muayyan tarkibiy qismlari, xususan, axloq, mafkura, din, ruhiyat kabilarning iqtisodiyotga o’tkazadigan ta’siri
o’rganilgan.
Masalan, «Ma’naviyat — millat nishoni» kitobida A. Erkaev ta’kidlagani kabi, XX asrdagi yirik faylasuflardan
biri Maks Veberning eng katta xizmatlaridan biri uning xristian dinidagi protestantlik mazhabining iqtisodiy
taraqqiyotga o’tkazgan ta’sirini kashf etishida bo’ldi. Uning nazariyasiga ko’ra, boylikni, boylik orttirishga
intilishni uncha xushlamaydigan xristian dini mazhablari iqtisodiy taraqqiyotga muayyan darajada to’sqinlik
qilgan. Boylikni xudoning ne’mati, unga intilishni esa bandalarning burchi deb talqin qiladigan protestantlik esa
iqtisodiy taraqqiyot va kapitalistik munosabatlarning rivojlanishiga kuchli turtki bergan.
Iqtisodiyot va ma’naviyatning o’zaro bog’liqlik darajasi, ular o’rtasidagi o’zaro ta’sirning har bir yo’nalishidagi
kuchi va davomiyligi turli davrlarda turlicha bo’lgan. Tarixga loaqal umumiy tarzda ko’z yugurtirib chiqilsa,
ularning parvozi ham, tanazzuli ham ko’pincha bir paytda yuz berganini ko’rish mumkin.
Qadimgi Yunoniston va Rimda ma’naviyat yuksak cho’qqilarga ko’tarilganini hamma biladi, lekin aynan, shu
davrda bu hudud iqtisodiyoti o’sha davr jahon taraqqiyotining eng yuksak cho’qqilari bo’lganini hamma ham
bilmaydi.
Movarounnahr tarixida ham ma’naviyat va iqtisodiy taraqqiyot, ularning inqirozi baqamti yuz berganini ko’rish
mumkin. Jumladan, milodiy IX-XII asrlarda bu mintaqada ham ma’naviy, ham iqtisodiy sohada ulkan ko’tarilish
yuz berdi. Bu davr to’g’risida so’z yuritganda, tarixchilar asosan ma’naviy yuksalish to’g’risida gapiradilar.
To’g’ri, Sharq uyg’onish davri dunyoviy va diniy ilmlar, adabiyot va san’atning mislsiz rivoji bilan xarakterli.
Shu davrda yuzlab va minglab ulkan allomalar etiishib chiqdiki, ular nafaqat shu hududda yashovchi xalqlar,
balki butun insoniyat faxriga aylandilar. Shundaylar jumlasiga Ahmad Farg’oniy, Yusuf xos Xojib, Abu Nasr
Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, al-Xorazmiy, Zamahshariy, imom Buxoriy, imom Termiziy,
va boshqa ko’plab olimu fuzalolarni kiritish mumkin.
Ularning ko’pchiligi haqida ilmiy risola va badiiy asarlar endigina yozila boshlagan bo’lsa-da, shu dastlabki
namunalarning o’zidan ham ma’naviy ko’tarilish ko’lamini tasavvur qilsa bo’ladi. Lekin bu davrdagi iqtisodiy
yuksalish to’g’risida juda kam yozilgan. Holbuki, iqtisodiy o’sish ham kishini hayratga soladigan darajada edi.
Bunga yozma manbalarga murojaat etib, ishonch hosil qilish mumkin. Iqtisodiy rivojlanish umuman savdoning,
xususan tashqi savdoning qaydarajada rivojlanganligida o’z aksini topadi. Uyg’onish davrida O’rta Osiyoda
tashqi savdo qay darajada rivojlanganligi to’g’risida tasavvur hosil qilish uchun manbalarga murojaat etish
mumkin. Movarounnahrning o’zida savdo va iqtisodiyot
rivojlanishidan tashqari, bu erlik savdogarlar dunyoning
uzoq mamlakatlarida ham faol savdo ishlari olib borgan.
