ZAMONAVIY OILADA MILLIY AN’ANA VA QADRIYATLARGA E’TIBOR
Sh.T.Alimbayeva.,
psixologiya fanlari nomzodi, dotsent
Bola dunyoga kelar ekan, uning xulq-atvori shakllanishida oilaning o’rni
beqiyosdir. Oʼzbek oilasida tarbiya mohiyati va mazmuni oʼziga xos xususiyatga ega,
chunki uning asosida xalq anʼanalari yotadi. Bu jarayonda har bir xulq-atvor
me’yorlaridan tortib, ijtimoiy munosabatlarda o’zini tutish qoidalarigacha ota-ona
tomonidan bolaga singdirib boriladi. Bunda ota-ona farzand uchun eng dastlabki
o’rnak vazifasini o’taydilar.
Kattalarni hurmat qilish, keksalarni eʻzozlash kabi odat va an’analar oʻzbek
oilalarida yoshlikdan bolalar ongiga singdirilib boriladi. Oʻzbek xalqiga xos bo’lgan
mehmonnavozlik, odamshavandalik, rizqu roʻzimiz boʻlgan turli-tuman noz-
neʻmatlarni eʻzozlash kabi bir qancha milliy xususiyatlar borki, yoshlarni shu
xislatlar, an’analar ruhida tarbiyalashda oila birlamchi saboq maskani hisoblanadi.
Bizning millatimizda oila qurishning o’zi muhim qadriyatdir. O’zga
madaniyatlarda yolg’iz yashashga, oila qurmaslikka targ’ib bilan birga bir jins
vakillarining birgalikdagi nikohiga ham “erkinlik” berilgan. Bizning mentalitetimizda
esa oilani muqaddas deb bilinishi, uning buzilishini katta falokat sifatida qabul
qilinishi oila a’zolarining o’z vazifalarini, burch va mas’uliyatlarini his qilishlariga
yordam beradi. Jamiyatimizga xos bo’lgan mana shu eng muhim qadriyat o’sib
kelayotgan yosh avlodning ta’lim-tarbiyasida muhim o’rin egallaydi, yetuk shaxs
bo’lib shakllanishida muhim zamin hozirlaydi.
G.K.Alimova, A.Alimovlar bolani milliy ruhda tarbiyalashda oilaning o’rnini
e’tirof etib, uni quyidagicha ta’riflaydilar:
- oila – milliy axloqiy me’yorlarni o’zlashtirish, milliy madaniy muhitga va
uning qadriyatlariga ko’nikishning eng bevosita va abadiy manbasi hisoblanadi;
-millat psixologiyasi jihatlarining taqlid yo’li orqali alohida shaxslar ongi va
ruhiy olamiga kirishini ta’minlaydi;
-milliy qadriyatlarga amal qiladi va ularni asrab-avaylaydi;
-o’zining milliy-tarbiyaviy ahamiyatini inson hayoti davomida saqlab qoladi;
-milliy urf-odatlar va an’analarning asosiy tashuvchisi hisoblanadi.
282
Oilaning barcha sanab o’tilgan xususiyatlari o’zbek oilasida o’zining yorqin
ifodasini topadi. O’zbek xalqi shaxsiy xislatlarida ifodalangan milliy xususiyatlari
oilada milliy va diniy qadriyatlar asosida shakllangan va avloddan-avlodga o’tib,
ta’lim-tarbiya, odat, marosimlar, qoidalar shaklida mustahkamlangan [1].
