www.ziyouz.com
кутубхонаси
60
rangdagi osmonning o‘zidir. Osmon aylanasi go‘yo uning uyining toqidir; nur sochayotgan quyosh esa
uyining toqidagi to‘garak shaklli naqshdir. Kun uning gulistonidagi gul, oy uning xonasidagi shamdir.
Kechani qo‘riqlayotgan yulduzlarning sabru qarori qolmay, shu shamning atrofida parvonaga o‘xshab
aylanishadi. Osmon va shafaq uning bazmini qizil fonusdek yoritib turadi; yangi chiqqan oyning o‘rog‘i
esa uning naqsh soladigan asbobiga o‘xshaydi.
Ha, shunday xayollar bilan u qanoat qiladi; nafs istaklarini man’ etadi. Bunday odam o‘z tasavvurlariga
berilib xursand, yaxshi narsalarni eslab, shundan bahramand bo‘ladi.
Agar bunday kishining himmat oti tezlik qilib, hayotda bundan ham kattaroq qadam tashlashni orzu
qilib qolsa, kul ichidagi bir qancha cho‘g‘ni buyuk osmon va uning yulduzlari deb hisob qilsin! Butun
jahonni bir xovuch tuprog‘cha, jannat daraxtlari va mevalarini bir tutam xashakcha ko‘rsin! Osmon
qasriga u o‘z vayrona uyini alishmasin, falakning toqiga esa qiyshaygan ayvonini bermasin! Uning bir
parcha yuragi unga ovqat, hatto xursandchilik qilishi uchun yoqut bo‘lsin! O‘zi xor, qamishning ildizi
bilan kun ko‘rsa ham, lekin bu ildiz unga guldan olingan shakarning ta’mini bersin! Tovonlarining
hamma tomoni yorilib ketsa ham, u yoriqlar yer yuziga ibratomuz kulayotgan bo‘lib ko‘rinsin!
Chakmonining yirtiq choklarini madad gulshanidan esgan shabadaga yo‘l deb bilsin! Pastni yuqori bilan
aralashtirib, teng qilmasin; oddiy sholni ipak mato bilan barobar ko‘rmasin! Uning kulbasi oy shamidan
yorisin; yelning qo‘li eshigini doim ochiq tutsin! Egnidagi ko‘k chakmoni, uning oq yamoqlari ko‘k
osmon va oq tongday yoqimli bo‘lsin! Vayrona uyining har tomonida teshiklar bo‘lsa, ularni
o‘rgimchaklar o‘z pardasi bilan berkitsin! Dam olish uchun boshini toshga qo‘ygan ekan, bu boshiga
boshqa hech narsani, hatto humo patini ham istamasin! Qish kuni unga sovuq ta’sir qiladigan bo‘lsa,
gulxanning kuli po‘stin bo‘lib, sovuqni daf etsin! Yoz kuni issiqdan panoh izlaydigan bo‘lsa, ko‘prik
soya berib, unga yotoq bo‘lsin! Faqirlikdan u o‘ziga Qorun xazinasi, ochlikni Faridun mulki hisoblasin!
Qanoat qilish odati uni dunyoda odamlar orasida boylarning boyiga aylantirsin!
Shunday qilganda bu dunyoda tamagirlik el ko‘zi oldida uni hech xor qilmaydi. Qiyomat kuni ham
azob undan ketib, ko‘nglida «hisob kuni»ning daxshati bo‘lmaydi. Faqirlik uning asosiy sarmoyasi
bo‘lib, quyosh tik kelganda, uning soyasi quyoshga tushadi.
Kimki Xudoning bergan ehsonidan xursand bo‘lsa, bu dunyoda ham, u dunyoda ham baxtli bo‘ladi.
Kimki qanoatni tark etishni shior qilgan bo‘lsa, bu tama’ uni el ichida xor qiladi. Izzat tilar ekansan,
qanoatni tama’ qil. «Qanoat qilgan»ning joyi izzat taxtidadir.
Do'stlaringiz bilan baham: |