www.ziyouz.com kutubxonasi
71
Humoyun ham yaqin bir kishisi tirilib kelganday quvonib gapirdi:
— Siz sabab bo‘ldingiz-u, haqiqatni bildik, Hamida bonu!
Hamida xatni sinchiklab o‘qiy boshladi:
«Unutilmas og‘am mirzo Humoyun!
O‘zingiz og‘ir kulfatlarni boshdan kechirib yurgan kunlaringizda meni yod etib maxsus
odam yuborganingiz majruh dilimga malham bo‘ldi. Sizning maktubingizni ham, Hamida
bonuning javobini ham yig‘lab o‘qidim. Toj-u taxt qanday balo ekanki, hammamizga
shuncha baxtsizliklar keltirdi. minba’d men shohlik dargohlariga qadam bosmaslikka ahd
qildim...»
Nizom Afzalbek degan mushrifga ish buyurganini, davlatni boshqarishda tajribasi yo‘q
odamni saroydagi mal’unlar qanday aldab qo‘lga tushirganlarini, kechasi o‘rmonda uni
ayovsiz pichoqlab, urib, o‘ldirgandan battar qilganlarini yozgan edi. Yo‘qolgan mollarini
qidirib chiqqan bir dehqon ziyrak itlari yordamida qorong‘ida Nizomni behush yotgan
joyidan topib oladi. Baquvvat yigit bo‘lgan Nizom hali jon bermagan ekan. Rahmdil
dehqon uning yaralarini bog‘laydi, o‘g‘li yordamida uyiga olib borib, qo‘lidan kelganicha
muolaja qiladi. Qishloq tabibi unga yordam beradi. Nizom goh hud, goh behud bo‘lib
uzoq yotadi. Sal o‘ziga kelib tilga kirganda, «meni yashiringlar, hech kimga aytmanglar»
deydi. O‘sha g‘alamislar bilib qolsa yana kelishlaridan qo‘rqadi. Nizom otini ham
yashiradi, ismini so‘raganlarga «Salim» deydi. Hozir turib yuradigan bo‘lgan Nizom shu
kunlarda ota-onasi bilan Ajmirda ekan, o‘tirgan joyida savat to‘qib tirikchilik tebratar
ekan. La’l Chand uni tabib akasi Bayju yordamida zo‘rg‘a topibdi.
Humoyun filbon bilan yuborgan ming tanga oltin Nizomning og‘ir kuniga juda asqatadi.
Dushmanlari o‘shanda uni nag‘alli poshnalari bilan tepib umurtqasiga zarar yetkazgan
ekan. U haligacha hassaga suyanib yurar, Humoyundan kelgan pulning bir qismini ota-
onasiga berib, qolganiga muolajani davom qildirmoqchi edi.
«O‘shanda shohlik g‘ururiga berilib qilgan xatolarimdan hali ham pushaymonmen, — deb
davom etgan edi Nizom o‘z maktubini. — Hamida bonuga yozgan xatim juda pok va
samimiy edi. Faqat nopok odamlar shu tufayli bonuning diliga ozor yetkazgan bo‘lsalar,
men uzr so‘rayman. Yoshlik sho‘xliklarim uchun shunchalik qattiq jazolandim. Hamida
bonu o‘z javoblarida menga «og‘a» deb murojaat qilibdirlar. Men ham Hamida bonuni
qiyomatlik singlim deb bilurmen. Ikkovlaringizga chin dilimdan baxt tilaymen.
Duoyi salom bilan qiyomatlik iningiz Nizom».
Hamida bonu xatni o‘qib bo‘lganda qarama-qarshi tuyg‘ular girdobida qoldi. Avval
Nizomning tirik qolganidan quvongan bo‘lsa, sal o‘tgach, uning o‘rmonda qanday
pichoqlangan va toptalganini ko‘z oldiga keltirib dahshatga tushdi. Aralash-quralash
tuyg‘ular girdobini tig‘day yorib o‘tgan tuyg‘u — Nizomni shu ko‘yga solgan
dushmanlarga qarshi intiqom istagi bo‘ldi-yu, Hamida bonu yoshli ko‘zlarini Humoyunga
tikib, o‘pkasi to‘lib so‘radi:
— Hazratim, bu Afzalbek degan mushrif jazosini olmagaymi?
— Afzalbekni izlab topolmadik. Hozir Kobulda inimiz Komron uni o‘z qanoti ostiga olib
yurgan emish.
— Said Xalil-chi?
— La’l Chandning aytishicha, Agrada uni Shershoh zindondan bo‘shatib, yana katta diniy
lavozim beribdir. Bu dunyoda makkor-u uddaburonlarning oshig‘i doim olchi, Hamida
bonu!
— Ilohim qilgan yomonliklari xudodan qaytsin! Ammo Nizomni... tutingan og‘am deb
edim... Bu maktubini o‘qib uning ulug‘ qalbi oldida sajda qilgim keldi.
Hamida bonu Nizomning arzongina qog‘ozga yozilgan maktubini ochiq tutgan holda
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |