www.ziyouz.com kutubxonasi
25
— Nega endi sen Hindistonning Pokiston bilan urushishini xohlayapsan? — so‘radi Ishoq qiziqsinib.
— Nima, bironta qarindoshingni o‘ldirishganmi u yoqda?
— Yo‘q...
— Balki o‘zing butun mol-davlatingni tashlab, Pokistondan qochib kelgandirsan?
— Yo‘q...
— Yo g‘animlaring bormi Pokistonda?
— Be, qayoqda? Men o‘zim Jaypurdanman, Pokistonda na qarindoshim, na g‘animlarim bor, na
mol-davlatim qolgan u yoqda!
— Bo‘lmasa, nega ular bilan urushishni xohlayapsan?
— Voy, jin urgur yozuvchilar-e! Nega hech nimaga tushunmaysizlar-a? Urush paytida bozorlar
gavjum bo‘ladi, tomirlarda qon gupuradi, qo‘l qo‘lga tegmaydi ish ko‘pligidan. Urush bo‘lsa ishlarimiz
yurishib ketadi.
— Kasbing nima?
— Birjada dallollik qilaman.
— Tushunarli.
Bheriya jahl bilan stolga musht urdi.
— Nima tushunarli senga, qalamkash? Kasbimizning nozik qirralarini eng ulug‘ kishilar ham
tushunishga qiynaladilar-u, sen tushunarmiding? Men, mana, yigirma yildirki, birjada xizmat qilaman,
lokin hali ham, hamma narsa menga tushunarli, deb aytolmayman. Sen bo‘lsang... “tushunarli”mish,
— deb mazax qildi u Ishoqni. — Urush boshlansa, birjaga jon kiradi, ishlar yurishib ketadi.
Tokaygacha kutamiz, axir! Koreya bilan bo‘lgan urush tugagandan beri, ochig‘i, qiladigan ishimiz
qolmadi.
— Bundan chiqdi, hozir dunyoda urush yo‘q ekan, hech bo‘lmasa, Hindiston Pokiston bilan
urushsinmi, seningcha? Bordi-yu, urush boshlangan kundan seni janggohga safarbar qilishsa-chi?
— Obbo yozuvchilar-e! G’irt afandi-ya hammalari! — qotib-qotib kuldi “Olachipor sepkildor”, —
boshlariga uradimi meni? Qarib qolganman-ku — oltmishga kirdim.
— O’g‘ling yo‘qmi?
— Nega yo‘q bo‘larkan? Uchta o‘g‘lim bor. Men bilan birga ishlashadi. Ammo urush bizning ishimiz
emas. Bizdan askar chiqmaydi.
— Qoyil! — dedi Ishoq nihoyat g‘azabini tiya olmay. — Demak, urush haqida hammadan ko‘proq
og‘iz ko‘pirtirib baqiruvchilar hech qachon jang qilmaydilar! Negadir ularni hech qachon urushga
safarbar ham qilmaydilar, ular janggohlarda okoplar ham qazimaydilar, ularga hech qachon o‘q ham
tegmaydi. Va lekin urush tugaganida eng yog‘li, eng yuqori mansablarni birinchi navbatda shular
egallaydilar, hatto vazir ham bo‘lib oladilar. Nega axir bu zamonda faqat qabr toshlarigina qadrlanib,
tiriklar izzat qilinmaydi? Nega? Ayt, nega? Qani, menga tushuntirib ber-chi, Olachipor!
Bheriya suhbat mavzuini o‘zgartirishga qaror qildi.
— Ovqatingni ye, sovib qoldi. Undan keyin, boya aytdim-ku, senga ismimni: Bheriya mening ismim
— Bhe-ri-ya! Hech ham Olachipor emas. Qanaqa ism o‘zi o‘sha “Olachipor”?
— Juda ajoyib ism, tojir. Sening jismingga juda ham mos tushadi bu ism. Ham chiroyli, ham
muloyim ism... Sening o‘rningda bo‘lganimda, xotiningdan seni faqat, “Hoy, Olachipor!” deb
chaqirishini talab qilgan bo‘lardim.
— Xotinim o‘lgan, — dedi Bheriya ma’yus ovoz bilan.
— Sen hech qachon bironta ayolga oshiq bo‘lganmisan, a, tojir? — so‘radi Ishoq kutilmaganda.
Bu savoldan sepkildor qattiq piqillab kulib yuborgan edi, oldida turgan likopdagi sho‘rva sachrab,
ko‘ylagini bulg‘adi. Uning mushuknikiga o‘xshagan mo‘ylovi alomat qimirlab qo‘ydi. Nihoyat, u
kulgisini zo‘rg‘a tiyib javob qildi:
— Bizda yo‘q bunaqa odat... haligi... oshiq bo‘lish. Bizda bu uyat hisoblanadi. Siz, yozuvchilarning
yo‘lingiz boshqa. Menga otel xo‘jayini aytuvdi: “Bir yozuvchi keldi ikki-uch kunga”, deb. Qani, bir
gaplashib ko‘ray-chi deb o‘yladim. Sen qaysi gazetada ishlaysan?
Musaffo osmon (qissa). Krishan Chandar
Do'stlaringiz bilan baham: |