hayotda, o’zaro munosabatda, o’qishda va ishda ko’plab muammolar yuzaga kelishi mumkin. Aynan shu sababli ular uchun haqiqiy hayot qiziqarsiz va zerikarli bo’lib tuyuladi. Biroq zavqlanib, kompyuter o’yinlari o’ynaydigan odamlarda qisqa vaqt o’tishi bilan bosh og’rig’i, bo’yin va yelkalarida, ko’zlari va umurtqa pog’onalarida og’riqni his etadilar. Bu nimadan darak beradi? Inson miyasida toliqish yuzaga kelib, u xotiradagi keraksiz axborotlarni o’chirib tashlay olmay qoladi. Bu hol muntazam davom etadigan bo’lsa, ruhiy zo’riqishgacha rivojlanib borishi mumkin. Shu sababli farzandlarimizning uzoq muddat kompyuter o’yinlariga berilib ketishlarining oldini olish avvalo ota-onalar, kattalar va o’qituvchilarning burchidir. Bunday holatlarda ota-onalar va o’qituvchilar quyidagilarga amal qilishni tavsiya etish foydadan holi bo’lmaydi:
bolalardagi qiziqishlar va rivojlanish xususiyatlariga e’tiborli bo’lish;
boladagi o’zgarishlarni qaramlik darajasiga yetmasdan oldin aniqlashga intilish;
bola kompyuterdan foydalanganidan keyingi holatlari, kayfiyati va ruhiy holatiga e’tiborli bo’lish;
bolalarda qaramlik belgilari yuzaga kelishiga yo’l qo’ymaslik uchun ularda kompyuterdan to’g’ri foydalanish salohiyatini shakllantirishga yordam berish zarur.
Ko’plab manbalarda ko’rsatishicha, kompyuterga qaramlik kasalligi yuzaga kelishining uch bosqichi ma’lum: Birinchi bosqich — qiziquvchanlik. Kompyuterning real hayotdagi voqelikdanda qiziqarli jihatlari bilan o’ziga jalb etish xususiyatlariga qiziqib ketish.
Ikkinchi bosqich — bog’lanib qolish. Hatto qisqa vaqt ichida ham kompyutersiz yomon kayfiyat, ruhiy tushkunlik, tajanglik, zerikishlik, tashvishli holatga tushish.
Uchinchi bosqich — butunlay qaramlik. Albatta, ruhan zo’riqish holatidagi odamlar internet tarmog’ida o’zlariga sokin muhitni «topadilar», sababi tarmoqda o’zlarini haqiqiy hayotdagi muammolardan xalos bo’lgandek his qiladilar. Aslida, Internetga ruhiy sog’lom insonlar ham bog’lanib qolib, asta unga qaram bo’lib, psixikalarida buzilishlar sodir bo’lishi mumkin.
Ilgari xiyobon va dam olish hududlarida mavjud bo’lgan ko’ngilochar o’yinli avtomatlar paydo bo’lganida bolalar hamda kattalar — cho’ntakdagi mablag’lari tugamagunicha o’yinni davom ettirishga kirishib ketganlari, yaqinlar va do’stlar bilan muloqot kamayib, haqiqiy hayotiy muammolarni unutgancha vaqt sarflaganliklarini yaxshi eslaymiz. Kompyuter o’yinlariga qaramlik ham shunga o’xshash: inson miyasining muntazam ravishda o’yinlardan zavq va qoniqish olib borishi shunga olib keladiki, shu vaqtgacha zarur deb hisoblangan, biroq endilikda uning sevimli mashg’ulotiga xalaqit beradigan har qanday ehtiyojlar asta-sekin unutilib boradi. Qaramlik holati bolalarda yana ham og’irroq kechadi — ularga ham ruhan, ham butun organizmi salomatligiga ta’sir etadi. Ma’lumki, pedagog-olimlar va tibbiyot mutaxassislari tomonidan bolalarning kompyuterdan uzluksiz foydalanish vaqt me’yorlari quyidagicha belgilangan:
7–10 yosh — 15 daqiqa.
11–13 yosh — 20 daqiqa.
14–15 yosh — 25 daqiqa.
16–17 yosh — 30 daqiqa.
Bundan tashqari, o’quvchi bolalar kompyuterda haftasiga uch marta foydalanishlari mumkinligi ham ta’kidlanadi. Kompyuter kabi qurilmalarda 10–15 daqiqa vaqt uzluksiz shug’ullanishdan keyin biroz tanaffus qilib, ko’zga dam berish lozimligini ham unutmaslik shart. O’zim dars beradigan boshlang’ich sinf o’quvchilariga shunday qoidalarni singdirib borishga harakat qilgan holda, kompyuterda shug’ullanish bolajonlarning organizmiga qanday ta’sir etishini aniqlash maqsadida ularga manbalardan foydalanib, tayyorlangan anketa-savolnomalari bilan murojaat etib, amaliy sinov o’tkazishga urindim. Jami 32 o’quvchidan anketa-savolnomalarini to’ldirib berishlarini so’radim. Anketa-savolnomaga quyidagicha savollarni kiritdim:
