Jamiyat ishtirokchisi, agar jamiyatning ustavida taqiqlangan bo‘lmasa, o‘z ulushini
(ulushining bir qismini) uchinchi shaxslarga sotishi yoki boshqacha tarzda ularning foydasiga voz
kechishi mumkin.
Jamiyat ishtirokchisining ulushi to‘liq to‘languniga qadar bo‘lgan davrda u faqat to‘langan
qismi bo‘yicha boshqa shaxsga o‘tkazilishi mumkin.
Jamiyat ishtirokchilaridan birortasi tomonidan sotilayotgan ulushni (ulushning bir qismini)
sotib olishda jamiyat ishtirokchilari uchinchi shaxslar oldida imtiyozli huquqdan foydalanadi.
Bunday huquqdan jamiyatning har bir ishtirokchisi foydalanishi mumkin. Agar jamiyatning ustavida
yoki jamiyat ishtirokchilarining kelishuvida imtiyozli huquqni amalga oshirish uchun ulushni sotib
olishning boshqacha tartibi nazarda tutilmagan bo‘lsa, jamiyat ishtirokchilari
tomonidan ulushni
(ulushning bir qismini) sotib olish ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) o‘z ulushlari miqdorlariga
mutanosib ravishda amalga oshiriladi.
Agar jamiyatning boshqa ishtirokchilari jamiyatning ishtirokchisi tomonidan sotilayotgan
ulushni (ulushning bir qismini) sotib olishda o‘zining imtiyozli huquqidan foydalanmagan bo‘lsa,
jamiyat mazkur ulushni (ulushning bir qismini) sotib olishda imtiyozli huquqqa ega bo‘ladi.
O‘z ulushini (ulushining bir qismini) uchinchi shaxsga sotish niyatida bo‘lgan jamiyat
ishtirokchisi ulushning (ulushning bir qismining) sotilish bahosini va boshqa shartlarni ko‘rsatgan
holda, bu haqda jamiyatning qolgan ishtirokchilarini va jamiyatning o‘zini yozma shaklda xabardor
qilishi shart. Jamiyatning ustavida xabarnoma jamiyat ishtirokchilariga
jamiyat orqali yuborilishi
nazarda tutilishi mumkin. Ulushni (ulushning bir qismini) imtiyozli sotib olish huquqini amalga
oshirish istagida bo‘lgan jamiyat ishtirokchisi o‘z ulushini (ulushning bir qismini) sotishni taklif
etayotgan jamiyat ishtirokchisini yetti kunlik muddatda bu haqda xabardor qilishi,
bunda sotishga
taklif etilayotgan ulushni to‘liq yoki uning muayyan qismini sotib olmoqchi ekanligini ko‘rsatishi
kerak. Agar kelib tushgan takliflarning umumiy miqdori sotilayotgan ulushning miqdoridan oshmasa,
ishtirokchilardan har biri ulushning o‘z xabarnomasida ko‘rsatgan qismini sotib oladi. Agar ulushning
qolgan qismi uchinchi shaxs ixtiyoriga o‘tkazilguniga qadar jamiyat ishtirokchilaridan qo‘shimcha
takliflar kelib tushmasa, bunday qism uchinchi shaxsga o‘tkazilishi mumkin. Agar kelib tushgan
takliflarning umumiy miqdori sotilayotgan ulush (ulushning bir qismi) miqdoridan oshsa,
ishtirokchilar, agar jamiyatning ustavida yoki jamiyat ishtirokchilarining
kelishuvida boshqacha
taqsimlash nazarda tutilmagan bo‘lsa, ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) o‘z ulushlari miqdorlariga
mutanosib ravishda sotib oladi.
Jamiyat ishtirokchilari va (yoki) jamiyat sotish uchun taklif qilinayotgan butun ulushni
(ulushning bir qismini) sotib olishda imtiyozli huquqdan shunday xabar berilgan kundan e’tiboran bir
oy ichida foydalanmagan taqdirda, agar jamiyat ustavida yoki jamiyat ishtirokchilarining kelishuvida
boshqa muddat nazarda tutilmagan bo‘lsa, ulush (ulushning bir qismi) jamiyatga va uning
ishtirokchilariga ma’lum bo‘lgan bahoda va shartlarda uchinchi shaxsga sotilishi mumkin.
Ulushni (ulushning bir qismini) jamiyat ishtirokchilari ulushlarining miqdorlariga
nomutanosib ravishda sotib olishning imtiyozli huquqini amalga oshirish
tartibini belgilovchi
qoidalar jamiyat ustavida uni ta’sis etish chog‘ida nazarda tutilishi, jamiyatning barcha ishtirokchilari
tomonidan bir ovozdan qabul qilingan umumiy yig‘ilish qaroriga binoan jamiyatning ustaviga
kiritilishi, o‘zgartirilishi va jamiyatning ustavidan chiqarib tashlanishi mumkin.
Ulush (ulushning bir qismi) sotib olishning imtiyozli huquqi buzilgan holda sotilgan
taqdirda, jamiyatning istalgan ishtirokchisi va (yoki) jamiyat, agar jamiyatning ustavida ulushni
(ulushning bir qismini) sotib olishda jamiyat imtiyozli huquqqa ega ekanligi nazarda tutilgan bo‘lsa,
bunday buzilishni bilgan yoxud uni bilishi lozim bo‘lgan paytdan e’tiboran
uch oy ichida
sotuvchining huquqlari va majburiyatlarini o‘ziga o‘tkazishni sud tartibida talab qilishga haqli.
Mazkur imtiyozli huquqdan boshqaning foydasiga voz kechishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Jamiyatning ustavida jamiyat ishtirokchisining ulushini (ulushining bir qismini) sotishdan
boshqacha tarzda uchinchi shaxslar foydasiga voz kechish uchun jamiyatning yoki jamiyat
ishtirokchilarining roziligini olish zarurligi nazarda tutilishi mumkin.
Jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushdan (ulushning bir qismidan) boshqa
shaxsning foydasiga voz kechish, agar uni notarial shaklda amalga oshirish to‘g‘risidagi talab
jamiyatning ustavida nazarda tutilmagan bo‘lsa, oddiy yozma shaklda amalga oshirilishi kerak.
Jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushdan (ulushning bir qismidan) o‘zganing
foydasiga voz kechishga doir bitimning ushbu moddada yoki jamiyatning
ustavida belgilangan
shakliga rioya etmaslik uning haqiqiy emas deb topilishiga olib keladi.
Jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushdan (ulushning bir qismidan) boshqa
shaxsning foydasiga voz kechilganligi haqida jamiyat bunday voz kechishning dalillari taqdim etilgan
holda yozma ravishda xabardor qilinishi kerak. Jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi)
ulushni (ulushning bir qismini) oluvchi mazkur voz kechish to‘g‘risida jamiyat yozma ravishda
xabardor qilingan paytdan e’tiboran jamiyat ishtirokchisining huquqlarini amalga oshiradi va uning
majburiyatlarini o‘z zimmasiga oladi.
Jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushni (ulushning bir qismini) oluvchiga
jamiyat ishtirokchisining mazkur ulushdan (ulushning bir qismidan) boshqa shaxsning foydasiga voz
kechguniga qadar yuzaga kelgan barcha huquqlari va majburiyatlari o‘tadi.
Jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlar jismoniy shaxslarning
merosxo‘rlariga va jamiyatning ishtirokchilari bo‘lgan yuridik shaxslarning huquqiy vorislariga
o‘tadi.
Do'stlaringiz bilan baham: