G’aroyib bolalar (roman).
Aziz Nesin
www.ziyouz.com
кутубхонаси
68
— Nima
qilsang qilgin-u, lekin yolg'on gapirmagin, o'g'lim, — deydi dadam bunday paytlarda. —
Yolg'onning urug'i serob bo'ladi. Arzimagan narsada aldasang, buni yashirish kattaroq yolg'onni o'ylab
topishga majbur bo'lasan. Innaykeyin, sirim oshkor bo'lmasin deb bundan ham kattaroq yolg'onni
ishlatasan. Mayda yolg'ondan hamisha katta yolg'on kelib chiqadi. Shuning uchun zinhor yolg'on
gapirma, hamisha rostgo'y bo'l!
Dadam
shunday deb aytadi-yu, lekin Metinni yolg'on gapirishga o'zi majbur qiladi. Nega deganda
Metinning pashshadek gunohi dadamga tuyadek bo'lib ko'rinadi. Ukam bechora keyin rosa so'kish
eshitadi. Shuning uchun ham u yolg'on ishlatib, dadamning do'q-po'pisasidan qutulsam deydi. Lekin
baribir oxiri sir ochilib, rosa gap eshitadi-ya...
— Dadamga nima deb bahona qilsamikin? — deb qoldi bir kuni Metin menga termulib.
Xabarim bor, bir necha kundan beri dadam Metinga bugun albatta sochingni oldirib kel, deb
tayinlaydi. Metin bo'lsa o'yin bilan ovora bo’lib, nuqul buni esidan chiqaradi. O'sha
kuni ertalab ishga
ketayotib, dadam:
— Ishdan qaytgunimcha sochingni oldirib kel, bo'lmasa xafa qilaman, — deb Metinni qattiq koyib
bergan edi.
—
To'g'risini ayt, vaqtim bo’lmadi, de. Yolg'on gapirsang
baribir mising chiqadi, — deb maslahat
berdim.
—
To'g'risini aytsam, dadam urishib beradilar... Bergan pulingizni yo'qotib qo'ydim, deb aytay-mi-
a?
—
Esing bormi o'zi? Bir martayam shunaqa deb qo'lga tushgan eding-ku. Yo'qotdim degan puling
yoningdan chiquvdi.
—
Kitob oldim, desammikan-a?
—
Rostini aytaver yaxshisi.
— Yoki sartaroshxonada odam ko'p ekan,
navbat tegmadi, deb aytaymi?
Topgan bahonalariga o'zining ham ko'ngli to'lmadi.
Dadamning Ziyobey degan oshnasi bor. O'sha kuni kechqurun shu kishi xotini bilan mehmonga
kelib qolishdi. Dadamni anchadan beri ko'rmagan ekan, sog'inib kelibdi. Ammo kech kirib, qorong'i
tushdi hamki, dadamdan darak bo’lmadi.
— Birpas o'tiringlar, hali zamon kelib qoladi, — deb oyim mehmonlarni gapga solib o'tirdi. Ammo
dadamdan darak bo'lavermagach, oyimning o'zi g'ulg'ulaga tushdi.
— Bunaqa odati yo'q edi. Namuncha kech qoldiykin-a?
— Kim biladi, balki
ish-pishi chiqib qolgandir, — dedi Ziyobey oyimni tinchitib.
— Hayronman, ishi chiqsa xabar qilguvchi edi.
Metin ikkovimiz ovqatni yedik. Yana ancha vaqt o'tdi. Metin ham o'rniga kirib yotdi. Mehmonlar
endi ketamiz deb turishgan edi, birdan eshik taqillab qoldi.
— Ana, keldi! — dedi oyim sapchib o'rnidan turib.
— Biz bekinib olamiz, ko'rib hayron bo’ladi, — deganicha mehmonlar
yugurib narigi xonaga kirib
olishdi. Oyim borib eshikni ochdi.
— Qayerda yuribsan? Tinchlikmi o'zi? Rosa xavotir oldik-ku.
— Ziyobey kasal ekan. Ko'rib kelyapman, — dedi dabdurustdan dadam.
— Shundaymi? Namuncha qolib ketding bo'lmasa?
—
Og'ir yotgan ekan. Oldida birpas o'tirdim.
—
Voy boyoqish-ey! Ishqilib sog'ayib ketsin-da! Dadam yana bir nima demoqchi bo'lib endi og'iz
juftlagan ham ediki, qo'shni xonadan chiqib kelayotgan Ziyobey bilan xotiniga ko'zi tushdi. Dadam
nima deyishini bilolmay qoldi. Oxiri:
—
Iya-iya-iya... O'zlari ham shu yerda ekanlar-da! — deb yubordi.
—
Senga bir kutilmagan sovg'a tayyorlab qo'ymoqchi bo'luvdik!
—
Chindan ham bu kutilmagan sovg'a bo'ldi, — dedi oyim jilmayib.
Hammalari dasturxonga o'tirishdi.