1. Kompyuter, smartfon va planshetdan foydalanasizmi, bunda qancha vaqt sarflaysiz?
a) qisqa daqiqalar mobaynida
b) 1soat
v) 1soatdan ortiq
2. Necha yoshingizdan kompyuter, smartfon va planshetdan foydalanishga ruxsat berishgan?
a) juda kichikligimdan;
b) 7 yoshimdan;
v) o’z javobingiz
3. Kompyuter o’yinlarini doim o’ynagingiz kelaveradimi?
a) ha;
b) yo’q;
v) juda qiziqaman
4. O’yin vaqtida chaqirib qolishsa, osongina turib keta olasizmi?
a) ha;
b) yo’q;
v) bilmayman
5. Kompyuter o’rniga ochiq havoda boshqa o’yin o’ynagan bo’larmidingiz?
a) ha;
b) yo’q;
v) qiziqmayman
6. Kompyuterda o’yin o’ynab turib, ovqatlanasiz, hattoki, dars tayyorlaysizmi?
a) ha;
b) yo’q;
v) ba’zan
7. Darsdan keyin uyga qaytib, darhol kompyuter oldiga o’tirasizmi?
a) ha;
b) yo’q;
8. Kompyuterda o’yin o’ynab, boshqa narsalar (tish yuvish, dars tayyorlash, ota-onangiz tayinlagan topshiriqni bajarish)ni unutasizmi?
a) ha, ba’zan;
b) yo’q;
v) e’tibor bermaganman.
9. Kompyuter ishlamayotgan va undan foydalanish imkoningiz bo’lmasa, qattiq ranjiysiz, tajanglashasizmi?
a) ha;
b) yo’q;
10. Ko’p va uzoq kompyuterdan foydalansangiz taqiqlashadimi?
a) ha;
b) yo’q;
11. Nimaga ko’proq qiziqasiz?
a) kompyuterga;
b) kitob o’qishga;
v) bilim olib, turli matematik masalalarni yechishga.
12. Kompyuterda shug’ullanganingizda charchoq his etasizmi?
a) ha;
b) yo’q;
v) bilmayman
13. Kompyuter va boshqa jasjetlarning sog’liqqa zarar ekanligini bilasizmi?
a) ha;
b) yo’q;
v) baribir, o’yinlarga qiziqaveraman.
14. Qanday o’yinlar qiziqtiradi?
a) o’yin bo’lsa bo’lgani;
b) ta’limiy;
v) mantiqiy.
15. Kompyuterda o’ynab, bilimingiz va aqlingiz yanada oshdimi?
a) oshdi, epchillik va chaqqonlikka o’rgandim;
b) bilmayman;
v) buning qizig’i yo’q.
Savolnoma natijasida o’zim uchun, aslida, kompyuter har birimizning kundalik hayotimizda ishimizni yengillatsa ham, shu bilan bir vaqtda, jiddiy qaramlik kasalligini shakllantirishi mumkinligi haqida xulosaga keldim. O’quvchi-bolalar ruhiyati va sog’lig’iga kompyuterning ta’siri bo’yicha savolnomamiz natijasi quyidagicha bo’ldi:
so’ralgan bolalarning uchdan biri doimiy ravishda virtual o’yinlarga qiziqadi;
o’n foizdan ortiq bola o’yin tugashini va undan boshqa vazifalar bilan shug’ulanishni xohlamaydi;
besh foiz bola umuman hayotiy muloqotlardan qochishni istaydi;
60 foizdan ortiq bolalar ochiq havoda, jismoniy mashqlarni kompyuterdan afzal deb biladi;
o’n foizdan ortiq bola kompyuter vа gadjetlar oldida ovqatlanadi, hattoki, dars tayyorlaydi;
ikki foiz bola kompyuter о’yinidan keyin kayfiyatsiz, charchagan va tajang bo’lib qoladi;
faqat 20 foiz bola uyda kompyuter, televizor va gadjetlardan meyordan ortiq vaqt mobaynida foydalanish taqiqlanishini biladilar.
Xulosa qilib aytganda, mazkur savolnoma natijalariga muvofiq, o’quvchi-bolalarda virtual o’yinlarga qaramlikning oldini olish bo’yicha profilaktik ishlar olib bormoqdamiz. Ularga muntazam ravishda, turli mavzularda qiziqarli ma’ruzalar, viktorinali tadbirlar vositasida mazkur zamonaviy kasallikka qarshi immunitet shakllantirishga hissa qo’shishga intilmoqdamiz. Bu faqat biz — o’qituvchilarninggina vazifasi emas, bu masalada ota-onalar ham faol hamkorlik qilishlari zarur deb hisoblaymiz. Shundagina boshlang’ich sinf yoshidagi o’quvchilarda kompyuterdan to’g’ri foydalanish salohiyati shakllanib boradi.
Foydalanilgan adabiyotlar
Zamonaviy o’smirlar tarbiyasiga Internetning ta’siri. infoCOM.UZ jurnali. 2014-yil 12-son
Минакова А.В. Психологическиe особенности лиц, склонных к интернет-зависимости. http://nedug.ru
Do'stlaringiz bilan baham: |