www.ziyouz.com
kutubxonasi
156
qilib yirtib tashlagisi kelar, esdan og‘ib qolayotganga o‘xshardi.
Lekin hayot faqat kulfat va omadsizlikdan iborat emas. Tole shu tobda unga andakkina kulib ham
boqdi. O’sha kuni tog‘liklarda bir cho‘pon to‘y bermoqda edi. Ta’tilga kelgan student o‘g‘lini
uylantirayotgan edi. Mehmonlar uzoq o‘tirishdi. Eng oxirgilari yarim kechadan og‘ganda, yuk
mashinada qaytishmoqda edi. Osmonga to‘lin oy ko‘tarilgandi. Tog‘ yonbag‘irlarida ko‘l salqini
esardi. Olisda, pastda Issiqko‘lning oydini xira jilvalanardi. Odamlarning qo‘shiq aytgilari kelar, bir
qo‘shiqqa ikkinchisini ulab yuborardilar.
Qo‘shiq tovushlarini eshitib, Bo‘ston yugurgancha yo‘lga yetib ulgurdi-da, joni boricha qo‘lini
silkita ketdi. Ana shu yuk mashinasida tunda soat ikkilardan o‘tganda, u «Berik» sovxoziga yetib keldi.
Yuk mashinasi sovxoz direktorining uyi oldida to‘xtadi. It qattiq akillab, Bo‘stonning oyog‘iga
tashlandi. Itga e’tibor bermay, u derazani mushtlay boshladi.
— Kim bu?— xavotirli so‘radi ovoz.
— Menman, Bo‘ston O’rkunchievman.
— Nima bo‘ldi, Bo‘ske?
— Ahvol chatoq.
* * *
Ertasiga peshinga yaqin qutqaruvchilar birin-ketin tizilishib Ola Mo‘ngu dovoni tomon ko‘tarilib
borardilar. Bo‘stonni qo‘shib hisoblaganda, ular olti kishi edilar. Mashina yurishi mumkin bo‘lgan
joygacha ularni vezdexodda olib kelib qo‘ydilar. U yog‘iga o‘zlari asbob-uskunalarini olib yo‘lga
tushdilar. Ular Bo‘ston izidan nafaslarini saqlab, jim, adl ko‘tarilardilar. Shahardan tez orada, mana
shu soatlar ichida vertolyot kelishi, ularga uchta tajribakor alpinist yordamga qo‘shilishi kerak edi.
Kecha xuddi mana shu paytda, xuddi mana shu so‘qmoqdan Ernazar ikkovimiz dovonga o‘tib
borgan edik, deb o‘ylardi Bo‘ston, boshimizga bunday falokat tushishini hayolimizga ham
keltirmagandik...
Ernazar yiqilgandan so‘ng bir oz vaqt tiriq bo‘lganligini u tushunar, lekin bir kechayu bir kunduz
muzlik qa’rida odam chidashi mumkinligiga aql bovar qilmasdi. Shundaylikka shundayku-ya, lekin
baribir hech narsaga qaramasdan u mo‘‘jiza ro‘y berishiga ishongisi kelardi.
O’tgan kecha bo‘ralagan bo‘rondan so‘ng dovonni qor bosgan, sukut cho‘kkan edi. Qor ko‘zni
qamashtirib, og‘ritardi. Qorbo‘ron kechagi izlarning barini bosib ketgan, Bo‘ston muz yorilgan joy
aniq qaerda ekanligini ko‘rsatishga qiynalardi. Lekin bir yomonning bir yaxshiligi bor deganday,
qutqaruvchilardan birovi Bo‘ston kecha yechib tashlagan po‘stinni topdi, sal o‘tmay po‘stindan andak
nariroqda yotgan egarga ham ko‘zlari tushdi. Ana shularga qarab, kechasi qor ko‘mib tashlaganiga
qaramay, o‘yiqni aniq mo‘ljallab topishdi. Bu orada alpinistlar ham kelib qolishdi. Ular o‘z so‘zlariga
qaraganda, olti qavatli uycha keladigan muz o‘yiq ichiga tushishdi...
Alpinistlar yuqoriga qaytib chiqib, Ernazarni ololmaymiz, deb aytishdi. Uning ham, otining ham
loshi qalin muzga ajratib bo‘lmaydigan darajada yopishib, qotib qolibdi. Ko‘chirib olish uchun qattiq
zarb urilsa, muz qatlami surilishi, natijada, qutqaruvchilarning o‘zlari ko‘chki ostida qolib halok
bo‘lishlari mumkin, deb tushuntirishdi alpinistlar... Bo‘stonning o‘zi o‘yiqqa tushib ko‘rsin, istasa,
do‘sti Ernazar bilan vidolashsin, deyishdi alpinistlar. O’zga chora yo‘q...
Keyin uzoq yillar Bo‘ston xotirasiga hech o‘chmas bo‘lib o‘rnashib qolgan dahshatli tush ko‘rib
yurdi. U muz jar sari arqonda tushib boryapti. Yaxmalak devorlarni qo‘lidagi fonar bilan yoritadi.
Uning yana boshqa fonari ham bor. Birovi qo‘lidan tushib ketsa, ikkinchisini ishlatadi. Birdan nazarida
ikkinchi fonarini yo‘qotib qo‘ydi. Qaerga g‘oyib bo‘ldi, bilmaydi. Bundan yuragi yomon siqildi.
Qo‘rqdi, xavotirlandi. Baqirgisi keladi. Lekin vahimali qorong‘u muzlik qa’riga tushgancha tushib
boraverdi. Nihoyat, chiroq yorug‘ida muzga toshday yopishib yotgan Ernazarni ko‘rdi: Ernazar (aslida
ham shunday edi) mukkayib o‘tiribdi, po‘stini boshi tepasiga ko‘tarilib qolgan, yuzi qonga bo‘yalgan,
Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |