kutubxonachi.uz
– Xalq xizmatida.
YouTube
|
Telegram
|
Telegram Bot
32
chilvir tortardi. Bir muddat baliq yonboshiga ag‘darilib qoldi. Keyin u o‘zini rostlab oldi va yangidan
aylanishga o‘tdi.
— Men uni o‘rnidan jildirdim,— dedi chol.— Nima bo‘lganda ham men uni ag‘darilishga majbur
qildim.
Uning yana boshi aylanib ketdi, shunga qaramasdan chilvirni o‘lib-tirilib tortishdan to‘xtamadi.
«Axir, bo‘lsa-bo‘lmasa, uni yoniga to‘ntarib qo‘yish qo‘limdan keladiku,— deb o‘yladi u.— Ajab emas,
uni bu safar chalqanchasiga ag‘darib olsam. Tort xooo, tort!— O’z qo‘llariga buyurdi u.— Qani, ha-ha,
oyoqlar, bardam-bardam! Kalla, bo‘la qol, anqayma! Ish ko‘rsat! Axir, sen hech qachon meni yerga
qaratmagansan-ku. Bu safar men uni charxpalak qilib tashlayman!»
Hali baliq qayiqqa yaqin kelib ulgurmasdanoq, u bor kuchini yig‘ib, o‘lar-tirilariga qaramay torta
boshladi. Biroq baliq yonboshiga ag‘darildi, xolos. Keyin yana o‘zini o‘nglab oldi-yu, olislab ketdi.
— Menga qaragin, baliq!— dedi chol unga.— Sen baribir o‘lasan.— Shunday bo‘lgach, meni ham
o‘zingga qo‘shmozor qilishdan bir ma’no bormi?
«Bunaqada ikki qo‘limni burnimga tiqib qolaverishim ham hech gap emas»,— ko‘nglidan o‘tkazdi
u. Og‘zi shunday ham qaqrab ketgan ediki, hatto labini labiga qovushtirishga majoli yetmas, suv solingan
shishani cho‘zilib olish uchun esa madori yo‘q edi. «Bu gal men endi uni qayiqqa sudrab keltirmasam
bo‘lmaydi,— deb o‘yladi u.— Kuning bitib qolganga o‘xshaydi, chol». «Yo‘q,— deb cho‘rt kesdi u
o‘zini,— bitib qolgani yo‘q. Umring hali yuz yillarga yetadi, chol».
Keyingi aylanish paytida chol sal bo‘lmasa baliqni qo‘lga kiritay dedi-yu, biroq u yana o‘zini rostlab
olib, ohista uzoqlab ketdi.
«Meni xarob qilyapsan, baliq,— o‘ylardi chol.— Bu, albatta, sening ishing. Umrim bino bo‘lib hali
biron martaba senchalik ulkan, senchalik suluv, osuda va olijanob maxluqni ko‘rmaganman. Mayli,
istasang meni o‘ldir. Kim-kimni halok qiladi — endi menga baribir».
«Yana miyang ayniyapti, qariya! O’zing bilasan-ku, boshing ravshan bo‘lishi shart. Esingni yig‘ib
ol. Uqubatni insonlarcha... yo bo‘lmasa, xuddi mana bu baliqchalik yengib o‘tishga harakat qil»,— deb
xayolan qo‘shib qo‘ydi u.
So‘ng o‘z-o‘ziga:
— Qani, bo‘l-chi, kallani ishlat,— dedi. Ovozi shunday ojiz chiqdiki, uni hatto o‘zi bazo‘r eshitdi.—
Ishlat, deyapman senga.
Yana ikki aylanish davomida ham hech narsa o‘zgarmadi.
«Nima qilsam bo‘larkin?—o‘ylab o‘yiga yetolmasdi chol. Har gal baliq olislay boshlashi bilan unga
go‘yo o‘zi hushdan ketayotganday bo‘lib tuyulardi.— Nima qi-lish kerak? Yana bir unnab ko‘raman».
U yana bir urinib ko‘rib, hushdan ajralayotganini sezdi. Ammo shunday bo‘lsa ham baliqni
chalqancha ag‘darishga muvaffaq bo‘ldi. Keyin baliq qaytadan o‘zini rostlab oldi va bahaybat dumini
havoda bilanglata-bilanglata yiroqlab ketdi.
Qo‘llari jonsizday bo‘lib qolgani va ko‘z oldi xiralashib, tuman bosganiga qaramay chol: «Yana bir
urinib ko‘raman»,— deb ahd qildi.
Shunday qildi ham, biroq baliq yana chap berib ketdi. «E, hali shundaymi?—deb o‘yladi u. Uyladiyu,
o‘zini muzlab ketayotgandek his qildi.— Men yana bir urinib ko‘raman».
U o‘zining butun azob-uqubati, qolgan-qutgan kuch-quvvati va allaqachonlardan buyon yo‘qolib
ketgan g‘urur, oriyatini bir yerga to‘pladiyu, ularni baliq chekayotgan abgorliklar bilan yakkama-yakka
olishuvga tashladi. Shunda baliq yonboshiga ag‘darilib tushdi va shu ko‘yicha ohista, qayiq qoplamasiga
qilich tumshug‘i bilan tegay-tegay deb suzib o‘ta boshladi; uzun degandan uzun, enli degandan enli,
kumushdayin tovlangan, binafsha rang tasmalardan kamar bog‘lagan, boshi ho‘ atta, keti ho‘ batta bo‘lib
tuyulgan bu baliq sal bo‘lmasa qayiq yonidan qilpillab o‘tib ketay dedi.
Ernest Xeminguey. Chol va dengiz (qissa)
Do'stlaringiz bilan baham: |