Zamonaviy oiladagi munosabatlarni psixologik tahliliga asosan oila [2, 248]
uch toifaga ajratiladi:
1. Oilada urf-odatlar oilaviy munosabatlarda “qonun” doirasida qabul qilinadi,
oiladagi shaxslararo munosabatlar yo’sinini shakllantirishda belgilovchi omil bo’lib
xizmat qiladi. Bu toifadagi oilalarga mohiyatini anglab yetar-yetmas mavjud turli
an’analarga ko’r-ko’rona ergashuvchi, amal qilishda mazmunga emas, shaklga kuchli
e’tibor qaratuvchi, marosimlarni tashkil etishda irim-sirimlarga ruju qo’ygan oilalarni
misol qilish mumkin. Bu toifadagi oilalarning mavjudligi tufayli ham jamiyatda
ko’pgina nizolar, isrofgarchiliklar, ortiqcha dabdababozliklar vujudga keladi. Eng
qizig’i ular o’zlariga “qonun” deb qabul qilib olgan an’analining ko’pchiligi
millatimizga xos qadimiy urf-odatlar bo’lmay, yaqin o’tmishdagini o’ylab topilgan
odatlardir.
2. Oilada urf-odatlar oilaviy munosabatlarda hayotiy me’yor shaklida qabul
qilinadi, oiladagi shaxslararo munosabatlarga shu yo’sinda ta’sir etadi. Bu toifadagi
oilalar milliy an’analarning mohiyatini tushungan holda insonlarga manfaat
keltiruvchi urf-odatlarni hayot tarzlariga kiritadilar. Afsuski, jamiyatda bunday
toifadagi oilalar ko’pchilikni tashkil etmaydi.
3. Oilada urf-odatlar oilaviy munosabatlarga ta’sir ko’rsatmaydi, shaxslararo
munosabatlarda o’z aksini topmaydi. Bu toifadagi oilalarni o’ta “zamonaviylashgan”
turga kiritish mumkin. Ular milliy qadriyat va urf-odatlarni eskilik sarqiti deya
baholab, o’zga madaniyatlarga taqlid qilishni zamonaviylik deb qaraydilar. Afsus
bilan aytish mumkinki, jamiyatda bu toifadagi oilalar ham kam emas. Bunday holatni
o’zbekona milliy qiyofaning buzilishiga sabab bo’luvchi xatarli holat, deya
baholashimiz mumkin.
Azal-azaldan o’zbek xonadonlarida bolalarni milliyligimizga xos xulq-atvor,
odob-axloq me’yorlari asosida tarbiyalashga jiddiy e’tibor qaratganlar. Ammo hozirgi
kunda bu an’analarga rioya qilishga nisbatan sustkashlikka yo’l qo’yilayotgandek
go’yo. Sababi hozirgi kunda ko’p oilalarda bola tarbiyalash mas’uliyati boshqalarga –
maktabgacha ta’lim muassasasi, maktab, turli o’quv markazlari tasarrufiga to’liq
topshirib qo’yilmoqda. Bola bilan ishlashda har bir soha bo’yicha o’z mutaxassisi
shug’ullangani afzal, albatta. Ammo bu ta’lim- tarbiya oilada shakllangan poydevor
asosiga qurilishi lozim. Hozirgi kunda o’smir, o’spirin yoshidagi qizlarning milliy
taomlarni ham o’quv markazlarida o’rganayotganlari hayratlanarli holat. Axir qiz
bolaga ona, o’g’il bolaga ota shu jins vakillariga tegishli bo’lgan oiladagi vazifalarni
o’rgatib borishi kerak emasmi? Milliyligimizning bir bo’lagi bo’lgan milliy taomlarni
tayyorlashni ona uyida o’zi farzandiga ta’lim bersa, bu orqali ham ona-bola
o’rtasidagi emotsional yaqinlik mustahkamlanadi. Bu orqali farzand ham o’zida
keraksizlik tuyg’usini tuymay, onaning e’tiborini, g’amho’rligini his etadi.
Shuningdek, ovqat tayyorlashni o’rgatish jarayonida ona qiziga mahsulotlarni
saralash, tejamkorlik, qanoat, saranjomlik kabi milliy xususiyatlarimizdan ta’lim
283
beradi. Ammo hech qaysi o’quv markazida bola bu jihatlarni o’zlashtira olmaydi.
Shuning uchun turmushning mayda ikir-chikiri, odob-axloq masalalarini ham
o’zgalar zimmasiga yuklab qo’ymay, ota-ona o’z farzandi tarbiyasi, kelajagi oldidagi
mas’uliyatini his qilgan holda yondoshishi, farzand tarbiyalashdek murakkab
vazifaning tizginini o’z qo’liga olishi lozim.
