www.ziyouz.com kutubxonasi
43
qirg‘og‘ida kadamb daraxti qad ko‘tarib turardi. Ana shu daraxt tomonga bir yoqdan Mardikor
qo‘ltiqtayoqqa tayanganicha zo‘rg‘a sudralib asta-asta yurib kelar, ikkinchi tomondan esa, bu yerga
Vasanti yaqinlashib kelardi. Qiz boshini yerga egib olgandi... Birdan ular bir-birlarini ko‘rib qolishdi.
Ikkovlari, xuddi komanda berilganday, baravar atrofga ko‘z tashlashdi. Hech kim yo‘q. Faqat ikkovlari.
Qadamlarini ildamlatishdi. Oraliq masofa tez qisqara boshladi — ular bir-birlari sari deyarli yugurib
borishardi. Ular daraxt tagida uchrashishdi va bir-birlarining pinjiga kirishdi. Ana shunda, tepa
boshida turib ularni kuzatayotgan Ishoqning ko‘ziga yarimta odam — Mardikor bir lahzaga yana
butun odam bo‘lib ko‘rindi, — yigitga yetishmayotgan oyoq, qo‘l va quloqni Vasanti bergan edi.
G’ayritabiiy shodlik tuyg‘usi Ishoqning qalbiga halovat baxsh etdi. U tepalikda turib, tevarak-atrofga
ko‘z tashladi. Vodiylardan chiqib, tog‘ yonbag‘irlaridan tushib, dovonlardan oshib, yakka-yakka va
to‘p-to‘p bo‘lib kelayotgan dehqonlar Trimurtiga yig‘ila boshladilar. Kimdir yelkasiga omoch
ortmoqlab, kimdir qo‘liga o‘roq yo xaskash ushlab, ayrimlar xotin va bolalari bilan birgalikda
kelishardi. Sholi boshoqlarni ko‘tarib olgan ayollar serhosil yer haqida, samoning mehribonligi va
hayotning muqaddasligi haqida qo‘shiq kuylashardi. Ularning oldida yugurgilab borayotgan bolalar
dik-dik sakrashar, o‘mbaloq oshishar, sho‘x-sho‘x qichqirishardi.
Mardikor Vasantining xushbaxt, oshifta ko‘zlariga tikilib turarkan, ehtimol shunday demoqchi
bo‘lgandir:
— Inson hayotidan tabarrukroq narsa yo‘q bu dunyoda! Bu osmon gumbazi ostida va bu mo‘‘tabar
zaminda eng muqaddas narsa hayotdir. Hayot — bu muhabbat, hayot — bu mamlakat, hayot — bu
xalq, hayot — bu xudo, hayot — bu o‘zaro munozaralar olib boruvchi, murosasizlik qiluvchi,
g‘alayonlar ko‘taruvchi jamiyat. Hayot yo‘q yerda hech nima bo‘lmaydi, shuning uchun ham bizlar
doim ushbu go‘zal zaminda saodatli hayotni muhofaza qilamiz.
Go‘zal hayot haqidagi bu madhiyaga ming-minglab ovozlar jo‘r bo‘lishdi; arzu samo uni aks sado
bo‘lib takrorladi.
Shu payt to‘satdan sal nariroqdagi bir tepalikda xuddi skelet yanglig‘ cho‘p-ustuxon, faqat daraxt
tomirlarini kovlab yeb kun kechiruvchi, deyarli qip-yalang‘och ikkita odam — erkak va ayol paydo
bo‘lishdi. Ufqda misoli qop-qora tasqaraday serrayib turgan bu odamlar Trimurtida to‘planayotgan
olomonni ham hayron bo‘lib, ham shubhaga tushib kuzatardilar.
“Men yashayman, — deb o‘yladi Ishoq bu ikkita yalang‘och odamni ko‘rib, — men vatanimning
nafaqat besh ming yillik madaniyatini himoya qilish uchun, ayni paytda, uni o‘n ming yillik jaholat
botqog‘idan xalos etish uchun ham yashashim kerak... — U Elzaning qaynota va qaynonasini esladi.
— Men hanuzgacha Parijga yetib bormagan poezdni topish uchun ham yashashim kerak! — U
Mo‘ltoniyning sadoqatli sevgisini ko‘z oldiga keltirdi. — Hali men shu beg‘ubor osmon tagida, shu
ko‘kka bo‘y cho‘zgan muhabbat peshtoqi ostida o‘zimni o‘ldiraymi? Axir bundan-da badtarroq
tahqirlab bo‘larkanmi muhabbatni!”
Ishoqning dilidagi, shundoq ham ancha zaiflashib qolgan o‘lim haqidagi fikr endi mutlaq g‘oyib
bo‘lib, uning o‘rnini hayotga bo‘lgan porloq, qaynoq va jo‘shqin sog‘inch — buloqning sho‘x suvidek
qaynab toshuvchi sog‘inch tuyg‘usi egalladi. Ishoq shaxt qo‘llarini ko‘kka cho‘zdi, u yerda bulutlar
qurgan minora va istehkomlar tarqalib yo‘q bo‘la boshlagan edi. Bulutlar ortidan ko‘zni
qamashtiruvchi g‘oyatda charog‘on bir shu’la balqib chiqdi — Ishoqning nazarida, hozir osmonda son-
sanoqsiz shamlar yonib turganday edi...
— O, samo! O, musaffo osmon! — deya sho‘x na’ra tortdi Ishoq.
U go‘yo navqiron va saodatli hayotni quchmoqchi bo‘lganday qo‘llarini keng yoydi, so‘ng
g‘izillagancha Trimurti tomon yugurib ketdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |