www.ziyouz.com kutubxonasi
41
pardasini yulib tashlamoqchiman. Eshit gapimni, yaxshilab eshit: sening Jamilang hech qachon
ma’buda bo‘lmagan. Ey, “Nizom” kemasining ikkinchi mexanigi mister Moti Ram Mo‘ltoniy, bilib
qo‘ying, har kecha boshqa erkak bilan to‘shakda yotadigan ayol qanchali pokiza va bequsur bo‘lsa,
sizning Jamilangiz ham shunday pokiza va iffatli qizdir!
Mo‘ltoniy yerda turgan suv to‘la grafinni olib, Ishoqqa otdi. Ishoq chap berib qoldi, grafin devorga
urilib chil-chil sindi. Mo‘ltoniy stulni olib otmoqchi bo‘ldi, lekin Ishoq vaqtida uning qo‘lidan mahkam
ushlab qoldi. Mo‘ltoniy jazavasi tutib, xuddi telba odamdek mushtlasha boshladi; uni hech tinchitib
bo‘lmadi, shunda Ishoq uning pastki jag‘ini mo‘ljallab bir zarba bergan edi, u gandiraklab ketib,
divanga “gurs” quladi. U divanda dag‘-dag‘ qaltirab yotarkan, yuzini kaftlari bilan qoplagancha
ho‘ngrab yig‘lardi. Mo‘ltoniy og‘ir ruhiy tushkunlikka uchragan o‘kinchli odamday, kekirdagiga
qurbonlik pichog‘i tiralganini his etib, yashashdan umidini uzgan nochor jonivordek, boshiga butun
osmon ag‘darilib tushib, uni grafin siniqlaridek mayda-mayda bo‘laklarga ajratib sochib yuborganday,
o‘ksib-o‘ksib yig‘lardi.
Ishoq Mo‘ltoniyni yupatmadi; u bilardi: Mo‘ltoniy to‘yib-to‘yib yig‘lab olishi kerak edi. U cho‘qqayib
o‘tirib, grafin siniqlarini dastro‘moliga yig‘a boshladi. Keyin vannaxonaga o‘tib, yuz-qo‘lini yuvdi-da,
mehmonxonaga qaytib chiqib, divanga o‘tirdi va sigareta cheka boshladi. Mo‘ltoniy yuz-tuban yotar,
lekin endi ho‘ngrashi eshitilmasdi. Ishoq uning yoniga o‘tirib yelkasini silay boshladi. Mo‘ltoniy
yonboshlab yotdi. Ishoq uning boshiga yostiq qo‘ydi. Mo‘ltoniy yig‘idan to‘xtagan bo‘lsa ham, ko‘zlari
hali g‘ilt-g‘ilt yosh edi.
— Kecha kechqurun, — dedi u, — Bebi menga turmushga chiqishni xohlamasligini aytdi.
Ikkovlari uzoq jim qolishdi.
— Nima uchun? — so‘radi nihoyat Ishoq.
— “Sen musulmon emassan, puling kam, undan keyin, chiroyli hammassan. Qanaqasiga yaxshi
ko‘ray seni?” — dedi u.
— Ie, nahotki... — deb Ishoq bir zumga tutilib qoldi, keyin gapini davom ettirdi: — Nahotki odamni
faqat musulmon yo hind, yo yana boshqa biron toifa vakili bo‘lgani uchungina sevish lozim bo‘lsa?
Nahotki faqat mashinasi bo‘lganlarni, puldor boylarni yo husndor va yag‘rindor yigitlarnigina sevishsa?
— “Yo‘q, muhabbat emas bu! — deb o‘ylardi Ishoq. — O’sha serhasham uy ham, o‘sha neylon sari
ham, o‘sha igna poshnali tufli ham muhabbat emas. Na iloj, bordir balki shunaqa muhabbat ham —
oyoqqa loyiq tufli tanlashni ifodalovchi muhabbat...”
Mo‘ltoniy jim edi. Uning jag‘i shisha boshladi, yorilgan labidan qon sizardi. Ishoq qonni ro‘molchasi
bilan artdi, keyin shoshmasdan va hech nima demasdan aptechka qutisini kovlashtirib, plastir topdi-
da, uni Mo‘ltoniyning labiga yopishtirib qo‘ydi.
Nihoyat, Mo‘ltoniy o‘rnidan turib o‘tirdi.
— Men boray, — dedi u.
— Qayoqqa?
Mo‘ltoniy indamadi. Uning ko‘zlarini iztirobli dardi qamrab olgan edi; mana, nihoyat, o‘sha dard
g‘oyib bo‘ldi va Mo‘ltoniy asta-asta gapira boshladi:
— Endi bilaman nima qilishim kerakligini. “Nizom”dan bo‘shab, boshqa bironta chet el kemasiga
yollanaman. Yaqinda meni bitta Janubiy Amerika kemasiga bosh mexanik lavozimiga taklif qilishgan
edi. Maosh — bir ming olti yuz ekan. O’sha kemaga ishga o‘taman, shundan keyin Bombayga o‘lsam
ham qaytib kelmayman — yelkamning chuquri ko‘rsin! Lekin Bebiga boyagi-boyagiday, pul yuborib
turaveraman — har oyda bir ming ikki yuzdan.
— Shuncha bo‘lgan gaplarga qaramay-a?
— Hech qanday gapga qaramay! — deb zo‘rg‘a javob qildi Moti Ram Mo‘ltoniy.
Ishoq hayron bo‘lib, unga tikilib qoldi.
— Ha, sening bu yerda menga aytgan gaplaringga qaramay, Bebining menga degan gaplariga ham
qaramay, har xil odamlar tarqatgan mish-mishlarga ham qaramay va nihoyat, olti yildan beri
ko‘nglimdan kechayotgan jiddiy fikr-mulohazalarga ham qaramay!.. Zero mening yuragimdan joy
Musaffo osmon (qissa). Krishan Chandar
Do'stlaringiz bilan baham: |