Ishlab chiqarishga doir kimyoviy omillarning spetsifik ta’sirlariga gigienik tasnif
Ayrim turdagi sanoat zaharlari umumzaharli ta’sir samarasidan tashqari spetsifik ta’sir
ko‘rsatish xususiyatiga ham egadir - allergenlik, kanserogenlik, mutagenli, teratogenli,
embriotoksik ta’sir kabilar.
Sanoat allergenlari
- bu shunday moddalar, ular organizmga tushganda, ma’lum
muddatlardan so‘ng organizmni allergizatsiya holatiga olib keladi. Allergenlik xususiyatiga
ko‘pincha yuqori molekulali organik birikmalar ega bo‘ladi, ammo ma’lumki ko‘pgina quyi
molekulali moddalardan tortib, toki ayrim kimyoviy elementlargacha ana shunday ta’sir ko‘rsatish
xususiyatiga ega, masalan, kobalt, nikel birikmalari (Co, Ni). Bu moddalar organizmda gaptenlik
vazifasini o‘taydi, hujayralardagi oqsil molekulalari bilan birikib murakkab komplekslar hosil
qiladi, bu moddalar o‘z o‘rnida organizmni autoallergizatsiya holatiga olib keladi. Ishchilar
organizmida yuzaga keladigan allergik holatlar tez sodir bo‘ladigan va sekinlik bilan yuzaga
keladigan allergik reaksiyalar ko‘rinishida namoyon bo‘lishi mumkin. Tez sodir bo‘ladigan allergik
reaksiyalarga bronxial astma, angionevrotik shish, eshakemi va sekinlik bilan yuzaga keladigan
allergik reaksiyalarga - dermatitlar, ekzemani kiritish mumkin. Bunday reaksiyalarning kelib
chiqishida nasldan-naslga o‘tuvchi moyillik, neyroendokrin kasalliklar va shaxsiy moyillik holatlari
katta ahamiyatga egadir.
Kasbiy allergozlarning profilaktikasi juda murakkabdir, chunki allergiyaning shakllanishida
yoki ayrim hollarda allergik reaksiyalarni kelib chiqishida juda kichik miqdorlardagi allergenlarning
ta’siri ham etarli bo‘lib qoladi. Bunday vaziyatlarning oldini olish uchun allergik ta’sir ko‘rsatuvchi
moddalarning o‘zini yoki guruhini aniqlash va organizmni desensibilizatsiyalash juda muhimdir
yoki bo‘lmasa shu organizmni allergenlar bilan bo‘ladigan aloqasiga umuman barham berish zarur.
Birlamchi profilaktik tadbirlarni o‘tkazish uchun ishchilarga kimyoviy moddalarning ta’sir etish
mumkinligini kamaytirishga qaratilgan tadbirlar (umumzaharli ta’sirlarning oldini olishga
qaratilgan tadbirlar kabi) dan tashqari ishchilarni ishga qabul qilishda ularning allergiyalarga
moyillik holatlarini tekshirish kerak bo‘ladi.
Ayrim turdagi kimyoviy ishlab chiqarish omillari uzoq muddatlardan so‘ng yuzaga keladigan
ta’sir samarasini namoyon qiladi, ya’ni patologik o‘zgarishlar bu moddalarning ta’sir etganidan
so‘ng tezlikda yuzaga kelmay, balki ta’sir etilgandan ma’lum muddat o‘tgandan so‘ng namoyon
bo‘lishi mumkin. Ana shunday uzoq muddatdan so‘ng yuzaga keladigan samaralar qatoriga
kanserogenli, mutagenli, teratogenli ta’sirlarni ko‘rsatish mumkin. Ayrim hollarda teratogenli
ta’sirni embriotoksik ta’sir deb ham ataladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |