www.ziyouz.com kutubxonasi
17
Bu oqshom Jamila ikki yigit uchun raqs tushdi — shu choqqacha u yolg‘iz Ishoq uchungina raqs
tushar edi. Ular birinchi marta uchrashishgan paytdan beri o‘tgan yarim yil mobaynida bu mo‘‘jazgina
mehmonxonada Jamilaning qancha tanish-bilishlari, dugona va do‘stlari bo‘lishiga qaramay, Jamila
faqat bitta Ishoq uchun raqs tushardi doimo. Bu raqqosaning har bir nigohi, butun vujudining har
bitta harakati yolg‘izgina Ishoqqa baxsh etilardi. Bugun esa... Bugun uning raqsi hatto ikkala yigitga
birday bag‘ishlanmadi ham. Ishoqning nazarida, Jamila bugungi raqsini ko‘proq Sharifga
bag‘ishlayotganday tuyuldi.
“E, yo‘q, bo‘lishi mumkinmas”, — Ishoq bu noxush fikrni xayolidan o‘chirdi.
Bu oqshom Jamila lutf ko‘rsatib, kechlik taomini o‘zi tayyorladi. Ishoq o‘zlarining birinchi muhabbat
oqshomini yana esladi — o‘shanda ham oshxonada Jamilaning o‘zi uymalangan edi. U ovqat
pishirishni bilmasdi, shu sababli tovuq ichak-chavog‘ini tozalayotganida qo‘lini kesib olgan edi...
Jamila bugun ham dasturxonga o‘zi qovurgan tovuq go‘shtini qo‘ydi. Ishoq uni yerkan, go‘sht
ta’mini sezmadi, xuddi qum chaynayotganday his qildi o‘zini. Ovqatlanib bo‘lishgach, betel
chaynashdi, churq etmay, bittadan sigareta chekishdi. Shunda Jamila shaxt o‘rnidan turib Sharifga
dedi:
— Siz bir daqiqaga xobxonaga kirib turolmaysizmi? Ishoqqa aytadigan ikki og‘iz gapim bor edi.
Sharif asta divandan turarkan, lablarida alomat jilva hosil bo‘ldi.
— Xayrli tun! — dedi u xobxonaga chiqib ketarkan.
Jamila qoni qochib dokadek oqargan yuzini Ishoqqa o‘girdi.
— Nahotki hech nimaga tushunmayotgan bo‘lsang. Get out!
* * *
O’shandan keyin bo‘lgan ishlarni: janjal, olishuv, allaqanday buyumlarning qars-qurs, chil-chil
singani, ba’zi narsalarning derazadan uloqtirilgani — hamma-hammasini Ishoq hozir butunlay unutgisi
kelardi. U Jamilani ham unutgan bo‘lardi, agar qurbi yetganida, lekin hech unutolmasdi uni — garchi
uning xiyonatkorligiga qat’iy ishongan bo‘lsa ham. Uni Jamilaning barcha xislat va fazilatlari hamon
g‘ulg‘ulaga solardi. Ishoq shu o‘tgan oy davomida Jamilani butun jonu dili bilan sevgani haqida
o‘ylarkan, so‘nggi oqshomda qalbida uyg‘ongan nafrat tuyg‘usini daf etishga undamoqchi bo‘lardi
o‘zini. Ha, odam bolasi diliga jo bo‘lgan soxta tasavvurni saqlab qolish uchun har qanday mashaqqatli
amallarni bajarishga ham qodir! Ishoq Jamilaning faqat malohatli fazilatlari haqidagi xotiralarni
qalbida saqlar, uning jamiki qusur va illatlarini esa ko‘nglidan mutlaq o‘chirib tashlashga urinardi...
Nima ham derdik, aynan ana shu tentaklikni muhabbat deb ataydilar-da!
Vaqt tungi soat uchga yaqinlashganda Ishoq, hammasi tamom bo‘ldi, deb barcha umidlariga nuqta
qo‘ydi. Jamila kelmadi... Endi hech kim kelmaydi.
— Hozir u Sharif bilan vaqtixushlik qilib achomlashib yotgandir, men bo‘lsam uni bu yerda kutib
o‘tiribman! Bas, yetar! Ertaga ertalabdan o‘sha “Parilar shalolasi”ga boraman-u, o‘sha yerda o‘zimni
o‘ldiraman.
Ishoq mutlaqo loqayd kayfiyatda shunday qarorga keldi, keyin ko‘rpaga burkanib, bahuzur uyquga
ketdi.
* * *
Ertasi kuni Ishoq uyqudan turishi bilan “Atirgul oteli”ni tark etdi va tepalikning g‘arbiy yonbag‘ridan
pastga tushib, shalola tomon yo‘l oldi. U yo‘lni yaxshi bilmasdi, lekin tepalikdan tushayotganida,
uzoqda Trimurtining pog‘ona-pog‘ona tosh yo‘laklari ko‘ziga tashlandi, shalola ana shu yo‘laklardan
pastga, tubsiz chuqurlikka ko‘pirib shovullab tushardi — buni Ishoq bilardi. Bu shalola hattoki hozir
Ishoq turgan yerdan ham aniq ko‘rinib turardi. U Trimurtini mo‘ljalga olib yurib ketdi.
Torgina so‘qmoq yo‘l xiyla bo‘ydor butazorlar orasidan pastlikka yo‘nalgan edi. Ushbu
Musaffo osmon (qissa). Krishan Chandar
Do'stlaringiz bilan baham: |