www.ziyouz.com kutubxonasi
20
yuboribdi. Men bu og‘ir judolikdan hech o‘zimni qo‘yarga joy topolmadim. Hech bir narsa ko‘nglimga
taskin berolmadi. Mening oyim... u judayam yaxshi ayol edi... Aslini olganda, hamma onalar ham
yaxshi bo‘lishadi, to‘g‘rimi?
— Bilmadim, — javob qildi Ishoq. — Mening ota-onam go‘dak chog‘imda o‘lib ketishgan.
Yetimxonada o‘sganman. Otam ham, onam ham, qarindoshlarim ham o‘zimman. Men qondoshlik
rishtasi nimaligini bilmayman. Lekin muhabbat rishtasi qanaqa bo‘lishini yaxshi bilaman. U eng
manfur narsa, shunday emasmi?
Ishoq ayol qo‘liga bog‘langan qora lentadan ko‘z uzmay jim qoldi.
— Onangiz yaxshi ayolmidi? — so‘radi u oradan bir daqiqacha vaqt o‘tgach. — Ona! Qanaqa
bo‘ladi o‘zi ona? Nahotki u seni ma’shuqangdan ham kuchliroq sevsa? Nahotki u hech qachon: “Get
out” — demasa?
Ishoq yig‘layotganini ajnabiy ayolga ko‘rsatmaslik uchun yuzini kaftlari bilan qopladi, holbuki, uning
ho‘ngrab yig‘lab yubormaslikka uringan butun vujudi shamolda pir-pir silkingan daraxt yaproqlaridek
dag‘-dag‘ qaltirardi. Mana, o‘z hasratini tizginlashga ortiq kuchi yetmagan Ishoq o‘t ustiga yuz-tuban
yotib, ho‘ngrab yig‘lab yubordi.
Ajnabiy ayol uning yig‘lashiga monelik qilmadi. U anchagina Ishoqqa ma’yus tikilib o‘tirdi, so‘ng
asta-sekin gapira boshladi:
— Mening ismim Elza. Millatim nemis, erim — yahudiy. Urushdan oldin biz Saksenburgda
yashaganmiz. Bu shahar Elza degan daryo bo‘yida... Shu daryo hurmati, menga Elza deb ism
qo‘yishgan ekan. Urushdan oldin biz yaxshi kun kechirganmiz. Erimning kichkinagina fabrikasi bor edi,
unda go‘dak bolalar uchun kiyimlar, juda yaxshi kiyimlar tikilardi. Ha, u paytlar biz juda yaxshi
yashaganmiz — men ham, erim ham, oyim ham. Oyim ancha keksayib qolgan edi, saksonga kirgandi.
Keyin urush boshlandi, biz Germaniyadan qochib chiqib ketishga majbur bo‘ldik — erim yahudiy
bo‘lgani uchun. Biz jo‘nab ketdik, oyim qoldi. Biz ne mashaqqatlar bilan yashirincha Parijga yetib
oldik, lekin oradan sal vaqt o‘tmay, natsistlar u yerga ham yetib borishdi. Oqibat, Frantsiyadan ham
bosh olib chiqib ketishimizga to‘g‘ri keldi. Shunda erim mengi, Yevropada juda ko‘p kontslagerlar
qurilganini va agar Yevropa ahli qarshilik ko‘rsatmay jim o‘tiraversa, kontslagerlar har qadamda
qurilajagini va ular bir kun kelib jamiki madaniyatning kushandasi bo‘lajagini aytdi. Shundan so‘ng biz
Bombayga keldik, chunki bu yerda — Osiyoda sizlar qanchalik qashshoqlikda, omilikda kun
kechirayotgan bo‘lsangiz ham, hayotga mehr qo‘yishni hali unutmagansizlar. Sizlar ming-minglab
azobu uqubatlar siquviga dosh berib yashayotgan bo‘lsangiz ham, men sizlarning yuz-ko‘zlaringizda
xotirjamlik va hayotga bo‘lgan ilohiy sevgi alomatlarini ko‘rib turibman. Bu yer bizga juda yoqadi.
To‘g‘ri fabrikamiz yo‘q endi, lekin erim Kunz-roudda bolalar uchun kiyim tikadigan kichkinagina
ustaxona ochgan. U bichadi, men tikaman. Biz oddiy tikuvchilarmiz, lekin, baribir, baxtiyormiz. Faqat
farzand yo‘q bizda...
Elza yana uzoq gapirdi, Ishoq yotgan yerida uning hamma gaplarini eshitdi. Eshitarkan, entika-
entika hiqillab yig‘lashda davom etdi; mana, uning hiqillab yig‘lashi bora-bora bosilib, oxiri butunlay
tindi. Ishoq turib o‘tirdi, yonidan ro‘molchasini olib, yuz-ko‘zini artdi, so‘ng Elzaga qarab qo‘yib,
xijolatomuz jilmaydi.
Elza unga qo‘lini uzatib dedi:
— Yuring, ketishimiz kerak bu yerdan.
Ishoq o‘rnidan turarkan, o‘ziga ham ayon bo‘lmagan bir hissiyot da’vati bilan yuzini bosib yotgan
o‘t-o‘langa qo‘lini tekkizdi. Xayriyat — yer shimib olibdi uning ko‘zyoshlarini.
— Kelgusi bahorda gullar ochiladi bu yerda, — dedi Elza muloyim ohangda. — Manavi so‘qmoqdan
o‘tib borayotgan marathiy qizi o‘sha gullardan bittasini uzib olib sochiga taqadi... Yo bo‘lmasa, kun
bo‘yi dalada ishlab, uyiga horib-charchab qaytayotgan bironta ona guldan uzib bolasiga olib borib
beradi. Gulni olgan bolaning yuzi gulday yashnab ketadi. Lekin bu gullar oshiq yigitning ko‘z yoshlari
to‘kilgan yerdan unib chiqqanini hech kim tasavvur ham qilmaydi. Ha, bu hayot... Hayot naqadar
go‘zal...
Musaffo osmon (qissa). Krishan Chandar
Do'stlaringiz bilan baham: |