O’zbek milliy-madaniy muhitida shakllanayotgan o’spirin yoshlarda yot
g’oyalar ta’siriga beriluvchanlikning asosiy sabablarini o’rgangan A.Jabborov,
J.Obloqulovlar o’spirinning yetarlicha tarbiyalanmaganligi, unda tarbiyaviy
bo’shliqning mavjudligi (84,2 %), o’spirin taqdiri uchun ota-onalarning e’tiborsizligi
(tarbiyada loqaydlik, beparvolik, nazoratning yo’qligi) (84 %), iqtisodiy
yetishmovchilikning ta’siri (69,5%), yot g’oyalarning psixologik ta’sir kuchiga
aldanib, hayotda o’z o’rnini topishga urinishi (68,8%), o’spirin irodasining bo’shligi
va unda tobelikning mavjudligi(56,1%)ni asosiy omillar sifatida qayd etib o’tishgan
[2, 29-32].
Ota-onaning farzandga mehr-muhabbat ko’rsatishi, sodda olamiga oshno bo’lishi
unga to’g’ri tarbiya berish, egnini butlash, yeb-ichirish singari muhim va zaruriy
vazifalardan biridir. Biroq tirikchilik tashvishlari, tezkor zamona shiddatidan gohida
xatto o’zidan, sog’lig’idan ham e’tibor, vaqtni qizg’anadigan bo’lib qolgan XXI asr
odamlari har doim ham zarur vaqtda farzandiga e’tiborli bo’lmasligi – inkor qilib
bo’lmaydigan achchiq haqiqatdir [2, 92].
Demak, tarbiyada “befarqlik” va “e’tiborsizlik” singari katta xatolarga yo’l
qo’ymaslik, oilada farzandlarni milliylik ruhida tarbiyalash uchun quyidagilarga
e’tibor qaratish lozim:
-ota-onalarning farzandlar bilan muloqot vaqtini uzaytirish;
-oilaviy tarbiya jarayonini yangi davr talabi va milliy urf-odat, an’ana va
qadriyatlarga uyg’unlashtirgan holda tashkil etish;
-yosh ota-onalarning farzandlar tarbiyasini olib borishda ularning ma’naviy
tayyorgarliklarini kuchaytirish, bu jarayonda keksa avlod vakillarining hayotiy
tajribalaridan unumli foydalanish;
- farzandlarni milliy urf-odatlar, millat tarixi aks etgan asarlar, adabiyotlar bilan
tanishtirish, oilaviy kutubxona tashkil etish;
-milliy psixologik qiyofani aks ettiruvchi milliy tilni mukammal o’rgatish va
e’tiqodini mustahkamlash;
-milliy an’ana, urf-odatlarni kelajak avlodga yetkazishda o’rnak ko’rsatish;
-farzandlarga milliy an’analarning mohiyatini izohlash, jamiyat uchun foydasini
ko’rsatish;
-oʻz mohiyatini yo’qotgan, jamiyat taraqqiyotiga monelik qilayotgan urf-odat va
an’analardan oila doirasidan boshlab voz kechish.
Xulosa qilib aytganda, oila jamiyatning kichik bir bo’g’ini ekan, oilaviy
an’analarda ham shu xalqga xos bo’lgan qadriyatlar, millat tarixi, turmush tarzi o’z
aksini topadi. Oilaviy tarbiyada milliy an’analar, rasm-rusumlar, xalq og’zaki ijodi
namunalari tarbiyaning kuchli vositasi sifatida namoyon bo’ladi. Shuningdek, bolaga
go’dakligidanoq singdirilgan to’g’ri tarbiya, oiladagi ijobiy emotsional muhit,
284
farzandlarga ko’rsatilgan e’tibor va g’amxo’rlik uning shaxs sifatida shakllanishida
o’z samarasini bermay qolmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |