Oda miyli k mul ki ( I - qis m)
Tohir Malik
69
library.ziyonet.uz/
oldini olish uchun kishi hayotlik davrida harakatini qilib qolishi kerak. Olimlarimiz bu
mavzuda suhbat yuritganlarida Isro surasidagi oyati karimani albatta tilga oladilar. Biz
ham bu an'anadan chetda qolmaylik:
«Rabbing faqat Uning oʻzigagina ibodat qilishingni va ota-onaga yaxshilik qilishni amr
etdi. Agar huzuringda ularning birlari yoki ikkovlari ham keksalikka yetsalar, bas, ularga
«uff» dema,
ularga ozor berma va ularga yaxshi soʻz ayt. Ikkovlariga mehribonlik ila hokisorlik
qanotingni pastlat va «Rabbim, alar meni kichiklikda tarbiya qilganlaridek, ularga rahm
qilgin», deb ayt».
Bu amr Allohning qat'iy va oʻzgarmas buyrugʻi. Bu buyruqni bajarish ixtiyoriy emas,
balki har bir bandaning burchi. «Uff» soʻziga bogʻliq ikki ma’no bor: 1. Ota-onaga
yomon soʻz aytib, behurmat qilmaslik. Misol uchun: ota-ona ish buyurganda «uff, tinch
qoʻymas ekansizda», yoki «uff, shu gaplaringiz ham jonimga tegdi» yoki «uff, sizga hech
tushuntirib boʻlmas ekanda» kabi norizolikni ifoda etishni Yaratgan bizga man etyapti. 2.
Ishdan charchab qaytdingiz, yoki koʻnglingiz bir nimadan gʻash. Oʻzingizcha «uff» deb
qoʻydingiz. Bilmaysizki, shu «uff»ingiz bilan ota-onangiz qalbini tilib yubordingiz.
Ularning «bolam ogʻir sinovga tushibdi», deb ozorlanganlarini anglamadingiz.
Endi ular kunlab, balki oylab koʻzlaringizga termilib, parishonlik bulutining koʻtarilishini
kutadilar. Siz oʻzingizga uchragan pashshaday tashvishni birgina «uff» bilan fil holatida
kattalashtirib ota-onangizga uzatdingiz. Demak, biz ota-onamizni tashvishimizga sherik
qilmasligimiz kerak ekan. Farzand ota-onaning huzurida oʻzini qanchalik hokisor tutsa,
shuncha yaxshi.
Alloh buyuradiki, «...nimaniki xayr-ehson qilsangizlar ota-ona, qarindoshlar, yetimlar,
miskinlar va musofirlarga qilingizlar». Ehsonga loyiqlar orasida ota-ona bekorga birinchi
zikr qilinayotgani yoʻq. Kishining oʻzidan keyingi haqdori ota-onasi boʻladi. Ota-onasini
muhtoj qoʻyib, ulardan boshqalarga ehson qilishdan nima foyda bor? Qishloqlardan
birida bu voqeaga guvoh boʻlgan edik. Birodarimiznikida mehmonda edik. Qoʻshnisi
ehsonga taklif etdi. Chiqdik. Juda koʻp mehmon aytilgan ekan. Biz hovlida, tut daraxti
soyasidagi soʻridan joy oldik. Roʻparamizda oshxona, uning yonida bir pastak hujra bor
edi. Agar oʻsha hujradan xasta ovoz chiqmasa unda odam yashashiga ishonmas edim.
Oʻsha hujraga koʻp tikilayotganimni sezgan birodarim «u yerda sohibi ehsonning
volidalari yashaydi, bir oz xastalar», deb izoh berdi. Men «mehmonlarga joy hozirlash
uchun kattaroq uydan bu hujraga vaqtinchalik olib chiqilgandir», degan oʻyda edim.
Ammo ehson yakuniga yetgunicha ham birov u hujradan xabar olmadi. Bir piyola issiq
choy yoki bir burda issiq non olib kirmadi. Shundan soʻng birodarimdan «doim shu uyda
yashaydilarmi?» deb soʻrashga majbur boʻldim. Birodarim qoʻshnisining sirini
ochayotganidan hijolat boʻlibmi, asta «ha», deb qoʻya qoldi, boshqa izoh bermadi.
Boshqacharoq izohga hojat ham yoʻq edi. Bu tez-tez uchraydigan voqea emas. Biz ham
vahima qilmoqchi emasmiz. Lekin bu dahshatdan (ha, aynan dahshat, aynan yovuzlik
deymiz) koʻz yuma olmaymiz. Aqlni lol qoldiradigan darajada ehson dasturxonlariga
mehmonlarni chorlaganlari holda otalari yoki onalariga oʻzlarining eski kiyimlarini
kiyintirib qoʻyadiganlar ozmi yo koʻpmi?
Bir birodarimiz koʻzida yosh bilan aytib edi: otasi xasta ekan. Katta akasi aqiqa
Do'stlaringiz bilan baham: |