www.ziyouz.com kutubxonasi
29
qamalmasa, men, politsiya inspektori muovini, nimaning hisobiga kun kechiraman? Bunaqada
martabamning oshishi ham amrimahol! O’zing bir o‘ylab ko‘r, og‘ayni, qaramog‘imda bir emas, ikki
emas, to‘qqizta bolam bo‘lsa ham, rahbarlarning kelib-kelib aynan meni Khandalaga ishga
tayinlashganiga o‘lasanmi! Jujuqlarimni boqaman deb ne ko‘ylarga tushayotganimni yolg‘iz o‘zim
bilaman. Rahbarlar bo‘lsa doim: politsiya inspektori tashabbus ko‘rsatishi, faol bo‘lishi lozim,
deyishadi. Ayt, qanaqasiga tashabbus ko‘rsatay, faol bo‘lay? Odamlar tepsa-tebranmas bo‘lib
qolishgan, hech kim qonunni buzishni o‘ylamaydi. Bunaqada qaerdan olaman jinoyatchini — yerdan
kavlab olamanmi? E, nimasini aytay, og‘ayni! Agar shu kamchiliklar barham topganida-ku, chidasa
bo‘lardi-ya!.. Uchastka juda yaxshi yerga joylashgan, derazadan temir yo‘l bilan uning bekati ko‘rinib
turadi, anavi derazadan bo‘lsa, sening “Atirgul oteli”ngni ko‘rish mumkin. Butun tumanda ham yo‘q
bunaqa zo‘r uchastka, hatto Lonavalada ham topilmaydi bunaqasi! Aytganday, o‘zing ham
ko‘rgandirsan Lonavala qamoqxonasini?
— Umrimda birinchi marta qamoqqa tushishim! — dedi Ishoq jilmayib.
— Xafa bo‘lma, — dedi Samant xayrixohlik bildirib va hatto qo‘li bilan Ishoqning yelkasiga qoqib
ham qo‘ydi. — Ko‘nikib qolasan hali. To‘g‘ri, oldiniga biroz qiynalasan. Ayt-chi, bu yerda, Khandalada
pul to‘lab seni garovga olib chiqib ketadigan tanish-bilishlaring bormi?
— Be, qayoqda, — dedi Ishoq bo‘shashib, — hech kimni tanimayman bu yerda.
— Yaxshi! Juda soz! — Samant xursand edi, — Bombayda-chi?
— Bombayda ham hech kimim yo‘q! — deb yubordi Ishoq ko‘ngli o‘ksib.
— O, qanday yaxshi! — Samant sevinib ketdi. — Demak, hali bir necha kungacha mehmonimiz
bo‘larkansan. Juda yaxshi, og‘ayni! Qancha vaqtdan beri bu yerda bir o‘zim so‘ppayib o‘tiribman,
bunaqada meni po‘panak bosib ketishi ham hech gapmas. Ha, aytganday, bu yerda kechasi chivinlar
juda bezor qiladi odamni, senga qalinroq ko‘rpa berib yuboraman. Burkanib olsang, tinchgina
uxlayverasan, hech qanaqa chivin chaqa olmaydi.
Samant o‘rnidan turib eshik tomon yurdi.
— Abdul Majid, hoy, Abdul Majid! Janob mahbusga yana choy olib kel! — deb qichqirdi u
mirshabga va qamoqxonadan chiqib ketdi; oradan bir daqiqa vaqt o‘tar-o‘tmas Abdul Majid bir finjon
achchiq choy olib keldi.
Ishoq choy icharkan, kamerani ko‘zdan kechira boshladi. Bu yerda o‘zidan boshqa yana bitta
mahbus bo‘lib, uning ko‘rinishi juda g‘alati edi. Samant hasratidan chang chiqib, dilini yozgan
chog‘idayoq Ishoq bu odamga tikilib qaray boshlagandi. Biroq u yangi kelgan mahbus — Ishoqqa
qayrilib ham qaramadi. Ishoq ham u bilan politsiya inspektori muovini huzurida gaplashishga yo hech
bo‘lmasa, bu odamning kimligini Samantdan so‘rashga jur’at etmadi.
Mana, Samant bilan mirshab kameradan chiqib ketishdi, shunda Ishoq bu notanish odam tomonga
o‘girildi.
U dastavval bu odamning bitta qulog‘i yo‘qligini ko‘rdi; quloq o‘rnidagi chandiqning dumi uning bir
yanog‘ini tilib o‘tgandi. Undan keyin, bu mahbusning bitta qo‘li tirsagidan kesib tashlangan bo‘lib, shu
qo‘l suyagidan chiqib turgan ilgak barmoqlar vazifasini o‘tardi. Yana bu odamning chap oyog‘i ham
yo‘q edi, shunga ko‘ra, u sog‘ qo‘li bilan qo‘ltiqtayoqqa tayanardi. Bu kemtikliklarning bari uni
g‘ayrimutashakkil qiyofada va notavon majruh qilib ko‘rsatardi. Va lekin bu nogiron odamning o‘tday
chaqnab turgan yirik-yirik, tiyrak qora ko‘zlari kishini hayratga solardi. Bu notanish odam
jilmayganida, chiroyli oppoq tishlari bug‘doyrang yuzida xuddi marvarid shodasidek yaraqlardi. Faqat
shu tabassumining o‘zi kishining ixlosini uyg‘otardi — axir aytadilar-ku, odamning qandayligini uning
tabassumidan bilib olish mumkin, deb. Ishoq bu ajoyib insonga g‘oyatda ajib nazokat bilan, xuddi
sehrlanganday tikilib qoldi.
— Biz bu yerda ikkovlon ekanmiz, — deb nihoyat gapira boshladi Ishoq. — Keling, tanishaylik.
Mening ismim Ishoq.
— Meniki — Anant Mardikor.
Ular bir-birlariga qo‘l uzatishdi — Mardikorning temir ilgagi Ishoqning barmoqlari bilan uchrashdi.
Musaffo osmon (qissa). Krishan Chandar
Do'stlaringiz bilan baham: |