294
Ul diyorning taniqli qo‘shchilaridan va e’tiborli amirlaridan sanalgan
amir kabir Ali Sayidiyni o‘ziga otoliq qilib qo‘ydi. Bu yaxshi xulqli amir
ul diyor ishlari boshqaruvchisi bo‘lib tayinlangach, fuqaro va xalq
ahvolidan xabar olish borasida adolat o‘rindig‘iga o‘tirdi va adolat, insof
eshiklarini ochib, zulm va jabr ahlining kirar teshiklarini butunlay berkitdi.
Toshkent mamlakati ul saodat buluti adolati sharofatidan ma’mur va obod
bo‘ldi. Chunki, ul amir adolat va arzu dod so‘rash qoidasini to‘la ado etdi
va yomon ishlar uyini butunlay buzib tashladi. Hech so‘zsiz, amir Ali
Sayidiy bu xayrli va savobli ishlari bilan o‘z chiroyli zikrini qiyomat soati
etguncha davom etuvchi turmushning
kecha-yu kunduz varaqlari
sahifasida abadiy qoldirdi. Ancha vaqt o‘tgach, tavfiq yo‘lboshchisi ul aqlli
va tadbirkor amirga Ka’bayi tahqiq sari yo‘l ko‘rsatib, baytulloh ziyorati
va rasuli alayhissalom Madinayi mukarramasi tavofiga undadi. U ham
«kishilar zimmasida Olloh uchun mana shu uy (Ka’ba)ni haj-ziyorat qilish
burchi bordir», da’vatini «labbayka» qulog‘i bilan eshitib, ul muqaddas er
va mutabarrik oliy vodiy tomon yo‘l oldi.
Shundan so‘ng hech qancha vaqt o‘tmay ul oliy tabor tabaqa saltanati
poydevori nobudlik tomon yuz burib, hashamatli imorati er tuban qulay
boshladi. Toshkent, Turkiston, Axsi, Andijon mamlakatlari ular qo‘lidan
chiqib, iskandarnishon sohibqiron Abulg‘oziy Abdullohxon tasarrufi
doirasiga kirdi. Alqissa, iskandarnishon sohibqiron qalbida Darvishxonga
nisbatan inoyat, iltifot hamda do‘stlik va birdamlik tuyg‘ulari mavjud
bo‘lsa-da, biroq ukasi Bobo sultonning doimo qarshilik yo‘lidan yurgani
amalda bu yaqinlikni hadeb chippakka chiqaraverdi.
Gapning qisqasi,
Toshkent shahri yurt oluvchi sohibqiron tomonidan egallangach, odam
yuborib, ukasi Bobo sulton topshirig‘i bilan Turkistonda mahbuslikda
ushlab turilgan Darvishxonni ozod qildirdi va Toshkentga oldirib kelib, shu
yurt taxtiga o‘tqazdi. Iskandar sifat sohibqiron ul mamlakatni Darvish-
xonga topshirib qaytgach, Bobo sulton ko‘p qo‘shin to‘plab,
Dashti
Qipchoq tomondan Toshkentga keldi va ozgina hamla bilan shaharni
egalladi. Akasi Darvishxonni ushlatib, shu zahoti o‘ldirishga qaror qildi va
ul darvesh asosli podshoh shahodat sharbatini tatidi. Bobo sulton shu tariqa
saltanat taxtiga o‘zi chiqib oldi.
Darvishxondan ikkita o‘g‘il farzand qoldi: Shoh Muhamma sulton,
Muzaffar sulton.
(Муhаммадёр ибн Араб Qатаg‘ан. Мусаххир ал-билод
(Мамлакатларнинг эгалланиши) /Форс тилидан таржима, изоhлар ва
кўрсаткичлар муаллифлари: Исмоил Бекжонов, Дилором Сангирова. -
Т.: Янги аср авлоди, 2009.- Б.168-170).