www.ziyouz.com kutubxonasi
33
qovurilgan go‘shtni hech yemagandim.
Uchovlari xoxolab kulib yuborishdi.
* * *
Qamoqxonadagi lampochka singan edi, kamera qop-qorong‘i bo‘lib qoldi. Ahyon-ahyonda bulutlar
orasidan o‘roq oy mo‘ralab qolar, shunda uning derazadan kirgan xira yog‘dusi Mardikor bilan
Ishoqning yuzini sal-pal yoritardi. Ular deraza tokchasida siqilishib o‘tirib, xuddi qondosh aka-
ukalardek bir-birlarini isitardilar. Qorong‘ida Mardikorning hayot haqidagi iztirobli ammo ajoyib qissasi
eshitilardi:
— ... Xullas, frontdan qaytib kelganimda sevgilim Kamola qishloqda yo‘q edi. Avvaliga hech kim
uning to‘g‘risida og‘iz ochmadi, ertasi kuni o‘zim hamma gapni bilib oldim: Kamolani ota-onasi
bombaylik Pandurang degan gulchiga erga berib yuboribdi. Men u gulchini bilardim — Hirgam
ko‘chasi bilan Thakurdvar-roud muyulishida uning do‘koni bo‘lardi. Men besh-olti kun qishloqda bo‘lib,
keyin Bombayga jo‘nadim — qishloqda yuragimga qil sig‘may qolgan edi, bu yerdagi har bitta
so‘qmoq oyog‘imdan tortib, yurishimga monelik qilayotganday edi. Nuqul Kamolaning — ma’budam
deb sig‘inganim Kamolaning oyoq tovushlari qulog‘imga chalinayotganday bo‘lardi. Zero men
hamisha, hatto gospitalda o‘lim to‘shagida yotganimda ham, u yerda qo‘limni, keyin oyog‘imni
kesishganda ham, nihoyat, endi hech qachon oyoqqa turolmasligimni o‘ylab yotgan paytlarimda ham
uning oyoq tovushlarini yuragim bilan eshitardim! Tushunyapsanmi, Ishoq — yuragim bilan! Qara,
nima deyotganimni o‘zim ham bilmayman, — axir yurak bilan ham eshitib bo‘larkanmi oyoq
tovushini?
— Seni juda yaxshi tushunib turibman, Anant! — nihoyatda jiddiy tarzda javob qildi Ishoq: hozir
Jamilaning raqs tushayotganida nafosat bilan oyoq tashlashi uning esiga tushgandi.
— Bombayga men xuddi mana shunaqa qorong‘i tunda yetib bordim — izg‘irinli, rutubatli tun edi.
Vaqt allamahal bo‘lib qolgan bo‘lsa ham, Thakurdvar-roud muyulishida fonus yonib turardi. Men
gulchi Pandurangning do‘koniga yaqinroq borib, fonus qo‘ndirilgan ustun panasida turgancha uzoq
vaqt Kamolani kuzatdim. U egniga to‘q-qizil hoshiyali pushtirang sari kiygan va benihoya go‘zal edi!...
U engashgancha kattakon uzun gulmarjon to‘qirdi.
— Har holda, yaqinroq borgandirsan? U seni ko‘rdimi?
— Yo‘q, men ustun panasidan chiqmay, Kamolaginamga tikilgancha turaverdim. U shunday
sohibjamol, turmushidan shunday mamnun ko‘rinardiki, men o‘ylanib qoldim: rost-da, shu ahvolimda
uning ko‘ziga qanday ko‘rinaman, nima deyman? Nima, shuncha uzoq yo‘l bosib mash’um ahvolimdan
noligani keldim oldingga, deymanmi? U bilan xayrlashib frontga ketayotganimda bus-butun odam
edim, mana, urushdan yarimta bo‘lib qaytdim. Kamola endi meni tanimas ham, deb o‘yladim. Unga
kimligimni aytsam, meni boshdan oyoq kuzatib chiqib, shunday qarash qilishi mumkinki, unaqa
qarashni ko‘rgandan o‘lib ketgan ming karra afzal. To‘g‘ri, Kamola aytadigan har bir so‘z uchun, uning
har bir nigohi uchun albatta joy topiladi mening qalbimda, ammo mana bu ahvolim...
— Anant! — Ishoq uning qo‘lini mahkam siqdi.
— Men Kamoladan ko‘zimni uzmay turaverdim; nihoyat, u gulmarjonni to‘qib bo‘lib, Pandurang
tomonga o‘girildi. U chiroyli, sog‘lom yigit va ... to‘rt muchasi omon. Ularning qo‘llari — Pandurang
bilan Kamolaning qo‘llari... tutashdilar... Men umrimda o‘sha choqqacha hech yig‘lamagan edim — na
frontda, na gospitalda. Na hayot, na mamot ko‘zimga yosh qalqitaolgan, lekin o‘sha tun...
Kamolaning qo‘llari Pandurangniki bilan qovushganini ko‘rganimda, ko‘zlarimdan tirqirab yosh oqa
boshlaganini his etdim. Men simyog‘och panasida turganimcha, o‘pkamni tutolmay yig‘layverdim,
yig‘layverdim... Nazarimda, yuragim pora-pora bo‘lganday edi.
— Boya sen mendan, nima uchun urushni yomon ko‘rishim sababini so‘rading. O’zing o‘ylab ko‘r.
Axir meni shahdam-shahdam yuruvchi oyog‘imdan, suyukli mahbubamga uzatishim mumkin bo‘lgan
qo‘limdan, qo‘shiqlarini tinglovchi qulog‘imdan judo qilgan shu la’nati urush-ku! Bas, shunday ekan,
Musaffo osmon (qissa). Krishan Chandar
Do'stlaringiz bilan baham: |