www.ziyouz.com kutubxonasi
35
Anant Mardikor ehtirom ila bosh egdi. Bu taklifdan u behad mamnun edi.
Kutish zalida hech zog‘ yo‘q edi. Bu huvillagan xonada faqat bir stol bilan to‘rtta stul, yana
burchakda Elzaning g‘aribgina yuki turardi. Shiftga o‘rnatilgan kattakon ventilyator erinibgina
aylanardi.
— Hozir bir choyxo‘rlik qilsak, qanday yaxshi bo‘lardi! — dedi Elza.
— Tungi soat uch. Shu bemahalda choy qayoqda, deysiz!
Bufet yopiq, bufetchi uxlayotgan bo‘lsa kerak.
— Hechqisi yo‘q, — deb gapga aralashdi Mardikor. — Bu yerdagi bufetchi mening oshnam.
Uxlayotgan bo‘lsa ham uyg‘otaman, bir zumda choy damlab beradi.
Oradan sal vaqt o‘tar-o‘tmas stolda bir choynak choy paydo bo‘ldi. Finjonlarga quyilgan qaynoq
xushbo‘y choydan ko‘tarilgan bug‘ stol atrofida siqilishib o‘tirgan Elza, Ishoq va Mardikorlarning
mamnun chehralariga ufurayotgandek bo‘ldi.
Elza finjonini ikki kafti orasiga olib asta-asta aylantirarkan, past ovoz bilan gapira boshladi:
— O, choy... Mo‘‘jizakor choy!.. U ne-ne masofalarni bosib o‘tadi, ne-ne olis mamlakatlarga tashrif
buyuradi... Uning tumordakkina orombaxsh, muattar bargi sharofati bilan odamlarning dini, yoshi,
badanining rangi o‘rtasidagi farqlar yo‘qolib ketadi...
— Choy odamlarni bir-biriga yaqinlashtiradi... — dedi Mardikor xayolga tolib. — Qamoqlar esa
odamlarni bir-biridan judo qiladi.
— Hozircha bizlarni bir-birimizdan ayiruvchi kuchlarning qo‘li baland, — dedi Elza. — Mening xolam
G’arbiy Berlinda yashaydi, oyim bo‘lsa Saksoniyada yashardi — hozir u yer Sharqiy Germaniya
hisoblanadi. Oyim o‘limi oldidan singlisini ko‘p qo‘msabdi. To joni uzilguncha uning yo‘liga ko‘z tikib
yotibdi. Lekin xolamning G’arbiy Berlinga borishiga ruxsat berishmabdi. Dunyoni bo‘lak-bo‘laklarga
ajratuvchi qandaydir odamlar opa-singilning diydor ko‘rishishiga yo‘l qo‘yishmabdi. Ayting, odamlar
tokaygacha umidsizlikda kun kechirishadi? Aytmoqchimanki, mayli, irqlar, millatlar, dinlar o‘rtasida
bundan keyin ham farq bo‘laversin; mayli, odamlarni bir-biridan ayiruvchi chegaralar ham bo‘laversin.
Lekin koshkiydi, ularning yurak yozib suhbatlashishlariga monelik qilmasalar! Hech bo‘lmaganda,
koshkiydi, biron-bir masalani jamoa bo‘lib hal qila olish uchun bu ro‘yi zaminda odamlarning bir
parchagina taqsimlanmagan jamoa yeri bo‘lsa, koshkiydi, jamiki odamlar hayot paytlarida ham, jon
taslim qilayotgan chog‘larida ham bir-birlarining yuzlariga ochiq chehra bilan boqa olsalar! Holbuki,
hozirgi paytda odamlar yuz-ko‘zlarini qavat-qavat hijoblar bilan o‘rab olishganki, kimning qanaqa
odamligini aniqlash amri mahol!
Elza jim bo‘lib qoldi, hammalari sukut saqlab choy icha boshlashdi.
— Mening boshim qotib qoldi... — salmoqlanib gap boshladi Ishoq. — Hech nimaga
tushunmayapman. Mana, meni olinglar: ismim Ishoq, ha, Ram La’l emas, Ishoq. Nahotki meni sotqin
deb hisoblashlari uchun shu ismimning o‘zi kifoya bo‘lsa? Aynan shunday o‘ylaydigan odamlar ham
bor atrofimizda. Qani, o‘zingiz ayting, gunohim nima mening: hindu Ram La’l bo‘lmay, musulmon
Ishoq bo‘lganimmi? A?
Mardikor sukutda.
— Ha, men musulmonman, ismim Ishoq! — qizishib gapida davom etdi Ishoq. — Lekin men faqat
shu zaminda ildiz otib palak yozganman. Shu zamin yorug‘ dunyoga keltirgan meni; u menga kuch-
qudrat va ishq-muhabbat sharobini ichirgan — bundan keyin ham ichiraveradi! Illo o‘zingiz yaxshi
bilasiz: daraxt o‘sgan sari, yangi-yangi novdalar chiqarib gullay boshlaydi, garchi uning tanasi yer
yuzida qad ko‘tarib tursa ham, ildizlari yer qa’riga chuqur botib boraveradi. Daraxt turgan yerida
samoga ko‘z tikadi, uning shox va novdalari dunyoning har tomoniga qarab cho‘zila boshlaydi. Men
ham shu daraxtga o‘xshayman — Hindiston tuprog‘ida ildiz otganman, jismim ham shu zaminda qad
ko‘targan-u, novdalarim dunyodagi ko‘p mamlakatlarga — Pokistonu Eron, Misru, Albaniya,
Marokashu Tunisgacha cho‘zilib borgan; bu novdalarim yana Angliya va Rusiyaga, Amerika va
Yaponiyaga, Xitoy va Malayziyaga ham yetib borgan. Lekin odamlar ismimni eshitishgan zahoti
menga shubha bilan qaray boshlaydilar. Har gal shu ishtibohli boqishni ko‘rganimda yurak-bag‘rim
Musaffo osmon (qissa). Krishan Chandar
Do'stlaringiz bilan baham: |