Ma’naviyat tarkibi rang-barang va juda boy. Bu tarkibiy qismlarning barchasini tahlil qilish uchun juda
ko’p vaqt va kuch talab qilinadi. Bundan tashqari, ma’naviyat tarkibiga kiruvchi ong, tafakkur, san’at, axloq,
adabiyot, din, e’tiqod kabi ko’plab tushunchalar falsafa, ruhshunoslik, etika, san’atshunoslik, estetika,
adabiyotshunoslik kabi fanlarda tahlil qilingan.
Shu bilan birga ma’naviyatning tarkibiy qismlarini alohida-alohida tahlil qilish bu murakkab hodisa to’g’risida
to’la tasavvur bera olmaydi. Chunki har qanday butunlik alohida-alohida qismlarning mexanik jamlanmasi emas,
balki u ularning o’zaro ta’sirga kirishi natijasida vujudga keladi. Ma’naviyat ham o’z tarkibiga kiruvchi ko’plab
unsurlarning o’zaro ta’sirga kirishi oqibatida shakllanadi.
Ma’naviyat tarkibidagi muhim bir qatlam bilimlardir. Ma’naviyat bilimlar negizida shakllanadi. Ma’no so’zning
mag’zi bo’lgani kabi ilmning mag’zi bilimdir. Insonda yoki jamiyatda bilim qancha ko’p bo’lsa, ma’naviy
yuksalish uchun shunchalik mustahkam poydevor yaratilgan bo’ladi. Ammo poydevor o’rnatish uyning bitganini
bildirmaganday, bilimlar miqdori ham o’z-o’zidan yuksak ma’naviyatni bildirmaydi. Bilim — ma’naviyatning
asosi, xolos.
Bilimlarning ma’naviyatga ta’siri shundaki, ular ma’naviyatni yuksaltirishga xizmat qilish bilan birga,
ma’naviyatga qarshi qaratilishi, ma’naviyatga putur etkazishi ham mumkin. Masalan, insoniyatga juda katta ofat
keltirgan fashistlar orasida ham juda bilimli, fanlarni yaxshi egallaganlari talaygina edi. Lekin ular o’z
bilimlaridan insonlar va ularning ma’naviyatini, hayotini yuksaklikka ko’tarish uchun emas, ularni erga urib
chilparchin qilish yo’lida foydalandilar. Ularni bilimdon odam, deyish mumkin, lekin ma’naviyatli insonlar
deyish mumkin emas. Aytish mumkinki, ilm va bilim insoniy qadriyatlar va insoniy axloq bilan
uyg’unlashgandagina, yuksak ma’naviyatga asos bo’ladi.
Yoshlarga bilim berganda, ta’lim jarayonini tarbiya bilan uyg’un olib borish yuksak ma’naviyatni
shakllantirishdagi bosh yo’nalishdir. Ma’naviyat tarkibidagi muhim tarkibiy qismlardan biri axloqdir. U tom
ma’noda inson bilimlarini, aql-zakovatini, kuch-quvvatini, butun faoliyatini yo’naltiruvchi kuchdir. Aslida axloq
faqat xulqni emas, tafakkurni, aqlni va faoliyatni tartibga solibgina qolmay, muayyan tomonga, maqsadga
yo’naltirib ham turadi. Kishining xulqi, faoliyati ma’lum axloqiy me’yorlardan chetga chiqsa yoki ulardan
quyiroq bo’lsa, bunday shaxs ma’naviyatsiz shaxs hisoblanadi.
Kishi xulqini faqat axloq emas, urf-odatlar, rasm-rusumlar, an’analar kabi hodisalar ham boshqaradi. Ular esa
axloq tarkibiga kirmaydilar. Bu hodisalar axloq tarkibiga kirmasa ham, ma’naviyat tarkibida sezilarli o’rin
tutadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |