kutubxonachi.uz
– Xalq xizmatida.
YouTube
|
Telegram
|
Telegram Bot
41
«Men ularni gumdon qilarman deb hatto xayolimga ham keltirmagan edim,— deb o‘yladi chol.—
Avvallari, rost, bu qo‘limdan kelardi. Darhaqiqat, men ularning har ikkovini ham o‘lasi qilib mayib
qildim, o‘ldimi endi, shunda ham o‘zini hech balo urmaganday tutsa. Agarda to‘qmoqni ikki qo‘llab
ushlay olganimda edi, unda men birinchisini turgan gap — o‘ldirardim: hatto hozir ham, shu yoshimga
qaramay, o‘ldirgan bo‘lardim».
Cholning baliq betiga aylanib qaragisi kelmasdi. Chunki uning yarmi talon-taroj bo‘lganligini bilardi.
U akulalar bilan olisharkan, quyosh ham botib, gov- gum kirgan edi.
— Hademay qosh qorayadi,— dedi u.— O’shanda men, ehtimol, Gavana chiroqlarining yolqinini
ko‘rarman.
Mabodo sharqqa qarab haddan tashqari og‘ib ketgan bo‘lsam, unda men yangi kurortlardan birining
chiroqlarini ko‘raman.
«Men sohildan juda ham yiroqda bo‘lmasam kerak,— deb o‘yladi chol.— Fahmimcha, u yoqda
bekordan-bekorga qayg‘urishmayotgan bo‘lsa kerak. Darvoqe, qay-g‘urganda ham faqat bola
qayg‘urishi mumkin. Ammo, axir xuddi uning o‘zi menga juda ishonadi-ku! Kattaroq baliqchilar-ku,
hoynahoy, xavotir olishayotgandir. Nimasini aytasan, yoshlar ham shunday deyaver,— deb o‘ylardi u.—
Axir men yaxshi odamlar orasida yashayman».
Endi u baliq bilan boshqa o‘rtoqlasholmasdi. Baliq boshdan-oyoq tig‘iparron qilingan edi. Lekin
birdan uning xayolida yangi bir fikr tug‘ildi.
— Hoy, yarimta baliq!— chaqirdi u.— Nomigagina qolgan baliq! Dengizda mana shunchalik
yiroqlab ketganimga achinaman. Men har ikkimizni ham xonavayron qildim. Ammo biz sen bilan birga
ko‘p akulalarni borsa kelmasga gumdon qildik va yapa qanchasining belini sindirdik. U, qara baliq,
hoynahoy, sen o‘zing ham umring bino bo‘lib, ularning qanchadan-qanchasini dengiz qa’riga jo
qilganiykinsan? Axir, boshingdagi tigning turishi bejiz emas-ku.
Chol baliq haqida va agar u dengizda erkin suzib yursa, akula boshiga ne kunlarni solgan bo‘lishi
haqida o‘ylashdan orom olar edi.
«Men akulalar bilan olishish uchun uning tig‘ini chopib olishim kerak edi-ya, asli», deb o‘yladi u.
Ammo, uning boshdanoq boltasi yo‘q edi, endi bo‘lsa, hatto pichoqdan ham ayrilib qolgandi.
«Lekiniga uning tig‘i menda bo‘lganda, ol, deb eshkak dastasiga bog‘lab qo‘yardimu — qurolmisan
qurol bo‘lardi-de, o‘ziyam! Ana o‘shanda, biz u bilan chinakamiga yonma-yon turib olishgan bo‘lardik!
To‘xta-chi, agar anavilar mabodo kechasi kelib qolishsa, unda nima qilasan?» — Olishaman,— dedi u,—
o‘lgunimcha olishaman.
Ammo qorong‘ida na chiroq va na shu’la ko‘rinardi, yelkan va uni to‘ldirgan shamoldan o‘zga hech
narsa yo‘q edi, shunda to‘sindan cholga o‘zi o‘lib qolganday bo‘lib tuyuldi. U panjalarini panjalariga
qo‘yib ko‘rdi-yu, o‘z kaftini sezdi. Kaftlari jonsiz emasdi, ularni chaqachum qilib, chol og‘riq va issiq
jonini uyg‘otishi mumkin edi. U quyruqqa suyanib ko‘rib, tirik ekanligini bildi. Tiriklikdan unga xabar
bergan narsa — yelkalari edi.
«Men agar baliqni ushlasam, o‘qiyman deb ahd qilganim — o‘sha hamma duolarni o‘qib qo‘yishim
kerak,— deb o‘yladi u.— Biroq hozir o‘lgiday charchaganman. Yaxshisi, qopni olay-da, yelkamga
yopinib ola qolay».
U quyruqda yotgancha, qayiqni boshqarib borar va osmonda Gavana chiroqlarining yolqini qachon
ko‘rinarkin deb kutardi. «Menda uning yarmigina qoldi,— deb o‘ylardi u.— Balkim, omadim kelib, uyga
juda bo‘lmaganda, uning bosh qismini olib borarman. Ishim hech o‘ngidan kelishi kerakmi, yo‘qmi
o‘zi!.. Yo‘q,— dedi u o‘zicha.— Sen dengizga shunchalik uzoq kirib borishing bilan o‘z omading, o‘z
baxtingni poymol qilding».
Ernest Xeminguey. Chol va dengiz (qissa)
Do'stlaringiz bilan baham: |