www.ziyouz.com kutubxonasi
69
savolni qiz fahmladi. «Nachora, boshqa iloj yo‘q!» demoqchi bo‘lib, qiz javob qarash
qildi. Humoyun qizning so‘z bilan aytolmagan javobini qat’iyatli nigohidan payqadi. U
Hamidaning xohishiga qarshi borolmay og‘ir tin oldi-da, yana filbonga yuzlandi.
— Siz Nizomni bilar edingiz. Bedarak ketgani bizni haligacha iztirobga solmoqda.
— O‘zi ham ajoyib yigit edi, — deb achinib esladi La’l Chand.
— So‘nggi oylarda ehtimol bir xabari chiqqandir,— davom etdi Humoyun. — Sekri
tomonda ota-onalari tursa kerak. Avval ularni toping. Agar ular orqali Nizomni
topsangiz, mana shu ikkita maktubni ilkiga bering-u bizga javobini olib keling.
La’l Chand maktublarni ta’zim bilan ikki qo‘llab oldi:
— Bularni shunday maxfiy tutingki, siz-u nizomdan boshqa biror odamning ilki ham
tegmasin, nazari ham tushmasin!
Yoshi qirq beshlarga borib, uzun soqol qo‘ygan, lablari va iyagi atrofidagi soqol-
mo‘ylabining bir qismi oqargan La’l Chand ko‘pni ko‘rgan tajribali odam edi. Uzoq yo‘lda
unga pul kerak bo‘lishini biladigan Humoyun xazinachini chaqirib ikki hamyon oltin
berdirdi.
— Biri o‘zingizga, — dedi, — savdogar qiyofasida borsangiz pulsiz ish bitirolmagaysiz.
Ikkinchi hamyonni esa Nizomga bergaysiz. Xazinada uning ko‘p oltinlari qolgan. Kerak
bo‘lsa yana olishi mumkin.
— Mabodo, Nizomni topolmasam-chi? — deb so‘radi La’l Chand.
— U holda maktublarni qaytib olib kelgaysiz, toki surg‘uchlari buzilmagan bo‘lsin! —
qat’iy qilib dedi Humoyun.
— Jonimni garovga qo‘yib bo‘lsa ham buyrug‘ingizni bajargaymen! — dedi La’l Chand
va orqasi bilan yurib chiqib ketdi. Shundan so‘ng Hamida bonu Humoyunga minnatdor
ko‘zlari bilan tikildi-da:
— Olijanob ish qildingiz, hazratim! — dedi. — Endi menga ijozat bering. Dildor begim
kutib qoldilar.
Humoyun uni boqqa kuzatib chiqdi.
— Agradan xabar kelguncha... xayr! — dedi qiz.
— Hamida bonu, Nizomga oid gap oramizda qolgani durust.
Hamida bonuga bu taklif ma’qul tushdi. Uylariga qaytayotganlarida, Dildor og‘acha uning
nima qarorga kelganlarini so‘radi. Hamida bonu Humoyundan bir oyga muhlat
so‘raganini, hazrat shunga ko‘nganini aytdi. Boshqa gaplarni qiz hatto onasidan ham sir
tutdi.
* * *
Ikkovlari orasidagi bu sir Hamidaning diliga tushgan uchqun bo‘ldi-yu, ilgari sokin turgan
tuyg‘ularini alanga oldira boshladi. Humoyun bog‘da o‘zini qanday tutgani, shiyponda
nimalar degani, ko‘shkka kirganda aytgan gaplari — hammasi Hamidaning xotirasiga
minglab suratlardek naqshlanib qolgan edi. Endi qayerga bormasin, nima ish qilmasin,
ana shu suratlarning goh unisi, goh bunisi ko‘z oldidan beixtiyor o‘tib turadi. Yigitning
ehtirosli ovoz bilan, «dunyoda hech bir qizni men bunchalik intizor bo‘lib kutmagan
edim», degan so‘zlari qulog‘iga qayta-qayta eshitiladi. Har eshitilganda qizning dilini
yayratib, o‘zidan iftixor qiladigan darajadagi mamnuniyat bag‘ishlaydi, Hamida o‘zini eng
toleyi baland bir qizdek sezadi. Lekin xatarli safarga ketgan filbon La’l Chand esiga
tushganda va Humoyunning Bhakkardagi ishlari kun sayin chigallashib borayotganini
eshitganda, «nechun Nizomning maktubini o‘rtaga soldim-u shuncha tashvish
orttirdim?» deb o‘zidan norozi bo‘lardi. Ko‘ngli muncha nozik bo‘lmasa nima qilarkin?
Rost, Nizom unutib bo‘lmaydigan yigit edi, Hamida hozir ham uning xotirasini behurmat
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |