www.ziyouz.com kutubxonasi
19
Ishoqning tomirlaridan qon emas, jo‘shqin g‘azab o‘ti oqayotganday tuyuldi. U butun iroda kuchini
ishga solib, o‘zini qo‘lga oldi. “Yo‘q, yo‘q! — derdi u o‘ziga o‘zi. — Hozir men bunday narsalarni
o‘ylamasligim kerak! Bugun men hayotimda so‘nggi marta “Atirgul oteli”dan pastga tushyapman, endi
o‘lim vodiysi sari yo‘l olishim kerak. Bugun hammayoq sukunat, osoyishtalik og‘ushida bo‘lmog‘i,
hamma narsa feruzadek tiniq, yaxdek sovuq bo‘lmog‘i lozim. Va men o‘lim vodiysiga xotirjam ruh ila
qadam qo‘yishim kerak!”
Ishoq shaxdam-shaxdam yurib pastga tushdi va zum o‘tmay Trimurtiga o‘tadigan ko‘prikka
yaqinlashdi. Ko‘prik tagida torgina anhor shovullab oqardi. Narigi sohilda kadamb nomli qari daraxt
qad rostlab turardi. Tata kontserni1 ga tegishli elektr simlari tortilgan simyog‘ochlar safi Trimurtini
kesib o‘tib, yuqoriga o‘rlab ketgan edi. Bu yer chinniday ozoda va nihoyatda sokin edi. Hatto
shalolaning shovqini ham bu yerda eshitilmas, teran sukunat esa, Ishoqning miyasi va qalbini asta-
sekin qamrab ola boshlagan edi.
Ishoq qoya chetiga borib, bir yarim fut chuqurlikka vahimali guvillab oqib tushayotgan shalolaga
tikilgancha uzoq turib qoldi. O’sha yoqda, pastda shundoqqina anhor yoqalab cho‘zilgan temir yo‘l
muyulishida tunnelga kirib ko‘zdan yo‘qolardi. Ishoq o‘zining shu balandlikdan pastga qanday
sakrashini, shalola ustidan uchib o‘tib temir yo‘l izida qanday ko‘ndalang yotishini ko‘z oldiga keltirdi.
Ana shunda muyulishdan o‘qday otilib chiqib kelgan poezd uning gavdasini ikki nimtaga bo‘lib ketadi.
Mana, uning qonga belangan ikki bo‘lak jismi temir iz ustida yotibdi — boshi alohida, gavdasi alohida.
Bu manzarani u aniq ko‘rganday bo‘ldi, lekin zarracha ham seskanmadi. U xuddi sehr-jodu
qilinganday chuqurlikdan ko‘zini uzmay tikilib turaverdi, shu payt uning oyoqlariga jon kirdi va u
beixtiyor qoya chetiga yaqinlashib boraverdi...
Shu on kimdir birdan Ishoqning yelkasiga chang solib, shartta orqaga tortib oldi.
— Bu nima qilganingiz?! — Ishoqning qulog‘i ostida ayol kishining ovozi yangradi.
Ishoq orqasiga o‘girildi. Qarshisida malla soch bir ayol turardi; u shim kiygan — ajnabiy bo‘lsa
kerak. Uning ko‘k ko‘zlaridagi sinchkovlik alomati vahimali tuyg‘u bilan omuxta bo‘lib ketgan edi.
Ishoq kafti bilan asta peshonasini artdi.
— Hech. Hech nima qilmadim. Shunchaki, boshim aylanib ketdi...
— Xayriyat-e! — ayol yengil tin olib kulib qo‘ydi. — Jarga uzoq tikilib turish juda xatarli. Shunday
voqealar bo‘ladiki, odam...
— Ha, ha, bilaman, bo‘ladi shunaqa voqealar ham, — deb Ishoq jim qoldi — xuddi
taraddudlanganday.
Ayol uning qo‘lidan ushlab jar yoqasidan nari olib ketdi va qo‘lini qo‘yvormagancha, ko‘prik
yonidagi kadamb daraxti tagiga yetaklab bordi; faqat shu yerda uning qo‘lini qo‘yib yubordi.
— Endi o‘zingizga keldingizmi? — so‘radi ayol.
Ishoq tizzalari qaltirashini bosish uchun yerga o‘tirdi. Bo‘y cho‘zib boshoq chiqara boshlagan o‘tlar
uning tagida xuddi yostiqday ezildi.
— Hammasi yaxshi! — dedi Ishoq jilmayishga urinib.
Ajnabiy ayol qo‘lidagi shamsiyasini bir nima qilib burab, uchini yerga sanchgan edi, u bir oyoqli
mo‘‘jazgina stulchaga aylandi. Ayol unga o‘tirdi. Ishoq yerda o‘tirardi.
— Yuring, ho‘v anavi tepalikka chiqaylik, — deb taklif qildi ayol Trimurtining qoq markazida
do‘mpayib tikka ko‘tarilgan qoyani ko‘rsatib. Osmonni bulut burkagan paytda bu qoya cho‘qqisi
bulutlarga tirgak bo‘lganday ko‘rinardi.
— Hozirmas, — dedi Ishoq.
— Siz... — dedi-yu, tutilib qoldi chet ellik ayol, lekin keyin gapini davom ettirdi: — Siz bu yerga...
o‘lish uchun kelganmidingiz?
— Yo‘q, nimalar deyapsiz! — dedi Ishoq cho‘chib ketib. — Men... shunchaki... bu yerga... shalolani
tomosha qilgani keluvdim.
Ajnabiy ayol bir lahzali sukutdan so‘ng yana gapira boshladi, uning ovozi mahzun edi:
— O’tgan kuni mening onam qazo qilibdi. Kecha telegramma oldim... Erim uni Bombaydan
Musaffo osmon (qissa). Krishan Chandar
Do'stlaringiz bilan baham: |