1150 yilda Vengriyaga borgan arab sayyohi Abu Hamid al-Harnatiy u erdagi bozorlar va savdogarlar to’g’risida
shunday yozgan edi: «Unkuriya deb ataluvchi bu mamlakat 78 shahardan iborat. Bu shaharlardan har biri
ko’plab qal’a, qishloq, tog’, o’rmon va bog’larga ega. Ularda minglab mag’ribliklar yashaydi. Ularning son-
sanog’i yo’q. Ularda minglab xorazmliklar ham yashaydi. Ularning ham son-sanog’i yo’q. Xorazmliklar savdo
bilan shug’ullanadi va podshoga xizmat qiladi»
Iqtisodiyot va ma’naviyatning o’zaro uzviyligini faqat ma’naviyat bilan shug’ullanuvchi mutaxassislar emas,
iqtisodchi olimlarning ko’pchiligi ham chuqur anglaganlar. Masalan, XX asrning ko’zga ko’ringan
iqtisodchilaridan biri Jon Meynard Keyns bu aloqadorlikni anglabgina qolmay, o’zining fandagi xizmatini asosiy
ruhiyat qonuni deb atalgan qonunni kashf etishda, deb bilgandi. Bu qonunga ko’ra, daromadlarning o’sishi,
boylik ortishi natijasida iste’molga bo’lgan mayl pasayadi. Odamlarda hisob-kitob bilan iste’mol qilish,
ehtiyotkorlik, baxillik kabi xususiyat va motivlar paydo bo’ladiki, ular endi talabning pasayishiga va u orqali
ishlab chiqarish sur’atlarining sekinlashishiga olib keladi. Keyns jami sakkizta shunday motivni aniqlagan edi.
Keyns aniqlagan motivlar va ularning ishlab chiqarishga ta’siri alohida bahs talab qiladi. Lekin iqtisodchi
sifatida jahonga mashhur bo’lgan olimning ruhiyatga aloqador masalalar bilan jiddiy shug’ullanishi e’tiborga
molikdir.
Ma’naviyat iqtisodiy jarayonlarni harakatga keltiruvchi, rivojlantiruvchi muhim omillardan hisoblansa ham,
uning o’zi iqtisodiyot bilan uzviylikda yuqori cho’qqilarga ko’tarilishi mumkin. U iqtisodiy tushkunlik davrida
ham rivojlana olsa-da, uning haqiqiy yuksaklikka ko’tarilishi iqtisodiy o’sish, rivojlanish davrida yuz beradi.
Bunga G’arb tarixi ham, Sharq tarixi ham guvohlik beradi.
Yuqorida ta’kidlanganidek, Sharqdagi Uyg’onish davrida ma’naviyatning gullab-yashnashi iqtisodiyotning barq
urib rivojlanishi bilan birga kechdi. Keyinroq G’arb Uyg’onish davrida ham ma’naviyat va iqtisodiyot birgalikda
rivojlangan edi. Bunday misollarni ko’plab keltirish mumkin. Ma’naviyatning iqtisodiyot tushkunlikka uchragan
hollarda ham rivojlanaverishi nisbatan qisqa davrda va cheklangan hududlarda yuz bergan.
Bundan tashqari, ma’naviyat iqtisodiyotdan uzoqlashar ekan, asta-sekin inqirozga yuz tutgan. Buning sababi
shundaki, jamiyat hayoti o’zaro bir-biri bilan chambarchas bog’liq bo’lgan ikki qism — iqtisodiy va ma’naviy
hayotga bo’linadi. Ularni bir-biriga qarshi qo’yish, bir-biridan ajratish voqelikka zid bo’lib, oxiri
muvaffaqiyatsizlik bilan tugaydi.
XIX-XX asr adabiyotining mumtoz namunasi hisoblangan Balzak, Edgar Po, Jek London, Folkner singari
yozuvchilar yaratgan qahramonlar ham pul va boylik to’plash to’g’risida tunu kun bosh qotiradi. Boylik to’plash
uchun ular qahraton shimolga yoki jazirama janubga boradilar. Ular qilgan qabohatlar ham, qahramonliklar ham
boylik bilan bog’liq edi. Bu yozuvchilar ijobiy qahramonlarning olijanob ishlarini ta’riflashda boylik qanday
o’rin tutganini e’tirof qilish bilan birga, qabohatlarning kelib chiqishiga ham boylik sabab bo’lganini ishonarli
bo’yoqlarda tasvirlagan.
Biz Maks Veber protestantlik mazhabi jamiyatning boyishiga katta turtki berganini kashf qilgani haqida
gapirdik. Savdo xodimlari, hisobchi-buxgalterlar, omborchilar, dallollar singari iqtisodiy hayotning zarur
odamlarini faqat qora bo’yoqlarda tasvirlagan sobiq sovet adabiyoti esa jamiyatning boyishiga, iqtisodiy jihatdan
yuksalishiga hissa qo’shishi mumkin emas edi. Mana shu misol ham adabiyot va san’at, umuman, ma’naviyat
iqtisodga teskari qarab olganda inqirozga uchrashi va iqtisodiy taraqqiyotga to’siq bo’lib qolishini ko’rsatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: